Ortiqcha chang kirmasin uchun og`zini doka bog`ich bilan to`sgan, boshidan oyog`igacha changga burkangan o`shlik o`zbeklar ertalabdan kechga qadar yonib ketgan uylarni axlatlardan tozalamoqda. Ular kuyib bitgan uylarini tiklab olishga umid qilmoqda.
Xavfsizlik maqsadida Ozodlik bilan ismi sir tutilishi sharti bilan gaplashgan o`shlik yigitlar harbiy kiyimdagi kishilar ularga to`lanayotgan 300 somni tortib olayotganini gapirib berdi.
Texnik Hamkorlik va Rivojlanish Agentligi (ACTED) Qirg‘izistonda 1999 yildan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatning to‘rt viloyatida ofislari va 80 dan ortiq ishchilari bor.
O`sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i birinchi o`rinbosari Marat Orozbayev “Ozodlik” bilan suhbatda qirg`iz harbiylari o`zbeklarning pullari olib qo`yyayotgani haqidagi xabarlarni oddiy mish-mish deya atadi.
- Bu fakt bo`yicha hech kim, hech qanday ariza bilan murojaat qilgani yo`q. Bunday mish-mishlar militsiya xodimlarini qoralash uchun tarqatilmoqda. Bunday xodisalar bizda qayd etilmagan, dedi O`sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Orozbayev.
Biroq Ozodlik bilan gaplashgan o`shlik ayollardan biri qirg`iz harbiylarining o`zbek yigitlaridan pullarini tortib olayotganiga shaxsan guvoh bo`lganini aytadi. O`shlik o`zbeklar suhbatdoshimizning mahallasida ham vayronaga aylangan xovlilarni tozalamoqda.
- Ular soat 8dan 5gacha ishlayapti. Orasida 15 yashari ham bor, 60ga kirgani ham bor erkaklarimizni. Kunligini kunda olishadi. “ACTED”dan 300 som oladi changga bulanib. Keyin soldatlar do`pposlab turib, pulini olib, quvlashayapti. Masalan, mening o`zim guvohi bo`ldim. Ikkita soldat bola bizning uyimizni tozalab chiqqan bolalarni ushlab olgan edi. Men baqir-chaqir qilib olib qoldim. Soldat bolalarga “nima uchun bunday qilding?” desam, “vazifamiz” dedi. Undan keyin ketdi. Nariyoqda xo`jayinlari mashinasini qo`yib qo`yapti skvyerni chekkasiga. Ular [soldatlar] pulni yig`ib kelishayapti. Keyin mana bu yerda lo`lilar temir yuklagan edi “Tiko” ga. Shoferidan pulni olib eltib berayapti, deydi harbiylarning bedodliklariga guvoh bo`lgan ayol.
“ACTED” - “Texnik hamkorlik va rivojlanish agentligi” o`zbek mahallarida insonparvarlik yordamini tarqatib kelayotgan xalqaro tashkilotlardan biridir. “ACTED”ning O`shdagi vakolatxonasi mavzu xususida bergan savollarimiz izohlamadi.