Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:08

"Toshkentda hamma kirakash bo‘lib ketdi"


 Bugun O‘zbekistonda litsenziyali kirakashlardan, litsenziyasizlari ko‘proq ekani aytiladi.
Bugun O‘zbekistonda litsenziyali kirakashlardan, litsenziyasizlari ko‘proq ekani aytiladi.

“Toshkentda bitta mashinaga qo‘l ko‘tarsang, uning ortidan yana beshtasi kelib qator turadi”. Bu toshkentliklarning bugungi kundagi oddiy gapiga aylangan. Kundan-kun kamayib ketayotgan davlat taksilarining o‘rnini litsenziyali va litsenziyasiz kirakashlar egallamoqda.


Turmush tebratishning kundan kunga og‘irlashib borayotgani bois davlat ishida ishlaydigan o‘zbekistonliklar, ayniqsa toshkentliklar ham har kuni ishdan keyin 3-4 soat kirakashlik qilishga majbur bo‘lmoqda.

Toshkentda taksichilik, to‘g‘rirog‘i kirakashlik bilan shug‘ullanuvchilarni uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi davlat taksilari, ikkinchisi xususiy shirkatlarda litsenziya asosida ishlaydigan haydovchilar va uchinchisi litsenziyasiz kirakashlik qiladiganlar.

Gapni ana shu so‘nggisidan boshlaylik. Suhbatdoshimiz litsenziyasiz kirakash bo‘lgani uchun o‘z ismini aytmaslikni ma‘qul ko‘rdi. U “Tiko” avtomobilida kechqurunlari, ishdan qaytgandan so‘ng tirikchilik uchun kirakashlik qiladi. Asosiy ishdan tashqari kirakashlikka chiqdiganlar oz emas, deydi suhbatdoshimiz.

- Ishdan keyin ko‘p. Ministerstvoda ishlaydigan bolalar bor, organda ishlaydigan bolalar bor. Ishdan keyin kechqurun ovqatini yeb hammasi 7-8-9 larda ko‘chaga chiqadi. 10dan keyin umuman ko‘payib ketadi. Ishdan keyin mashinasi bor odamning hammasi chiqadi ko‘chaga.

Kirakash suhbatdoshimiz o‘zi va "hamkasblari"ni "qo‘shimcha ish" bilan shug‘ullanishga majburlayotgan omillarni sanab berdi.

- Masalan, go‘shtning kilosi hozir 12-13 ming. Bir oilaga ikki kilo go‘sht kerak. 25 ming so‘m. Unning kilosi 1600 so‘m. Bitta odamning yeydigan bitta noni 500 so‘m bo‘lsa, 400-500 ming so‘m hech narsa bo‘lmaydi bitta oilaga. Kamida bir million kerak. Faqat ovqat uchun. Qimmat hamma narsa. Shakarning kilosi 2600 so‘mdan 3000 so‘mgacha. Kungaboqar ëg‘ini 2300 so‘mdan berardi. Hozir 4000-4500 so‘m. Qolganini hisoblab olavyering,- deydi toshkentlik suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, ayni kunlarda bu kasb bilan shug‘ullanish juda qiyin bo‘lib ketgan. Yo‘l harakati xavfsizligi va soliq inspeksiyasi xodimlari qo‘shma reydlar o‘tkazib, litsenziyasiz haydovchilarni qattiq jazolayapti. Birinchi jarima 200 ming so‘m. Agar takror qo‘lga tushsa, ish sudga ham oshirilishi mumkin. Garchi, shunday bo‘lsa-da, odamlar baribir tirikchilik uchun ko‘chaga chiqmoqda,- deydi u.

Toshkent shahar hokimligining 2010 yil 25 maydagi qaroriga binoan, 2012 yilgacha poytaxtdagi barcha taksi avtomobillari taksometrlar bilan jihozlanishi lozim. Bu qarorda aytilishicha, noqonuniy kirakashlar faoliyatini cheklash maqsadida yo‘l harakati xavfsizligi va soliq inspeksiyasi xodimlari muntazam qo‘shma reydlar o‘tkazishlari lozim.

Toshkentdagi 5-taksisaroy direktori o‘rinbosari Bahrom Ibrohimovning Ozodlikka aytishicha, bugun Toshkent ko‘chalarida ko‘payib ketgan shaxsiy kirakashlarning hammasini ham malakali haydovchi deb bo‘lmaydi.

- Mashina haydashni bilganlarning hammasi taksist bo‘lib ketayapti. Shuning uchun bizning plan bajarishimizga ancha qiyin bo‘layapti. Endi yaxshi bo‘lib qolsa kerak. Qarorni endi bekorga chiqarmadi. Mana hozir plan bo‘yicha keyingi etapda “Neksiya, Lasetti mashinalar bo‘lsin, taksometri bo‘lsin degan talablar qo‘yilyapti. Forma oplata lyubaya qilib plastik kartochka bilan ishlashga ham o‘tsin”, deb qarorga shu narsalar kiritilgan. Taksometrlar endi qo‘yilayapti. Taksometrlar endi hamma joyniki har xilda. Hozir elektronniy taksometr qo‘yilyapti. Shuning uchun hozir yaxshi taksometrlarni tanlash ustida ish olib borilyapti,- deydi 5-taksisaroy direktori o‘rinbosari Bahrom Ibrohimov.

Toshkentdagi “Favorit taksi” xususiy firmasi ham o‘z mashinalari bilan, ham fuqarolardan ijaraga olingan mashinalar bilan faoliyat yuritadi. Firma direktori Azimjon Karimxo‘jayevning Ozodlikka aytishicha, agar haydovchi o‘z mashinasi bilan firmaga ishga kelsa, u faqat hokimiyat tomonidan tasdiqlangan litsenziyaga oid mablag‘ni to‘laydi xolos.

- Kuniga 12500 so‘mdan hokimiyat tomonidan belgilangan tarif bor. Shu tarif bo‘yicha ishlaymiz. Ya‘ni litsenziyaga ko‘ra, haydovchi har ish kuniga 12500 so‘mdan pul topshiradi. Biz ham benzin beramiz, pensionniy fond, hamma korxonaga kerakli bo‘lgan dokumentlar, ma‘lumotlar bizlarda bo‘ladi. Hozir bizlarda xalqning ko‘pchiligi bu narsani tushunmaydi. Hali bunga yetib borishiga ancha bor shekilli. “O‘zimning mashinam bilan kirsam, men xususiy tadbirkor bo‘la olmayman”, deb o‘ylaydi. Unaqamas. Ayniqsa ko‘cha tomondan keladigan, bizlarga ijara faoliyatini yurg‘izaman, deb keladigan haydovchilarga juda katta imkoniyatlar yaratib berilayapti. Shahar GAIsi mana juda katta imkoniyatlar yaratib berishdi. Ostanovkada to‘xtash masalasi ko‘tarildi. Imenno litsenziyasi bor mashinalarga juda katta imkoniyatlar yaratib berishayapti.

Ozodlik: Azimjon aka, 12500 so‘mning 20 foizi ularga oylik qilib ham beriladi shekilli?

-20 foizmas, 40 foiz oylik to‘lanadi. Topshirilgan pulning 40 foizi oylik qilib topshiriladi. Puliga hisoblasangiz, 4000-5000ga aylanadi. “Planimni chiqara olmayapman”, degan gapni qayerdan olishadi bilmayman. Misol uchun Toshkent shahrida taksi qiladigan taksistlarning o‘rtacha daromadi 30 mingga yaqin,- deydi“Favorit taksi” xususiy firmasi direktori Azimjon Karimxo‘jayev
XS
SM
MD
LG