Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:31

Musharraf davlat to‘ntarishi ehtimolidan ogohlantirdi


Pokiston sobiq prezidnti Parvyez Musharraf mamlakat siyosiy sahnasiga qatymoqda.
Pokiston sobiq prezidnti Parvyez Musharraf mamlakat siyosiy sahnasiga qatymoqda.

Pokistonda yana bir harbiy to‘ntarish amalga oshirilishi mumkin. Bu sobiq prezident Parvyez Musharrafning 30 sentabr kungi bayonoti. Yangi siyosiy partiyaga asos solayotgan Musharraf fikricha, Pokiston Qurolli kuchlarining mamlakat siyosiy hayotidagi roli hozirgidan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi lozim.


Pokiston sobiq prezidenti Musharraf mamlakat siyosiy hayotiga qaytishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, Qurolli kuchlarning siyosatdagi o‘rni kattaroq bo‘lishi kerak degan fikrda.

Chorshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan bir izdihomda so‘zlar ekan, Musharraf yadroviy qurol sohibi bo‘lgan Pokistonday bir mamlakatdagi vaziyat chigalligi Qurolli kuchlar muayyan bir mavqega ega bo‘lgan taqdirdagina hal bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirdi.

Pokistonning yoshi 67ga chiqqan sobiq rahbari fikricha, kuchlar balansi saqlanib, muvozanati buzilmaydigan davlat boshqaruviga erishishning bir shakli topilishi kerak.

Uning aytishicha, "tashvishlarni bildirishga imkon bo‘ladigan maydon bo‘luvi zarur".

1947 yili Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishganidan beri o‘tgan 63 yillik muddatning qariyb yarmida Pokiston harbiylar boshqaruvi ostida bo‘ldi, bu mamlakatda Qurolli kuchlarning roli hanuz kattadir.

Musharraf, Londonda qilgan chiqishi chog‘ida, islomchi janggarilarga qarshi munosib kurasha olmayotgan, iqtisodiyotdagi tanazzulni to‘xtata olmayotgan, halokatli suv toshqini oldida ojiz qolgan hukumatga qarshi Qurolli kuchlar harakat qilishi ehtimoli haqida ham gapirib o‘tdi.

Parvyez Musharraf, Pokiston armiyasi shtabi boshlig‘i Ashfaq Parvyez Qayyoniy, prezident Osif Ali Zardoriy va Bosh vazir Yusuf Rizo G‘iloniylarning joriy haftada o‘tgan uchrashuvi to‘g‘risida gapirar ekan, "menimcha, ular ob-havoni muhokama qilishmadiyov", deb kesatdi.

Sobiq prezident fikricha, uchrashuv davomida armiya shtabi boshlig‘iga bosim o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Musharrafga ko‘ra, xuddi shunga o‘xshash bosimlar uni 1999 yili hukumatga qarshi chiqishga majbur qilgan edi.

Pokistonning sobiq rahbari 2007 yili mamlakat Oliy sudi raisini ishdan olishi munosabati bilan boshlangan siyosiy inqirozdan omon chiqa olmadi. Oylar davom etgan noroziliklardan so‘ng 2008 yilda bo‘lgan parlament saylovida uning tarafdorlari mag‘lubiyatga uchradi.

Musharrafning so‘nggi bayonotlari Pokiston davlat tuzilmalari o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu ziddiyatlarni esa, Qurolli kuchlar joriy hukumat o‘rniga muqobil boshqaruv tayinlashga urinmoqda, degan mish-mishlar keltirib chiqardi.

Pokiston hukumati bir tomondan harbiylarning tashqi va xavfsizlik siyosatini nazorat qilishi bilan zaiflashgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan prezident Zardoriyning korrupsionerligi to‘g‘risida avval bildirilgan ayblovlarni sudlov hokimiyati yana kun tartibiga chiqarishi tufayli zaiflashdi.

Pokiston Senati a‘zosi Afrosiyob Xattak Ozodlik muxbiri bilan suhbat chog‘ida ziddiyatlarni hukumatning davlat tuzilmalarini yetarli nazorat qila olmayotgani bilan izohladi.

Amaldan ketganidan buyon Londonda istiqomat qilayotgan Musharraf 2013 yili bo‘ladigan saylovlarda qatnashish uchun yangi partiya tuzajagi to‘g‘risida bayonot berdi.

Ba‘zi tahlilchilar Musharrafning bir paytlar ega bo‘lgan obro‘sini tiklay olishiga shubha bilan qaramoqda, boz ustiga, mamlakatda uning qudratli siyosiy raqiblari ham talaygina.

Musharraf o‘zi tuzayotgan "Pokiston Musulmon ligasi" partiyasining siyosiy platformasini juma kuni Londonda e‘lon qilmoqchi.

Lekin u o‘zini yuridik muammolar kutayotgan mamlakatiga qachon qaytajagi to‘g‘risida bir narsa demadi.
XS
SM
MD
LG