Viloyat hokimi "beo‘xshov soqol" qo‘ygan va ro‘mol o‘raganga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi

Farg‘ona hokimining viloyatda soqol va hijobga qarshi kurash buyicha keskin topshiriq bergani qayd etilgan audioyozuv Ozodlikka kelib tushdi.

38 minutlik audioni tahririyatga yo‘llagan manbalar uning shu kunlarda G‘aniyev tomonidan o‘tkazilgan selektor davomida yozib olinganini iddao qildi.

Majlis davomida ovozi Shuhrat G‘aniyevnikiga o‘xshash mulozim qo‘l ostidagilarni "ahmoq" deb so‘kib, buyruq va topshiriqlar berayotganini eshitish mumkin.

Hokim Shuhrat G‘aniyev o‘zining majlislarida qo‘pol chiqishlari bilan avval ham tanilgan, prezident Mirziyoyev tomonidan ogohlantirilgandi.

Tahririyatga kelib tushgan audioyozuvda majlisni olib borayotgan mulozim Farg‘ona viloyatidagi qator tumanlardan yig‘ilgan mas’ullardan hisob so‘raydi.

(Hozircha bu majlisning qachon va qaerda bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Hokimlik bu boradagi savollarni ochiq qoldirdi)

Majlis mazmunidan asosiy e’tibor diniy targ‘ibot ishlari va umumiy o‘rta ta’limga qaratilganini tushunish mumkin.

Audioyozuvning ilk soniyalaridanoq mulozim jamoat joylarida "beo‘xshov soqol qo‘yib yurgan"lar masalasiga to‘xtaladi.

"... shularning 386 nafari soqol qo‘ygan, nomardlar.Tahlillar bo‘yicha bunaqa holatlar Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Buvayda, Farg‘ona tumanlarida beo‘xshov soqol qo‘yish hollari keng avj olgan. Bundan tashqari, xotin-qizlar orasida kiyinish - ro‘mol, hijob madaniyatiga rioya etmayotgan jami 851 nafar xotin-qiz aniqlanib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilib, 300 tasining tashqi qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘zgartirishga erishildi", deydi Farg‘ona viloyati hokimi ekaniga ishonilgan ovoz egasi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Вилоят ҳокими "беўхшов соқол" қўйган ва рўмол ўраганга қатъий чора кўришни буюрди

Mulozim, taqiqlangan diniy tashkilotlar targ‘iboti bilan shug‘ullangan 39 shaxs javobgarlikka tortilganini ma’lum qiladi.

Ayni paytda, turli davlat idoralarida namozxona ochish uchun qonunda jazo belgilanganini eslatadi.

Shahar va tumanlar bo‘yicha hisobotlardan parchalarni o‘qirkan, mulozim mas’ullarga yuzlanib, savol tashlaydi.

Vaqti-vaqti bilan qizishib, ularni "ahmoq" deb tahqirlaydi, sensirab yuboradi.

"Shuning uchun hurmatli hokimlar, eshitib olinglar: birortang agar majlis qilsang, men borsam, o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam - mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, savdogarmi u, jamoatchimi u, deputatmi u – o‘sha ro‘molini olib, og‘zingga tiqib qo‘yaman!" deb baqiradi mulozim.

Majlis davomida mulozim: "Ayollar bunaqa kiyimlarni qaerdan olayapti?!" deb so‘raydi.

Unga javoban qo‘l ostidagi xodimning (ayol kishi - tahr.) "bozorlardan" degan javobi eshitiladi.

Buning ortidan mulozim navbatdagi topshiriqni yuklaydi:

"Qaysi magazin, qaysi bozorchi? Bekordan-bekorga bo‘lmayotgandir, kimdir olib kelib sotayotgandir bu kiyimlarni? Arabning kiyimi ham bizga to‘g‘ri kelmaydi, turkniki ham to‘g‘ri kelmadi, Suriyaniki ham to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekistonning o‘zini libosi bor. Ular bizdan o‘rgangan kiyinish madaniyatini, lekin ularniki keyin buzilib ketgan. Nimaga indamay o‘tiribsiz mahalla raisi?!" deydi mulozim

Shuningdek, mulozim o‘z xodimlarini aholini ijtimoiy tarmoqlarning xavfli oqibatlaridan ogohlantirishga safarbar qiladi.

"Oldin Feysbukka kiradi. Feysbukdan keyin "Tablig‘i jamoat" deganiga o‘tadi. Tablig‘i jamoat degani ... (ovoz tushunarsiz) .. jamoa bo‘lib yashash, deydi. Erkak erkak bilan yashaydi. Hech qanaqa ularning Islomga, muqaddas dinimizga aloqasi yo‘q", deydi bir o‘rinda mulozim.

Shu tariqa, mulozim Farg‘ona viloyatidagi qator shahar va tumanlar rahbarlari hisobini bir-bir o‘qiydi va orada ularga yangi topshiriqlar beradi.

Bu viloyat rahbari darajasidagi mulozimning soqolli va ro‘mollilarga keskin chora ko‘rishni talab qilganini bilvosita tasdiqlovchi ilk holatdir.

Ozodlik shu kunlarda Namangan viloyati va Toshkent shahrida jamoat joylarida yurgan shaxslardan soqolini olish talab qilinayotgani, ayrim o‘rinlarda, soqolini majburan oldirilgani haqida xabar qilgan.

Bundan tashqari, Qo‘qon shahridagi maktablarda ro‘molli o‘quvchilar va ularning oilalari ro‘yxati tuzilgani ma’lum.

Ammo shu paytgacha, Ozodlik murojaatlariga javoban soqolni ommaviy ravishda oldirish yoki ro‘molni yechtirish kampaniyasi boshlanganini rasmiylar ochiq tan olmayotgangan edi.

Viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev esa majlislarda qo‘pol chiqishlari bilan avval ham tanilgan.

Shu yilning may oyida Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovozi, deb iddao qilinayotgan audioyozuvda ovoz egasi viloyat Majburiy ijro byurosi va Soliq idorasi boshliqlariga ularning “ichagini sug‘urib, boshiga salla qilish”, bilan tahdid qilgandi.

O‘tgan yili yanvar oyidagi audioyozuvda esa mulozim Aqto‘be fojiasida 16 nafar farzandidan ayrilgan Toshloq tumani ahlini "haromilar" va "padaringga la’nat" deya haqoratlagandi.

Ozodlikda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning qo‘l telefoni raqami bor. Ammo, hokim undan izoh olish uchun bog‘langan muxbirning savolini eshitgach, bir necha bor aloqani uzib qo‘ygan. 29 sentabr kungi bog‘lanish urinishlari ham natija bermadi.

Shu yilning 2 avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ham Farg‘ona viloyati hokimini keskin tanqid qilgandi.

Prezident videoselektor yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimini “G‘aniyev degan vallomat”, deb ta’riflab, xiyonatda ayblagandi. Prezident hokimni Rishtondagi noqonuniy buzilishlar uchun keskin tanqid qilgan va u bilan “katta ishlarni amalga oshirish” imkoni yo‘qligini aytgandi.

Ana shu tanqiddan so‘ng Farg‘ona hokimi Rishton tumaniga borib, aholidan kechirim so‘ragan edi.

Ammo, oradan hech qancha o‘tmay - Mustaqillik bayrami arafasida aynan shu hokimni prezident "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirladi.