Ozodlikka kelgan shikoyatlardan biriga ko‘ra¸ "o‘z uyini fohishaxonaga aylantirganlikda" gumonlangan ayol va uning jazmani¸ shuningdek, ayni xonadonda yana bir juft erkak-ayol yalang‘och holda videoga olingan va militsiya zobiti olgan bu video ommaga tarqatilgan.
Bu voqeani sharhlagan toshkentlik huquqshunos fikricha, videoni Internetda tarqatgan shaxs O‘zbekiston qo‘l qo‘ygan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlangan tamoyilni buzgan.
O‘zbekistondagi hokimiyat tizimlaridan tortib keng jamoatchilik vakillarini junbushga solgan Kattaqo‘rg‘on IIBsida gumonlanuvchi ayolning qip-yalang‘och qilib yechintirilib¸ uni videoga olib-tarqatilishi voqeasining Ozodlikda yoritilishi ortidan militsiya xodimlarining turli tezkor amaliyotlar davomida inson sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi noqonuniy ishlar qilayotganiga oid yangi shikoyatlar kelmoqdaki, Andijonda bo‘lgan voqea ana o‘shanday shikoyatlardan biridir.
Voqea sodir bo‘lgan xonadon egalari militsiya zobitini o‘z insoniy sha’nini toptashda aylamoqda va O‘zbekiston huquq tizimlaridan bu harakat yuzasidan tegishli chora qo‘llashni so‘ramoqda.
Militsiya birovning xonadonidagilarni, hatto u xonadon islovatxona bo‘lsa ham, videoga olib¸ uni internetda tarqatishga haqlimi?
Bu savolning kun tartibiga qo‘yilishiga andijonlik oilaning Ozodlikka qilgan murojaati va unga ilova qilingan videotasvir sabab bo‘ldi.
Videotasvirda o‘zi ko‘rinmaydigan va o‘zini tanishtirmagan erkak kishi qorong‘i xonaga kirib¸ to‘shakda yalang‘och yotgan erkak va ayolni so‘roq qiladi va bu jarayonni (aftidan o‘zi) videoga oladi.
Videoga olayotgan shaxs kamera qaratilgan erkak kishidan kimligi va qaerdan kelganini qo‘pol tarzda surishtiradi¸ uning yelkasi va qorniga bir-ikki zarba ham beradi.
Shundan so‘ng u o‘z sherigiga boshqa xona eshigini ochishni buyurib¸ o‘zi ikkinchi xonadagi manzarani videotasvirga oladi. Bu yerda ham ayni savol-javob bo‘ladi – erkakdan kimligi¸ qaerdan kelganligi so‘raladi. 1:55 daqiqalik videoda uni suratga olgan shaxs va unga hamrohlik qilganlar ko‘rinmaydi.
Videoyozuvda aks etgan voqea¸ uning tafsilotlaridan yaxshi xabardor shaxslarning guvohlik berishicha¸ Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanidagi xususiy hovlilardan birida sodir bo‘lgan.
Eri bir necha yildan beri Rossiyada ishlab yurgan 31 yashar ayol (uning shaxsi Ozodlikka ma’lum¸ ammo e’lon qilinmayotir – tahr.) ¸ 8 yashar o‘g‘li bilan yashayotgan erining ota hovlisini "islovotxonaga aylantirganlikda" gumonlanadi va 27 aprelga o‘tar kechasi bu hovliga uchastka noziri yonida yana bir necha shaxs bilan bostirib kiradi.
Bostirib kirib¸ ikki alohida xonada "maishat qilayotgan" ikki juftlikni to‘shakda ushlab¸ buni videoga oladi. Ko‘p o‘tmay bu video internet¸ xususan¸ Telegram tarmog‘ida tarqab ketadi.
