Pichoq bilan bog‘liq jinoyat ko‘paygani ortidan o‘tkir tig‘li asboblar savdosi nazoratga olindi

Hunarmandlar¸ yangi cheklovlar o‘z bozorini kasod qilishidan xavotirda

Toshkent shahri va viloyatlardagi bozorlarda shu kunlarda tig‘li asboblar savdosi nazoratini kuchaytirishga qaratilgan reydlar o‘tkazilmoqda.

Ichki ishlar xodimlari o‘tkazayotgan reydlarda pichoq, o‘roq, bolta, chopqi, qaychi, ketmon kabi o‘tkair tig‘li asboblarni ochiqda sotayotgan savdogarlardan bunday buyumlar tortib olinmoqda.

Ichki ishlar vazirligining Ozodlik gaplashgan rasmiylari mamlakatda pichoq bilan qilingan hujumlar soni ortishi ortidan tig‘li asboblar savdosi nazorati kuchaytirilganini bildirdi.

Ularga ko‘ra, sotiladigan tig‘li asboblar panjara yoki sinmaydigan shisha bilan o‘ralgan maxsus vitrinalarda saqlanishi kerak.

Bundan tashqari pichoqni sotib olishni istovchi har qanday shaxsdan o‘zining 21 yoshdan katta ekanini tasdiqlovchi hujjatni sotuvchiga ko‘rsatish talab etiladi.

Bunday talablar joriy qilingani haqida Ozodlikka xabar bergan mahalliy savdogarlar bu kabi cheklovlarning o‘z biznesiga xalaqit qilayotganini bildirdi.

Andijon shahrining dehqon bozorida hunarmandlar yasaydigan mashhur Shahrixon pichoqlari bilan savdo qiluvchi Abdulxay ismli savdogar reydlar ortidan do‘koni yopib qo‘yilganini aytadi.

Pichoq, o‘roq, ketmon sotadigan hammani militsiya bo‘limiga olib ketyapti. Ochiqda sotish mumkin emas ekan. Meni do‘konimni ham yopib qo‘ydi.

- Pichoq, o‘roq, ketmon sotadigan hammani militsiya bo‘limiga olib ketyapti. Ochiqda sotish mumkin emas ekan. Meni do‘konimni ham yopib qo‘ydi. Reshyotkani ichiga olasan, keyin ruxsat beramiz, sotishga deyapti. Axir ota-bobolarimiz pichoqni ochiqda sotgan. Bizning asosiy xaridorlarimiz turistlar, ular pichoq olish uchun do‘konning ichiga kirmaydiku. Shahrixon pichoqlari, hunarmandlar yasaydigan boshqa anjomlar bozorning ko‘rki bo‘lganku, do‘konning oldida ko‘rinadigan joyda bo‘lishi kerakku, - deydi Abdulxay.

Samarqandning Payariq tumanida yashovchi qassob Sardor Ro‘ziyev Ozodlik bilan suhbatda yangi cheklovlarning go‘sht sotuvchi qassoblarga ham ta’siri bo‘layotganini aytadi.

Asosiy ish qurolimiz pichoqku! Ota-bobolarimiz bu kabi taqiqlarga hech qachon duch kelishmagan. Reydchilar kerak bo‘lsa¸ go‘sht do‘koningni yopamiz, deyishadi.

- Pichoq uzunroq bo‘lsa olib qo‘yadi. Kasbimiz qassobchilik, bir necha avloddan o‘tib kelgan bizga, tirikchiligimiz qassobxonada o‘tayapti. Asosiy ish qurolimiz pichoqku! Ota-bobolarimiz bu kabi taqiqlarga hech qachon duch kelishmagan. Reydchilar kerak bo‘lsa¸ go‘sht do‘koningni yopamiz, deyishadi. Bular, menimcha sallani ol¸ desa kallani olishayapti, chunki prezidentimiz tadbirkorlar ishiga xalaqit bermanglar deb aytib keladiku, - deydi payariqlik qassob.

Tig‘li buyumlar savdosiga nisbatan cheklov va yangi talablar¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ butun respublika miqyosida bormoqda.

