G‘arbning Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalari Moskva va boshqa shaharlarda ishlayotgan migrantlarga salbiy ta’sir qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan sakkiz milliondan ortiq gastarbayter mavjud. Rossiya iqtisodiy inqirozga uchrab, ish o‘rinlari yoppasiga qisqartirilgan taqdirda ular qayerga borishadi?
Tojikistonlik Ahliddin fevral oyi oxirigacha Rossiyada qorovul bo‘lib ishlagan. U Rossiyani tark etishini rubl devalvatsiyaga uchrab, ish haqi kamaygani bilan izohlaydi. Aytishicha, oyligi 70 ming rubl bo‘lgan, ammo fevral oyi oxirida 40 ming rublga kamaytirishgan.
“Rossiyada ishlashdan ma’no qolmadi, Tojikistonga qaytib keldim”, deydi u. Ahliddin, aksar migrantlar kabi, ish haqini rublda olar va dollarga aylantirib, uyiga jo‘natardi.
Hozirda u Qozog‘istonda yashaydigan tanishlari bilan xabarlashib, o‘ziga ish qidirmoqda. Tojikistonga qaytganidan beri Qozog‘istonga jo‘nab ketishga taraddudlanmoqda, martning oxirida Olmaotaga uchadi.
“Ishim hozircha tayin emas. Qozog‘istondagi tanish-bilishlari orqali so‘rab-surishtiryapman. Jo‘nab ketgunimcha ish topsam yaxshi bo‘lardi”, dedi Ahliddin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Rublь keskin qadrsizlandi - migrantlar daromadi tushmoqda
O‘zbekistonlik migrant ayol Mayya Qozog‘istonda oshpazlik bilan shug‘ullanadi. Ilgari Moskvada ishlagan. Koronavirus pandemiyasidan oldin Olmaotada ishga joylashdi.
“Rossiyada ikki yarim yil yashadim. U paytlar ahvol hozirgidan ancha tuzuk edi. Oila bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldim. So‘ngra Qozog‘istonga keldim. Rossiyadan ko‘ra shu yerda ishlash qulayroq menga”, deydi Mayya.
U Rossiyada birga ishlagan tanishlari bilan hanuz xabarlashib turadi.
“Ular bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashamiz – vaziyat hozir ancha og‘irga o‘xshayapti. Ayrim migrantlarni ushlab, deportatsiya qilishayotgan ekan. Ba’zilar o‘z ixtiyori bilan qaytmoqchi, lekin aviaqatnovlar cheklangani sababli qayta olishmayapti. Tanishlarim orasida vataniga qaytib, keyin Qozog‘istonga kelib ishlashni xohlovchilar bor”, deydi u Ozodlikning qozoq xizmati bilan suhbatda.
Migrantlarni qabul qilishdagi ilk tajribalar
Bugungi kunda Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat migrantlarining aksari bu yerga pandemiya endi boshlangan paytda kelishgan. Rossiya va boshqa mamlakatlar karantin talablarini kuchaytirgach, ular noiloj shu yerda qolishdi, ammo cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng ketishga shoshilishmadi.
Qozog‘iston Milliy banki 2020-yilda chet elga pul o‘tkazish ko‘paygani sababini mehnat migrantlari bilan bog‘laydi. Joriy yilda Qozog‘istondan boshqa mamlakatlarga pul o‘tkazmalari hajmi 2019-yilga qiyosan 20 foizga oshgan.
Tojikiston fuqarosi Sayfulla Olmaota shahri yaqinida ishlaydi. U ham pandemiya vaqtida Qozog‘istonga kelib, shu yerda qolganlardan. Moskvada va’da qilingan ish haqini to‘lashmagach, 2020-yilning bahorida Tojikistonga qaytib ketgan ekan. Sayfulla yo‘l xarjiga pul ishlab topishi bilan Olmaotaga kelibdi.
“Rossiyada koshin ishlab chiqaradigan kichik bir korxonada ishladim. Ammo kelishilgan pulni berishmadi. So‘ngra Rossiyadan ketishga to‘g‘ri keldi. U yerda aka-ukalarim qolishgan. Hozircha ular bilan bog‘lana olmayapman”, deydi Sayfulla Ozodlik muxbiriga.
Uning aytishicha, Qozog‘istonda ham “tirikchilik uchun pul topsa bo‘ladi”.
“Migrantlarni ro‘yxatga olish qoidalari soddalashtirildi”
Qozog‘istonda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan mehnat migrantlari “arzon ishchi kuchi” hisoblanadi. Biroq ularni ishga yollaydigan shirkatlar, kichik biznes korxonalari yoki xususiy shaxslar ularni qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazadi deb bo‘lmaydi. Va aynan ishga legal joylashmagani tufayli ko‘plab mehnat migrantlari g‘irromlik va adolatsizlikdan jabrlanishadi.
