Qarzdorlar "kredit ta’tili" boshlanishini kutmoqda; banklar o‘z faoliyati "falaj" bo‘lishidan cho‘chimoqda

O‘zbekiston Markaziy banki.

O‘zbekistondagi aksar tijorat banklari Markaziy bankning koronavirus karantini bois kredit to‘lovlarni to‘lashga qiynalib qolganlarga 2020 yilning 1 oktabrigacha to‘lov ta’tili berish haqidagi tavsiyasini qabul qilishga shoshmayotir.

Ayrim tijoriy banklari qiynalib qolgan mijozlariga yengillik berish uchun kreditning bank olishi kerak bo‘lgan foiz qismini to‘lab turishni taklif etgan.

Ozodlik gaplashgan tijorat banki xodimlari¸ koronavirusgacha ham to‘lovlarni undirish muammoligicha qolgani¸ hozir yoppasiga kredit ta’tili berilsa¸ "banklarning o‘tirib qolishi"ni bildirdi.​

Markaziy bank o‘z tavsiyasini yana takrorladi

26 mart kuni O‘zbekiston Markaziy bank "Koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida qarzdorlarning kredit to‘lovlari bilan bog‘liq risklarni yumshatish" bo‘yicha barcha kredit tashkilotlariga o‘z tavsiyasini e’lon qildi.

Markaziy bank matbuot xizmati e’lon qilgan hujjatda joriy qilingan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdor – jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan, 2020 yil 1 oktabrga qadar kredit to‘lovlarini qaytarishda imtiyozli davr berish va mos ravishda yakuniy to‘lovlar muddatlarini uzaytirish; muddati o‘tgan qarzdorliklarni kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslik tavsiya etildi.

"Bizga bu haqda aytilmadi!"

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fermer Erkin Ro‘ziyev chorvachilik uchun 2018 yilda "Agrobank" tuman bo‘limidan olgan 50 million so‘mlik qarzi to‘lovlarini ikki oyga kechiktirib turishni so‘raganida bank xodimidan rad javobi olganini aytadi.

Bugun Markaziy bankning xabari chiqdiku, men ham qiynalib qolganlardan, to‘lovi muddatini uzaytirib turinglar", desam¸ "bizga hech narsa kelmadi, bu haqda aytilmadi", deydi.

- Katta firmalarning qarzi kechiktirilar ekan. "Bugun Markaziy bankning xabari chiqdiku, men ham qiynalib qolganlardan, to‘lovi muddatini uzaytirib turinglar", desam "bizga hech narsa kelmadi, bu haqda aytilmadi", deydi. Bir haftadan beri karantinda uyda o‘tiribmiz, kreditning oylik to‘lovi 2 million so‘mdan ortiq, shu pulni qayerdan olamiz, hech qayerga chiqmasak, desam "biz hech narsa bilmaymiz", deydi. Hukumatimiz shu masalani bir yoqlik qilib bersa bo‘lar edi, chunki mendaylar son mingta, - deydi samarqandlik fermer.

Navoiy shahridagi "Jahonbegim orzusi" tikuvchilik korxonasi rahbari Dilafro‘z Nunnunova shu yil boshida "Hamkorbank"dan do‘kon sotib olish uchun 235 million so‘mlik kredit olgani, lekin bank karantin davrida kredit to‘lovlarini uzaytirishni rad qilayotganini aytadi.

- Bugun ham telefon qildim bankga, "to‘laysan" deyapti. Do‘konlarim ochiq bo‘lsa to‘layman, lekin yopiq, mahsulotlar sotilmayapti. Mana Markaziy bankni yo‘riqnomasi chiqqanku, yo yolg‘on xabarmi bu desak, "bizga pechat bosilgan hujjat Markaziy bankdan kelmagan, bizda bunaqa gap yo‘q"¸ deydi. Nima qilishni ham bilmay qoldik, - deydi navoiylik tadbirkor.

"Hech bo‘lmasa foizini to‘lab turinglar, qolgani keyin"

O‘zbekistondagi ayrim tijoriy banklar qiynalib qolgan mijozlariga hozircha olgan krediti foizini to‘lab turishni taklif etmoqda

Andijonlik xususiy taksi haydovchi "Fortuna Mikrokredit Biznes" moliyaviy tashkilotidan mashina sotib olish uchun ikki yilga 20 million so‘m kredit olgan.

"Fortuna Mikrokredit Biznes" o‘z mijozlarini tanazzuldan qutqarish uchun kredit foizini to‘lab turishni, qolgan qismini karantindan keyin to‘lashni taklif qilgan.

