Manbalar Bojxonaga ishga o‘tgan 30 ga yaqin prokuratura xodimi ishdan olinganini aytmoqda

O‘zbekiston DBQ ramzi

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining (DBQ) bir necha xodimi Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda ma’lum qilishicha, roppa-rosa bir yil muqaddam prokuratura tizimidan bojxona qo‘mitasiga o‘tgan o‘nlab amaldor bir hafta muqaddam vazifalaridan chetlatilgan, ularning ba’zilari ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

DBQ xodimlariga ko‘ra, vazifalaridan chetlatilgan bojxona xodimlaridan ba’zilari korrupsiyaga bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

DBQdagi so‘nggi o‘zgarishlar O‘zbekistondagi boshqa bir qudratli tizim – Davlat xavfsizlik xizmatiga (DXX) o‘tgan o‘nlab sobiq prokuratura xodimlarining vazifalaridan bo‘shatilgani va hibsga olingani ortidan kuzatilmoqda.

Tozalashlar

Ozodlikka Telegram messenjeri orqali bog‘langan DBQ xodimining aytishicha, 13 fevral kuni DBQ raisi Murodjon Azimovning "shaxsan o‘zi" yig‘ilish o‘tkazib, prokuratura tizimidan bojxonaga o‘tgan 30ga yaqin xodimni vazifalaridan bo‘shatgan.

"Ularni Murodjon Azimov prokuraturadan o‘zi bilan olib kelgandi. Hammasi bir kechada ketdi. Shaxsan o‘zi yig‘ilish o‘tkazib, ishdan oldi",- deb yozdi DBQ xodimi.

Bu xabarni tasdiqlagan DBQning boshqa bir xodimi qo‘mitaning ba’zi rahbar xodimlari ustidan jinoyat ishlari ochilganini ma’lum qildi.

"Bugungi kunda prokuraturadan o‘tgan barcha xodimlar Kadrlar ixtiyoriga olindi. Toshkent shahar va Toshkent viloyati DBQning Kontrabandaga qarshi kurash boshqarmasi rahbarlari ustidan, shuningdek DBQning sobiq raisi o‘rinbosarlaridan biri ustidan jinoyat ishi ochildi",- dedi DBQ xodimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hibsga olingan mulozimlar import kontrabandasiga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

"Ushbu shaxslar import tovarlarini O‘zbekiston hududiga bojxona rasmiylashtiruvlarisiz kirib kelishiga imkon yaratishgan",- dedi u.

DBQ yuqori lavozimli mulozimlaridan biri bo‘lgan yana bir suhbatdosh esa, bojxona tizimida oxirgi bir yil ichida ikkinchi marta "tozalashlar" kuzatilayotganini bildirdi.

"O‘tgan yildan buyon bojxona qo‘mitasida tozalashlar ikkinchi marta bo‘lyapti. O‘tgan yil xuddi shu paytda general Muidjon Tohiriy bojxona raisligidan olib tashlangandi. Dekabrda uni qamoqqa olishdi. Endi bo‘lsa, Murodjon Azimov o‘zi bilan olib kelgan odamlar ishdan olinyapti", - dedi DBQ yuqori mulozimlaridan biri.

55 yashar general-mayor Muidjon Tohiriy 2018 yil 13 fevralida O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisligidan bo‘shatilgan va dekabrda "korrupsion jinoyatlar"da ayblanib hibsga olingan edi.

Uning o‘rniga O‘zbekiston Bosh prokurorining birinchi muovini bo‘lgan Murodjon Azimov DBQ bojxona rahbari etib tayinlandi.

Ozodlik DBQdagi so‘nggi o‘zgarishlar borasida DBQ matbuot xizmatidan izoh ololmadi.

"Tanish-bilishchilik"

Ozodlik suhbatlashgan DBQ xodimi bojxonaga prokuratura xodimlarining o‘tgani ortidan "tanish-bilishchilik va korrupsiya" kuchayganiga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganini iddao qildi.

"Prokuratura va uning qoshidagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentidan DBQning eng yaxshi boshqarmalariga jami 30 dan ortiq xodim kelgan. Ular oylik ish haqlari o‘z ish joylarida saqlangan holda kelgan. Prokuraturadagi xizmat guvohnomalari ham qolgan o‘zlarida. Prokuraturadan kelganlar hamma joylarni pullashdi. Ayniqsa, tanish-bilishchilik yanada avj oldi. Prokuraturadan kimning tanishi bo‘lsa, o‘shalar eng "yog‘li" joylarda ishlab yuribdi",- dedi DBQ xodimi.

Bu holatni tasdiqlagan Ozodlikning DBQning boshqa bir xodimi bojxona xodimlari oylik maoshi 2018 yil, 1 dekabrdan oshirilgan esa-da, poraxo‘rlik ko‘lami kamaymaganini aytadi.

"Oddiy bojxona inspektori 3 million 800 ming so‘m (taxminan 450 AQSh dollari) maosh oladi. Tovarlarni rasmiylashtiruvchi post boshlig‘i bo‘lish uchun xodimlar DBQ rahbariyatiga 20 ming dollargacha bemalol bera oladi, kichikroq hududlarda bu lavozim narxi - 4-5 ming dollar atrofida hozirgi kunda. O‘zi va yaqinlari nomiga oshxona va restoran ochgan, salonlar qurgan xodimlar hoziram ishlab yuribdi qo‘mitada. Buni hamma biladi, lekin "qandini ursin" deyishdan nariga o‘tolmaydi",- dedi DBQ xodimi