Karimov qarshi bo‘lgan Rog‘un GESi ochilishida O‘zbekiston vaziri ishtirok etadi

Rog‘un GESining oltita gidroagregatidan birinchisi ishga tushishiga to‘rt kun qoldi. Birinchi agregatning tantanali ravishda ekspluatatsiyaga topshirilishi 16 noyabr kuni prezident Emomali Rahmon ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Marosimda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroev ishtirok etadi. ASIA-Plus agentligining Tojikiston hukumatidagi manbasi so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, Shavkat Hamroev Rog‘un GESi qurilish maydoniga Tojikiston hukumati taklifiga binoan kelmoqda.

Tadbirga Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Turkmaniston, Afg‘oniston va Pokiston, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy mamlakatlarining diplomatik vakolatxonalari vakillari taklif qilingan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham taklif qilingan.

Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga O‘zbekistonning avvalgi rahbariyati qarshi chiqqan edi: o‘shanda Toshkent zilzila yuz bergudek bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligidan tashvish bildirgan. Biroq Dushanbe mamlakatida Rog‘un singari GESlar mavjudligini, ular bir necha o‘n yildan beri seysmik barqaror ekanligini namoyon etib kelayotganini aytib kelgan. O‘zbekistonning hozirgi rahbariyati Vaxsh daryosiga yangi GES qurilishiga qarshi chiqmayapti.

Rog‘un GESi birinchi agregatining ishga tushirilishini mahalliy va xorijiy jurnalistlar yoritib boradi. O‘tgan haftada TR prezidentining ijtimoiy taraqqiyot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdujabbor Rahmonzoda tadbirga 30ga yaqin yetakchi xorijiy OAV vakili kelishini ma’lum qildi.

2016 yil 29 oktabr kuni Vaxsh daryosi o‘zani to‘silib, shu tariqa Rog‘un GESi to‘g‘oni qurish ishlari boshlab yuborilgan edi. Prezident Emomali Rahmon daryoni to‘sish ishlarida shaxsan qatnashgan edi. U buldozerni boshqardi va bir tonna tuproq va tosh tashladi, birinchi bo‘lib sohilning u tomoniga o‘tdi.

Salini Impregilo (Italiya) muhandislik-qurilish kompanisi bayonot berib 2018 yilda Rog‘un GESining birinchi ikkita agregati foydalanishga tushirilishini ma’lum qilgan edi. Tojikiston hukumati 2016 yil yozida Italiyanning mazkur kompaniyasi bilan Rog‘un GESi qurilishini yakunlash borasida kelishuvga erishgan edi. Tojikiston rasmiylarining bayonotiga qaraganda, shartnoma qiymati 3,9 milliard dollarni tashkil qiladi. Birgina suv omborining to‘g‘onini qurish uchun 1 milliard 950 million dollar kerak bo‘ladi.