Toshkentning mashhur "Eski Jo‘va" bozorida ham reydlar ortidan savdogarlar pichoqlarni panjara ortiga qamashga majbur bo‘lgan.

"Eski Jo‘va" bozorining xavfsizlik bo‘yicha mutasaddisi shahar ichki ishlar bo‘limidan kelgan reydchilar tig‘li asboblar savdosini kuchli nazoratga olish kerakligini tayinlab ketganini aytadi.

- Hozir qattiq talab qo‘yilayapti. Pichoqlar reshyotkali vitrinalarda saqlanishi kerak¸ degan. Oldingiday ko‘chada turib sotish bo‘lmaydi. Pichoq charxlaydiganlar ham ichkariga olib o‘tilayapti. Qassoblardan ham pichoqni xaridordan uzoqroq joyda qo‘yish talab qilinadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik bog‘langan rasmiylariga ko‘ra¸ mamlakatda pichoq bilan qilingan hujumlar sonining ortishi tig‘li asboblar savdosi ustidan nazoratni kuchaytirishga asos bo‘lgan

Vazirlikning voyaga yetmayganlar bo‘yicha ishlovchi mutaxassisi birgina Toshkent shahrida reydlarning ikki kuni davomida o‘smirlardan o‘ttizdan ortiq pichoq rasmiylashtirib olinganini aytadi.

- So‘nggi paytlarda ko‘rayapsizku, pichoq bilan hujumlar ko‘paydi. Asosan¸ yoshlar orasida bo‘layapti. Toshkentda jami 32 dona pichoq rasmiylashtirib olindi. Hozir pichoq olib yurganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash masalasi ham ko‘rilayapti, - dedi IIV mutaxassisi.

Pichoqfurush va qassoblarning bu cheklovlarning ota-bobolardan qolgan erkaklarning pichoq olib yurish an’anasiga zid ekani haqidagi e’tiroziga javob bergan vazirlik mulozimi:

Hozir yoshlar orasida pichoqbozlik odat bo‘layapti. Chunki pichoqni cho‘ntakka solib chiqdingmi, u ishga tushishi mumkinda. Odam o‘ziga kerak bo‘lmagan narsani ko‘tarib yurmaydiku

- O‘tmishda yigitning hamrohi faqat pichoq emas¸ ot ham bo‘lgan. Bugun o‘zbek erkaklari otda yurmayapmiz¸ demayaptiku! Hozir yoshlar orasida pichoqbozlik odat bo‘layapti. Chunki pichoqni cho‘ntakka solib chiqdingmi, u ishga tushishi mumkinda. Odam o‘ziga kerak bo‘lmagan narsani ko‘tarib yurmaydiku, ko‘tarib yuribdimi, demak ishlatadi. Hozirgi davrda pichoq ko‘tarib yurishga zarurat ham yo‘qku. Bu reydlar nafaqat bozorda, maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida ham o‘tkazilayapti. Asosiy maqsad¸ sovuq qurol hisoblangan pichoq va tig‘li asboblar ustidan nazoratni kuchaytirish, aholi xavfsizligini oshirishdir - dedi IIV mutaxassisi.

O‘zbekistonda keyingi paytlarda yoshlar orasida janjallar pichoqbozlikka aylanib ketib, odam o‘ldirilishi holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Eng shov-shuvli pichoqbozlik Toshkentning Aurum tungi klubida 2018 yilning avgust oyida ro‘y bergan va o‘shanda taniqli erkin kurashchi Jamshid Kenjayev halok bo‘lgandi.

Ozodlik O‘zbekistonning maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ro‘y bergan o‘nlab pichoqbozlik haqida xabar bergan.

O‘quv yurtlarida pichoqbozlik ko‘paygani ortidan 2018 yil sentabrida sinfxonalarga pichoq¸ sirkul yoki boshqa o‘tkir tig‘li anjomlarni olib kirish taqiqlab qo‘yilgan edi.

Pichoqbozlik¸ ayniqsa¸ Farg‘ona vodiysi¸ jumladan Qo‘qonda ko‘paygani bois IIV rahbarlari 2019 yil boshida prezident Mirziyoyevdan qonunchilikka pichoq olib yurganlik uchun jazo kiritishni so‘ragan edi.