Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:58

Ostonada "nomi ulug‘" universitet ochildi


Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Nazarboyev nomli universitetning bosh korpusi.
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Nazarboyev nomli universitetning bosh korpusi.

Sentyabr oyi oxiridan Ostona shahrida Nazarboyev nomidagi universitet faoliyat boshlaydi. Universitet loyihasi tashabbuskorlari mazkur oliy o‘quv yurtining Qozog‘iston milliy brendiga aylanishini iddao qilayaptilar. Ammo ba‘zi kuzatuvchilar bularning barchasi ma‘lum bir doiradagi manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotganini aytadilar.


Shu yilning 27 sentyabr kuni Nazarboyev nomidagi universitetda 500 ga yaqin talaba o‘qishni boshladi. Bilim dargohining ochilishi bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari universitet mamlakatning milliy brendiga aylanishi, uning timsolida milliy ta‘lim tizimi hamda xalqaro tadqiqot va ta‘lim amaliyoti yutuqlari uyg‘unlashajagini ta‘kidlashmoqda.

Nazarboyev nomidagi universitet rahbariyati dunyodagi qator yetakchi bilim dargohlari, jumladan, London global universiteti, Karnegi Mellon universiteti, Viskonsin, Pittsburg va Pensilьvaniya universitetlari kabi nufuzli ta‘lim maskanlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan.

Qozog‘iston prezidenti nomidagi bilim dargohida AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiyadan tashrif buyurgan o‘qituvchilar dars beradilar. Xorijdagi nufuzli xalqaro universitetlar o‘qituvchilarining 8 sentyabrdan to 19 sentyabrga qadar Ostonaga kelishlari kutilmoqda.

- Nazarboyev nomidagi universitet bu yangi avlod uchun mo‘ljallangan mutlaqo yangicha bilim dargohidir. Uning uchun katta mablag‘ ajratilayapti va hozirda universitetda pullik ta‘lim yo‘q. Bu yil biz ushbu bilim yurtida o‘qish uchun eng yaxshi besh yuz talabani tanlab oldik. Biz boshdanoq butun dunyodagi top-universitetlardan yagona printsip bo‘yicha talab qilinadigan xalqaro toifadagi universitet tuzishni maqsad qildik. Universitet va universitet shaharchasi dunyo standartlariga muvofiq holda qurilmoqda. Buni xorijda talabalar shaharchasi qurish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan tashkilot qurmoqda, - deya ma‘lum qildi Ozodlikka Nazarboyev nomidagi universitet aktsionerlik jamiyatining ta‘lim bo‘yicha prezident muovini Kadisha Dairova.

Ayni paytda Qozog‘istonda Nazarboyev nomidagi universitet ochilishiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan kuzatuvchilar ham yo‘q emas. Ular fikricha, rasmiylar “nomi ulug‘” bunday bilim dargohi ta‘sis etgandan ko‘ra, mamlakatdagi mavjud oliygohlarni rivojlantirish yo‘lida harakat qilsalar, maqsadga muvofiqroq bo‘lar edi.

- Qozog‘istonda o‘z tarixi, yuqori malakali professorlar va yaxshi moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan 141 oliy o‘quv dargohi bo‘lgan bir paytda mamlakatda yangi bir universitet ochishga nima hojat bor? Masalan, Olmaotada 80-yillik tarixga ega bo‘lgan ko‘plab universitetlar bo‘lib, ularning rektorlari bilim dargohida dars berayotgan professor va doktorlarni munosib maosh bilan ta‘minlash haqida bosh qotirmoqdalar. Atigi besh yuz talabani o‘qitish uchun davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratishning nima keragi bor? - deydi talabalarning sifatli ta‘lim olishga bo‘lgan haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyat yurituvchi “Ar-Ruh-Haq” jamoatchilik jamg‘armasi rahbari Baxitjon To‘regojina.

Qozog‘istondagi talabalarni davlat hisobidan xorijiy universitetlarda o‘qitish bo‘yicha “Bo‘lashaq” dasturi bitiruvchisi bo‘lgan Jazira Duysenbekova esa mamlakatda Nazarboyev nomidagi universitetning ochilishini ijobiy baholaydi. Unga ko‘ra, bugungi kunda Qozog‘iston Yevroosiyoda liderlik maqomiga da‘vogarlik qilmoqda, shu bois ham mamlakatning ushbu mintaqada ta‘lim sohasi bo‘yicha ham liderlik qilish iddaosi o‘rinlidir.

