Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining xabar berishicha, bortida xorijlik alpinistlarni olib ketayotgan MI-8 vertolyotining qulashi oqibatida 3 alpinist va 2 ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, vertolyot 12 avgust kuni Tojikiston sharqidagi Laxsh (Jirg‘atol) tumani hududida halokatga uchragan.
Tojikiston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi general Rustam Nazarzodaning 13 avgust kuni Ozodlikka xabar berishicha, halok bo‘lgan alpinistlar Rossiya fuqarolari, ekipaj a’zolari esa, tojikistonlikdir.
Vertolyotdagi jarohatlangan boshqa yo‘lovchilar Laxsh tumanidagi shifoxonaga olib kelingan.
Tojikiston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi Umeda Yusupovanning xabar berishicha, baxtsiz hodisa yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da, Ismoil Somoniy cho‘qqisini zabt etgan alpinistlar Fortambek quyi muzliklaridagi bazaviy lagerga olib ketilayotganda ro‘y bergan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kuchli shamol va ko‘rishning qiyinligi bortida xorijlik alpinistlarni olib ketayotgan MI-8 vertolyotining halokatiga olib kelgan.
Ismoil Somoniy cho‘qqisi Tojikistondagi eng azim cho‘qqi hisoblanadi – uning balandligi - 7495 metr.
Rossiyaning Dushanbe shahridagi elchixonasining xabar berishicha, 15 alpinist ichida 13 nafari Rossiya fuqarolari bo‘lgan.
Shuningdek, vertolyotda bir nafardan Belarus va Ispaniyalik alpinist ham bo‘lganligi aytilmoqda.
Ayni damda, Tojikiston sayyohlik qo‘mitasi mas’ul xodimi Abdukarim Qurbonovning Ozodlikka aytishicha, bugungi kunda 150 ga yaqin xorijlik alpinistlar Ismoil Somoniy cho‘qqisini zabt etish maqsadida Tojikistonga kelgan.
Joriy yil Tojikistonda turizm yil e’lon qilingan ekan, oxirgi ikki hafta ichida xorijlik sayyohlar ikkinchi marta halokatga uchradi.
29 iyul kuni Tojikiston janubidagi Dang‘ara tumanida mahalliy vaqt bilan 15.30 velosipedda sayohatga chiqqan hollandiyalik Voke Ren Villem, shveysariyalik Xamel Markus va ikki nafar amerikalik - Austin Chey va Lauren Anne Munotz halok bo‘lgan edi.
Uch sayyoh voqea joyida, yana biri esa, Dang‘ara shifoxonasida vafot etdi.
Jarohat olgan yana uch nafar sayyohga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Tojikiston ichki ishlar vazirligi faoliyati taqiqlangan "Islom uyg‘onish partiyasi"ni (IUP) Tojikiston janubidagi Dang‘ara tumanida velosiped bilan sayohat qilayotgan xorij fuqarolariga uyushtirilgan hujumda aybladi.
30 iyul kuni kechqurun "Islom davlati" ekstremist guruhi Tojikistondagi hujum uchun mas’uliyatni guruhi o‘z zimmasiga olgandi.