“Biz mehnat muhojiratida yurgandik¸ bizga shu videoni 30 aprel kuni Internetdan yuborishdi. Biz katta oilamiz¸ bu video butun oilamiz sha’nini yerga urdi¸ hammamizni el oldida sharmanda qildi. Xo‘p¸ kelin shunaqa yo‘lga kiripti¸ qonun bo‘yicha jazosini bersin. Ukamiz ajrab¸ har kim o‘z hayotini davom ettirar edi. Lekin bu videoni tarqatish bilan bizning oilamizga¸ ukam va uning 8 yashar o‘g‘liga nihoyatda kuchli psixologik zarba berildi. Va bu ishni davlat organida ishlovchi shaxs qildi”¸ deydi voqea sodir bo‘lgan oila vakillaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.
Oilaning iddaosicha¸ 26 aprel tungi reydni amalga oshirgan shaxs¸ Andijon viloyat, Oltinko‘l tuman IIB uchastka noziri Nodir Mamatqulovdir. Voqea sodir bo‘lgan xonadon egalari¸ IIB xodimini o‘z oilasi sha’nini qasddan bulg‘ash maqsadida videotasvirni Internetda tarqatganlikda ayblamoqda.
“Biz Mamatqulovning bu hatti-harakatining noqonuniy ekani va bizning sha’nimizga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazilgani ustidan shikoyat qilib¸ prokuratura va portalga murojaat qildik. Ammo bizga hech kim quloq solmadi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan xonadon vakillaridan yana biri.
Ozodlik oltinko‘llik oila va ular shikoyatiga sabab bo‘lgan videotasvir bilan bog‘liq boshqa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida 13 iyul kuni bevosita Nodir Mamatqulovning o‘zi bilan bog‘landi.
Qisqa telefon suhbati davomida shikoyatga sabab bo‘layotgan voqea ro‘y bergani¸ unda o‘zi qatnashganini bilvosita tasdiqlagan militsiya zobiti¸ bu videoning qanday¸ kim tomonidan¸ nima maqsadda Internetga chiqarilgani haqidagi Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.
- Oltinko‘l tuman Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga kelsangiz¸ sudga materialni olib chiqdim. Fohishalikka¸ 190- modda qo‘yilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida. Qarordan bir nusxa olsangiz¸ javob kelib chiqadi¸ - dedi uchastka noziri Ozodlik bilan 13 iyul kungi suhbatda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Oltinko‘l tuman IIB zobiti Nodir Mamatqulov bilan 13 iyul kungi suhbat
Aftidan¸ videotasvir sud materiallariga ilova qilingan. Lekin uning kim tomonidan¸ nima maqsadda Internetda tarqatilgani haqida savolga Nodir Mamatqulovdan na 13 iyul kuni va 16 iyul kuni javob olishning imkoni bo‘lmadi – militsiya xodimi telefon qo‘ng‘iroqlariga boshqa javob bermadi.
Hozircha Ozodlik ixtiyorida Oltinko‘l tumanidagi xususiy xonadonda o‘tkazilgan maxsus reyd va reyd davomida videotasvirga tushirilgan manzaraning aynan Nodir Mamatqulov tomonidan tarqatilganini tasdiqlovchi dalil yo‘q. Ammo xonadon egalari¸ videotasvirning aynan Mamatqulov telefoniga yozilgani va uning jamoatchilikka tarqashi uchun ham aynan militsiya zobiti mas’ul ekanini iddao qilmoqda.
Bu voqeada qonun buzilishlari bormi?
Ozodlik 27 aprelga o‘tar kechasi Oltinko‘ldagi xususiy xonadonda o‘tkazilgan reyd va uning videotasviriga huquqiy baho berishni so‘rab Toshkentdagi advokatlardan biriga murojaat qildi.
Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan huquqshunos¸ agar mahalladagi xonadonlardan birining fohishaxonaga aylantirilgani bo‘yicha ma’lumot yetarli bo‘lsa va buni tasdiqlashga xizmat qiluvchi voqea qayd etilsa¸ uchastka nozirining kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv harakatlari,xususan xonadonda reyd o‘tkazishga haqli ekanini aytadi.