Mayli¸ qiynalsang faqat foizini to‘lab tur, u yog‘ini keyin hal qilamiz¸ deyishdi. Foizining o‘zi oyiga 700 ming so‘mdan oshadi. Chunki 30 foizlik kredit...

- Kirakashlikdan oyda topganimni to‘lab boraman deb, yillik 30 foiz bo‘lsa ham shu kreditni olgandim. Hozir ishim to‘xtab qolgan. Shunga to‘lov muddatini uzaytrib beringlar desam, bular mayli qiynalsang faqat foizini to‘lab tur, u yog‘ini keyin hal qilamiz deyishdi. Foizining o‘zi oyiga 700 ming so‘mdan oshadi. Chunki 30 foizlik kredit, 20 million so‘mni ikki yilda 32 million qilib qaytarishim kerak, - deydi andijonlik taksi haydovchi.

"Fortuna Mikrokredit Biznes" tashkilotining kredit foizi to‘lovning deyarli yarmini tashkil qiladi.

Ozodlik 26 mart kuni "Agrobank", "Mikrokreditbank", "Xalq banki"ning Toshkent shahri va viloyatlaridagi bir qancha bo‘limlariga bog‘langanida¸ bank xodimlari Markaziy bankdan kredit ta’tili bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma olmaganliklari, mijozlar bilan kredit shartnomalari o‘zgarishsiz qolayotganini aytdi.

"Agrobank"ning ismi oshkor etilishini istamagan mutaxassisi Markaziy bank saytida 26 mart kuni "kredit ta’tili" haqida e’lon qilingan ma’lumot yuzasidan izoh bildirar ekan:

- U yerda tavsiya qilamiz, deb aytilgan. Har bir tijoriy bank o‘z imkoniyatlaridan kelib ish ko‘radi. Biz ham o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, qiyin ahvolda qolganlarga iloji boricha imtiyoz berishga harakat qilyapmiz, - dedi.

Toshkentdagi "Ipotekabank"ning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimiga ko‘ra, kredit ta’tili shundoq ham pulsiz qolgan banklarni falaj qilib qo‘yishi mumkin.

- Qarzdor mijozlar soni koronavirusdan oldin ham ko‘p bo‘lgan. Uyma-uy yurib to‘lovni undirgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Ayniqsa¸ mikrokredit olganlar vaqtida to‘lovni to‘lamaydi. Tijoriy banklar daromadi asosan shu to‘lovlar hisobiga. Hozir koronavirusni pesh qilib, muddatni cho‘zing deyotganlar ko‘paydi. Ular shundoq ham to‘lamagan. Hozir to‘lovga otsrochka berilsa banklar o‘tiradi, ishchilar oyliksiz qoladi.

Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyoti universiteti dotsenti Saparbay Jubayev dunyoning boshqa mamlakatlari qatori o‘zbek tijoriy banklari ham Markaziy bank tashabbusi ortidan kredit ta’tili berishga majbur bo‘lishini aytadi.

- Hamma joyda qarzdorlik baland. Hozir Markaziy bank tashabbus bilan chiqdi, tijorat banklari shunga amal qiladigan bo‘lsa¸ kredit ta’tili berishning bank faoliyatiga unchalik zarari bo‘lmaydi. Uch oyga ta’til beradigan bo‘lsa, baribir 3 oydan keyin kredit yangi grafik bo‘yicha qaytariladi, - dedi Saparbay Jubayev.

O‘zbekiston prezidenti 2020 yil 20 martda imzolagan "Koronavirusning iqtisodiyotga salbiy ta’siri va global inqirozni yumshatish bo‘yicha farmoni"da ham kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish va kechiktirilgan muddatda qarzdorlik uchun jarima qo‘llanilmasligi haqida aytilgan.

Moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ajratilgan kreditlar to‘lovarini ham jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda 2020 yil 1 oktabrga qadar uzaytirish prezident farmonida ta’kidlangan.

Ayni farmonda, 2019 yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddatini 2020 yil 1 avgustga qadar uzaytirish¸ jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lash muddatini ham 2020 yil 15 oktabrga qadar uzaytirish topshirilgan.

Butun dunyo¸ xususan¸ O‘zbekistonda yoyilib borayotgan koronavirus pandemiyasi sizning biznes faoliyatingizga qanday ta’sir qilmoqda? Hozirgi sharoitda O‘zbekiston hukumatidan kichik va o‘rta biznesni bankrotlikdan saqlab qolish uchun qanday yordam kutyapsiz? Bu haqdagi fikringizni Ozodlikning @ozodnews Telegram kanaliga yozib yuboring.