- “Nьyusvik” jurnalining so‘nggi ma‘lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston dunyodagi rivojlangan mamlakatlar ro‘yxatida 60-o‘rinni egalladi. Bunda baholashning besh mezonidan biri ta‘lim sohasi bo‘lgan. Yuzta rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar orasida biz o‘n to‘rtinchi o‘rinni egallab turibmiz. Bu katta yutuq, ammo Qozog‘iston bu bilan to‘xtab qolishi kerak emas. Keyingi besh-o‘n yil ichida Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlari xalqaro maqomni qo‘lga kiritishi kerak. Bu haqda prezident murojaati va Qozog‘iston ta‘lim sohasining 2020 yilga qadar rivojlantirish dasturida ham aytilgan. Qozog‘iston oliygohlarining dunyo reytinglarini zabt etishi uchun ilmiy tadqiqotlar va ularda o‘qiydigan xorijlik talabalar soni kamlik qilayapti, - deydi Jazira Duysenbekova.

Sobiq senator, ko‘p yillar davomida Qozog‘iston ta‘lim sohasida ishlab kelgan Zauresh Batalova Ostonada ishga tushishi kutilayotgan universitet qanday atalishidan qat‘iy nazar, unda beriladigan ta‘limga ko‘proq e‘tibor qaratmoq zarurroq ekanini alohida ta‘kidlaydi.

- Umuman olganda, mamlakatda Nazarboyev nomidagi universitet ochish tashabbusining o‘zi menda katta shubha uyg‘otmoqda. Birinchidan, men kadrlar Qozog‘istonning o‘zida tayyorlanishi kerak, deb o‘ylayman. Mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarga yuqori sifatli bilim berishga loyiq bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qurbi yetadi. Men o‘qituvchilarning xorijdan chaqirtirilishiga qarshi emasman, ammo bunga Nazarboyev nomidagi universitet mas‘ullari kabi ko‘p ham berilib ketmaslik kerak. Xorijdagi o‘qituvchilar bir muddatga Qozog‘istonga kelib, vaqti kelib o‘z yurtlariga qaytib ketadilar, - deydi Zauresh Batalova.

Nazarboyev nomidagi universitet 22 000 talabaga mo‘ljallangan bo‘lib¸ unda uch yirik yo‘nalish - muhandislik, tabiiy fanlar va tibbiyot sohasida mutaxassis tayyorlanadi. Mazkur universitet diplomi xalqaro maydonda tan olinishi aytilmoqda. Ammo avvalroq Qozog‘istonda ochilgan xalqaro maqomga ega oliy o‘quv yurtlarining diplomlari nafaqat dunyo miqyosida, balki mamlakat miqyosida ham tan olinmayotgani kuzatiladi.

Masalan, Qozog‘istonda bir necha yildan buyon xalqaro miqyosga ega Qozog‘iston menejment, iqtisodiyot va rejalashtirish universiteti (KIMEP) va Qozoq-britan texnika universitetlari faoliyat yuritib keladilar. Ushbu bilim dargohlari endigina faoliyat boshlagan paytda ularning ta‘lim bo‘yicha Amerika standartlariga javob berishi aytilgandi.

Ammo bugungi kunda Olmaotadagi bu ikki universitet bitiruvchilarining diplomi Qozog‘iston ta‘lim vazirligi talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Ayni paytda talay muammolarga duch kelayotgan KIMEP va Qozoq-britan texnika universitetlarida shu paytgacha ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar ta‘lim olgan va hozir ham bu dargohlarda O‘zbekistondan kelgan bir necha talaba tahsil olayotgani ma‘lum.

O‘zbekistonda xorijda olingan diplomlar nostrifikatsiyasi bilan bog‘liq muammolardan xabardor ayrim o‘zbekistonliklar Qozog‘istondagi xalqaro miqyosdagi universitetlar, xususan, Nazarboyev nomidagi universitet ham o‘zbek talabalari uchun jozib o‘quv darg‘ohi bo‘lishi qiyinligini ta‘kidlamoqdalar.
XS
SM
MD
LG