“Xalqaro huquqiy tashabbus” tashkiloti rahbari Ayna Shormanbayevaga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat bozorini tartibga solish va mehnat migratsiyasi bo‘yicha o‘zaro bitim tuzishi kerak. U Rossiyadagi vaziyat murakkablashgani sababli migrantlar katta ehtimol bilan Qozog‘istonga ko‘chishini taxmin qilmoqda.
“Qozog‘iston iqtisodiyoti ham mushkul davrni boshidan kechirmoqda. Lekin ish topsa bo‘ladi, harqalay. Shu bois Rossiyadagi markaziy osiyolik migrantlar Qozog‘istonga kelishlari mumkin. Mintaqa mamlakatlari aholisining dini bir, tili va madaniyati o‘xshash. Binobarin, ish haqi pastroq bo‘lsa-da, Qozog‘istonda ishlash migrantlar uchun qulayroq deb o‘ylayman. Viza ortiq kerak emas, mehnat migrantlarini ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilgan. Ruxsatnoma olib, qonuniy ishga ishga joylashsa bo‘ladi”, deydi Ayna Shormanbayeva.
Qozog‘iston shimolida ishchi kuchi yetishmaydi
Tagi o‘zbekistonlik iqtisodchi Saparboy Jubayev fikricha, migrantlar Rossiyadan darhol Qozog‘istonga ko‘chib o‘tolmaydi.
“Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan gaplashib turaman. Hammasining fikri har xil. Ayrimlar allaqachon vatanga qaytish harakatiga tushgan. Ammo, nima bo‘lgan taqdirda ham Rossiyada qolishga qaror qilganlar ham bor. Biroq ular bundan keyin uyga kamroq pul jo‘natishi aniq. Shunga qaramay, O‘zbekistonga qaytib, oyiga 100 dollar haq to‘lanadigan ishda umrini zoye ketkazgandan ko‘ra Rossiyada 500-600 dollar topishni afzal ko‘radiganlar ko‘p”, deydi u Ozodlik qozoq xizmatiga o‘z mulohazalarini bildirar ekan.
Saparboy Jubayev Rossiyadagi tanishlarini Qozog‘istonga kelib ishlashga da’vat qilayotganini aytadi.
“Qozog‘istonda, tanga 20-25 foizga qadrsizlangan bo‘lsa-da, ish topsa bo‘ladi. Chunonchi, mamlakat shimolida kommunal soha va qurilishda ishchi kuchi yetishmaydi, ayrim shaharlarda jamoat transporti haydovchilariga katta ehtiyoj mavjud. Gaz ta’minoti va umumiy ovqatlanish sohalarida ham vakant o‘rinlar anchagina”, deydi iqtisodchi.
Omadini chetdan izlayotganlar
Migrantlarning bepul yuristi Valentina Chupik ham Rossiyada ishlab yurgan migrantar boshqa mamlakatlardan ish qidirishayotganini tasdiqlaydi.
“Aksariyati Rossiyadan tashqarida ish izlamoqda. Foiz hisobida aniq aytish qiyin, ammo chet mamlakatda ishlash imkoniyatlarini o‘rganayotan migrantlar ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatni, larning pul o‘tkazmalari hajmini kuzatsangiz, Rossiya mehnat migratsiyasi uchun jozibadorligini yo‘qotayotganiga amin bo‘lasiz”, deydi huquqbon Ozodlik bilan muloqoti chog‘ida.
Valentina Chupikka ko‘ra, migrantlarni eng qiziqtiradigan mamlakatlar – Qozog‘iston, Turkiya va Polsha. “Meksikaga borib, u yerdan Qo‘shma Shtatlarga o‘tib olishni istadiganlar ham yo‘q emas”, deydi u.
Shu bilan birga, yuristning aytishicha, Rossiya propagandasi ta’siriga berilgan ayrim migrantlar butun umr shu yerda qolishni va Rossiya fuqarosi bo‘lishni orzu qilishadi.
2000-yillar boshlarida Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarning mehnat migrantlari uchun asosiy yo‘nalishlardan biri edi. MDH mamlakatlaridan keluvchilar uchun viza talab qilinmaydi. Migrantlar aksar hollarda kelish sababini ko‘rsatishmaydi yoki o‘qish, turizm va shaxsiy sabablarni qayd etishadi. Pandemiyaga qadar Qozog‘istonda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan mehnat migrantlari soni qariyb bir million kishini tashkil qilardi. Mamlakatda mehnat migrantlarining huquqlari buzilishi tez-tez kuzatiladi.
Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kabi mamlakatlarning iqtisodiy faolligi mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalariga bog‘lanib qolgan.