Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:53

Bishkek Kiyevdan Qodirjon Botirovni so‘ramoqda


Bishkek Botirovni janubda milliy nizo boshlaganlikda¸ Botirov esa Bishkekdagilarni o‘zbeklarga qarshi siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda.
Bishkek Botirovni janubda milliy nizo boshlaganlikda¸ Botirov esa Bishkekdagilarni o‘zbeklarga qarshi siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga ko‘ra¸ Ukraina hukumatiga Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi yetakchilaridan biri Qodirjon Botirovni qo‘lga olib¸ uni vataniga ekstraditsiya qilish borasida rasmiy so‘rov yuborilgan. Ammo Ozodlik bilan suhbatda Ukraina Bosh prokuraturasi mutasaddisi bunday so‘rovdan bexabarligini bildirdi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati mas‘uli Kubanish Sabirovning Ozodlik qirg‘iz xizmatiga bildirishicha¸ Bishkek Ukraina Bosh prokuraturasiga Qodirjon Botirovni qo‘lga olib¸ uni Qirg‘izistonga yuborish bo‘yicha rasmiy so‘rov yo‘llagan va endilikda ikkala davlat qabul qilgan Kishinyov konvyensiyasiga mufoviq Kiyev hukumati Botirovni Bishkek ixtiyoriga topshirishi lozim.

- Bu konvyensiyaga muvofiq¸ so‘rov Bosh prokuratura orqali jo‘natiladi va konvyensiya a‘zolari xalqaro qidiruvga berilgan jinoyatchilarni bir-birlariga tutib berishlari kerak. Ana shu konvyensiya asosida biz Ukraina Bosh prokuraturasiga Qodirjon Botirovni Qirg‘iziston hududida sodir etgan qilmishlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida Qirg‘izistonga ushlab berishni so‘rab murojaat qildik. Botirovning hozirda Kiyev shahrida ekanini biz Interpol liniyasi orqali tasdiqladik¸ dedi qirg‘iz xizmatiga Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati vakili 5 oktabr kuni.

Qodirjon Botirov Interpol tarafidan qidirilayotgani yo'q (kattalashtirish uchun suratni bosing).
Qodirjon Botirov¸ Qirg‘iziston muvaqqat hukumati da‘vosicha¸ Qirg‘iziston janubida may-iyun oylarida yuzaga chiqqan milliy asosdagi zo‘ravonliklar tashabbuschilaridan biri. Hozirda qirg‘iz prokuraturasi Botirovga qarshi o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasida milliy nafratni qo‘zg‘ash¸ degan mazmundagi jiddiy ayb qo‘ymoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi vakilining Botirovni qo‘lga olib¸ vataniga ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovning Kiyevga jo‘natilganiga oid bayonotiga qaramay¸ Ukraina Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Yuriy Boychenko Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday so‘rovning hali rasman yetib kelmaganini bildirdi.

- Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasining taniqli yetakchisi Qodirjon Botirovni qo‘lga olish yoxud uni ekstraditsiya qilish haqida bizga hech qanday rasmiy so‘rov kelgani yo‘q. Xuddi shuningdek¸ Qodirjon Botirovning qandaydir jinoyatlarga aloqasi borligini tasdiqlovchi daliliy hujjatlar ham bizning qo‘limizda yo‘q.

Iyun oyida O‘sh va Jalolobodda amalga oshirilgan milliy asosdagi zo‘ravonliklardan so‘ng ilk marotaba 2 oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan Qodirjon Botirov¸ Qirg‘iziston muvaqqat hukumatining o‘ziga qo‘yayotgan ayblarini¸ Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasini yetakchilarsiz qoldirish maqsadida borayotgan ta‘qib jarayonidagi navbatdagi siyosiy buyurtma deya baholadi.

Qodirjon Botirov Jalolobod O‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari¸ Respublika O‘zbek milliy-madaniy markazi vitse-prezidenti¸ Jaloloboddagi Xalqlar do‘stligi univyersiteti asoschisi¸ sobiq deputat.
- Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan voqealarning asosiy sababchilari bugungi hukumat tomonidan iloji boricha himoyalanib, asosan o‘zbeklar ustidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, o‘zbeklar ichidan chiqqan liderlarning hammasini bir chekkadan qamash vazifasi bajarilayapti. Bu - tepadan bo‘layotgan ustanovka, siyosiy buyurtma. Bu – siyosiy ta‘qib. Men o‘zimni aybdor his qilmayman. Sababi men fuqarolik vazifamni bajardim¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘iziston prokuraturasi qo‘yayotgan ayblarni rad qilgan Qodirjon Botirov.

Qodirjon Botirovning muvaqqat qirg‘iz hukumati iyun oyidagi qirg‘in uchun javobgarlikni o‘z zimmasidan soqit qilish uchun aybning barini o‘zbeklarga to‘nkamoqda¸ degan fikriga munosabat bildirgan Qirg‘iziston prezidentining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi To‘pchibek Turg‘unaliyev¸ mamlakat Bosh prokuraturasi ixtiyorida Botirovning milliy nizo keltirib chiqarganlardan biri ekanini isbotlovchi dalillar borligini iddao qildi.

Qodirjon Botirovning Ozodlikga bergan suhbatlari bilan tanishing:
- 1 qism
- 2 qism
- Qodirjon Botirov¸ agar biz qirg‘izlarga hujum boshlasak¸ O‘zbekiston o‘z qurolli kuchlarini Qirg‘izistonga kiritishi va biz janubdagi ko‘p yerlarni egallab qolishimiz mumkin¸ degan fikrda bo‘lgan. U buni hech qachon tan olmaydi. Ammo tonishda davom etaversa¸ bizning tergovchilar buni dalillab beradi¸ dedi Qodirjon Botirovning Ozodlik bilan suhbatda bildirganlariga munosabat bildirgan Turg‘unaliyev qirg‘iz muxbiriga.

Qodirjon Botirov¸ o‘zining mutlaq aybsiz ekani¸ buni bugun Bishkekda o‘tirganlar¸ xususan prezident Roza O‘tunbayeva ham bilishini va Qirg‘izistonni iyun voqealariga qadar aynan muvaqqat hukumat so‘roviga muvofiq tark etganini ta‘kidlamoqda. Qirg‘iz rasmiylari¸ orada bunday kelishuv bo‘lganidan tonmoqda. Ikki o‘rtadagi tortishuv¸ endilikda Ukraina hovlisiga ko‘chdi. Kiyev mas‘uli aytgan kabi¸ endigina boshlangan bu huquqiy mojaroning hali ancha cho‘zilishini kutish mumkin.
XS
SM
MD
LG