“Ammo bu reydning¸ hatto ichki foydalanish uchun ham videotasvirga olinishi¸ nozik huquqiy masala. Bu yerda shaxsning sha’ni va qadr-qimmati degan narsa bor. Qotillik va boshqa og‘ir jinoyatlarda gumonlanilganda militsiyaning o‘z ekspertiza bo‘limi ruxsati bilan tergov ichki foydalanishi uchun reyd videotasvirga olinishi mumkin. Oltinko‘ldagi reyd¸ bunaqa kategoriyaga kirmaydi va shuning uchun uchastka nozirida bunday ruxsatnoma borligiga shubham bor. Reyd davomida¸ videomaterialning o‘zi ko‘rsatib turganidek¸ Jinoyat-protsessual kodeksi qo‘pol buzilgan”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan toshkentlik advokat.
“Birinchisi¸ tegishli ruxsatnomasiz¸ shaxsiy telefonga yozib olinayapti. Inson shaxsi tahqirlanayapti¸ ularga haqoratli muomala qilinayapti¸ mijoz deyilgan shaxsni kaltaklayapti ham. Agar bu xonadonda fohishalik qilinayotgan bo‘lsa¸ gumonlanuvchilar militsiya bo‘limiga olib borilib¸ tegishli so‘roq ilinib¸ advokat huzurida protokol qilinishi kerak edi. Bu yerda esa¸ ulardan qo‘rquv ostida iqrorlik olinayapti. Balki bu ayol va erkak¸ hech qanday haq to‘lamay¸ jinsiy aloq bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgandir. Ikkalasi ham voyaga yetgan¸ ularning jinsiy erkinlik¸ ya’ni boshqa voyaga yetgan shaxs bilan uning roziligi bilan seks qilishga haqqi bor. Bunday holatda O‘zbekiston qo‘l qo‘ygan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlangan tamoyili buzilayati”¸ deb davom etadi bu huquqshunos.
Deklaratsiyada bunday me’yor mavjud:
"12-MODDA
Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega", deyilgan Deklaratsiyada.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Oltinko‘l tuman Ma’muriy ishlar bo‘yicha mahkamasi 13 iyul kuni o‘z uyini "fohishaxonaga aylantirganlikda" ayblangan ayol ustidan hukm chiqargan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (Fohishalik bilan shug‘ullanish) bo‘yicha ayblangan ayol eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima to‘lashga hukm etilgan.
“Bu hukmdan¸ videotasvirga tushgan erkaklar xonadonga pul evaziga jinsiy aloqa qilish uchun kelgani haqida ko‘rsatma bergan. Bu hukmdan qat’inazar¸ reydni o‘tkazgan militsiya zobiti hatti-harakatlari qonun doirasida tekshirilishi va prokuratura organlari unga huquqiy baho berishi lozim”¸ deydi advokat.
Mutaxassis fikricha¸ oltinko‘llik oilada o‘tkazilgan reyd aks etgan videotasvirning internetda tarkalishi militsiya zobitiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)¸ 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha tergov amaliyotlari boshlashga asos bo‘ladi.
“Bu videodagi voqea ham Kattaqo‘rg‘ondagi voqea bilan bir xil kategoriyadagi voqea aslida. O‘zbekistonda militsiya xodimlarining shaxs sha’ni va erkinliklarini ochiqcha toptashi nihoyatda avj olgan. Bizga shikoyat qiladiganlarning har uchtadan bittasi¸ aynan shunday jinoyat qurboni – ammo bu muammoga hozirgacha ko‘z yumib kelinmoqda. Kattaqo‘rg‘ondagi rezonansli voqeadan keyin¸ IIV va prokuratura bu surunkali muammo yechimi ustida ish boshlashi kerak”¸ deydi toshkentlik advokat.