Feysbuk vakillari xabar qilishicha, kompaniya Eron bilan Rossiyaga tegishli 652 ta akkaunt va veb-sahifani yopib qo‘ydi. Bunga ularning noyabr oyida AQSh Kongressiga bo‘lib o‘tadigan saylovdan oldin noto‘g‘ri siyosiy axborot tarqatgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
21 avgust kuni kompaniya Feysbuk va Instagram singari ijtimoiy tarmoqlaridan akkauntlarni o‘chirib tashlaganini ma’lum qildi, chunki ular o‘quvchilarni chalg‘ituvchi siyosiy materiallarni tarqatishda“muvofiqlashtirilgan va g‘arazli xatti-harakatlar”ni sodir etgan.
Reyter axborot agentligi xabarida Tvitter kompaniyasi ham 21 avgust kuni Eronning Saudiya Arabistoni, Isroilga qarshi va Falastinni yoqlovchi mavzularda targ‘ibot bilan shug‘ullangan 300 ga yaqin akkauntini yopgani aytildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu ijtimoiy tarmoqdagi “muvofiqlashtirilgan nayranglar” o‘tgan yili boshlangan.
Feysbuk ma’muriyati milliardlab odamlar foydalanadigan ushbu tarmoqni o‘tgan yildan boshlab qattiq nazorat ostiga oldi. O‘shanda kompaniya Rossiya agentlari ushbu ijtimoiy tarmoq orqali har xil chalg‘ituvchi xabarlar tarqatganini va shu yo‘l bilan AQShning 2016 yilgi prezident saylovi natijasiga ta’sir ko‘rsatishga uringanini tan olgan edi.
Ijtimoiy tarmoq AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlarini, AQSh Moliya vazirligi va Davlat departamentini ushbu qo‘llagan choralaridan xabardor qildi.
‒ Odamlar Feysbukda ko‘zi tushayotgan narsalarga ishonishi uchun biz bunday xatti-harakatlarni taqiqlaymiz, chunki haqqoniylik muhim ahamiyatga ega, ‒ dedi bosh direktor Mark Tsukerberg jurnalistlarga videokonferentsiya chog‘ida. Yana kompaniya akkauntlar ortida turgan kishilar “qilayotgan ishlarning ko‘pchiligidan bexabar” ekanini ham aytdi.
Eron bilan Rossiya Feysbuk ko‘rgan choralarga zudlik bilan javob qaytarmadi.
Kompaniyaning so‘nggi choralari 4 ta tergov bilan bog‘liq, ularning uchtasi Eron, bittasi Rossiyaga daxldor.
Birinchi ish "Liberty Front Press" tashkiloti bilan bog‘liq, u Feysbuk bilan Instagramda bir qancha akkauntlar ochgan va 150 mingdan oshiq boshqa akkauntlar uning materiallarini ko‘chirib bosgan. Ushbu tashkilot Eronning davlatga qarashli OAV bilan bahamjihat ish ko‘radi, deyiladi Feysbuk tarqatgan xabarda.
Dastlabki akkauntlar 2013 yilda ochilgan va ularda Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlarga oid siyosiy ma’lumotlar chop etilgan.
Ikkinchi tashkilotning ko‘plab akkauntlari va 15 mingdan oshiq izdoshi bor. U ham Liberty Front Press tashkilotiga aloqador bo‘lib, zararli ta’minot dasturlarini tarqatish uchun odamlarning akkauntlarini buzib kirishga uringan. Biroq Feysbuk ushbu urinishlarga barham bergan.
Erondan tashqarida faoliyat yuritgan uchinchi tashkilotning 813 ming izdoshi bor edi, u ham Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlarga oid siyosiy ma’lumotlar tarqatgan.
Eronga aloqador tashkilotlar reklama uchun 12 ming dollar sarflagan va 28 ta turli tadbir o‘tkazgan.
Suriya va Ukraina bilan bog‘liq masalalarga oid siyosatga ta’sir ko‘rsatishga uringan to‘rtinchi tashkilot, AQSh hukumati ta’biri bilan aytganda, Rossiya harbiy razvedkasiga tegishli manbalarga taalluqlidir.