Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2023, Тошкент вақти: 04:44

Bugungi O‘zbekiston jamiyati qanchalar tolerant?


Xalqaro tolerantlik ramzi
Xalqaro tolerantlik ramzi

“Tolerantlik¸ ayniqsa siyosiy qutblashuvdan¸ stereotiplar¸ loqaydlik va nafratning borgan sari rang-baranglashib borayotgan jamiyatlar nozik to‘qimasini parchalanishdan qutqarish uchun ham juda muhimdir. Bugungi dunyo savdo va axborot texnologiyalari vositasida yanada qattiqroq bog‘langan¸ ammo jamoalar va davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar qashshoqlik¸ toqatsizlik va mojarolar tufayli kun sayin kattalashib¸ chuqurlashib bormoqda”¸ deyiladi BMT Bosh kotibining Xalqaro tolerantlik kuni munosabati bilan e‘lon qilgan bayonotida.

- Tolerantlik¸ jamiyatlarning o‘z ichida toqatli bo‘lishi 21 asrda insoniyat oldida turgan asosiy sinovdir. Har xil din va millat vakillarini o‘zida birlashtiruvchi jamiyat barpo etish bugungi kunning eng murakkab va og‘ir vazifalaridan biridir¸ dedi o‘z bayonotida Ban Ki Mun.

Nafaqat o‘z dini va millati¸ balki o‘zgalar tili¸ madaniyati¸ an‘analari¸ hayot tarziga hurmat ko‘rsatish¸ o‘zgalar bilan nizolarsiz yonma-yon yashashni ko‘zda tutuvchi tolerantlik haqida so‘z ketganda¸ "o‘zbeklar tolerant xalq"¸ degan ibora ko‘p takrorlanadi.

Tarixan ko‘p millatli makon bo‘lgan Markaziy Osiyoda o‘zbeklarning boshqa din va elatlar bilan tinch-totuvlikda yashab kelgani aytiladi. Aksari musulmon bo‘lgan bugungi O‘zbekiston aholisining¸ xususan¸ yahudiylar bilan uzoq zamonlar tinchlikda yashab kelgan bu xalq tolerantligining yaqqol namunasi sifatida talqin etiladi.

- O‘zbeklar¸ tojiklar – Markaziy Osiyodagi boy va katta tarix va madaniyatga ega xalqlardir. Bu xalqlar musulmon bo‘lsa-da¸ ularning tarix va madaniyati¸ deylik Yaqin Sharq musulmonlarinikidan farq qiladi. Asrlar davomida o‘zbek va tojiklar yahudiylar bilan o‘zaro toqatda¸ do‘stona munosabatlarda yashab kelgan¸ deydi Buxoro yahudiylari tarixi bo‘yicha amerikalik tadqiqodchi Immanuyel Ribakov.

Ribakov kuzatishlari¸ asosan O‘zbekistonning mustaqillikkacha bo‘lgan davri uchun xarakterlidek. Xo‘sh¸ mustaqil turmushining 19-yilini o‘tkazayotgan O‘zbekiston davlatidagi bugungi jamiyat qanchalar tolerant?

Bu savol bilan murojaat qilganimiz o‘zbekistonlik mustaqil jamiyatshunos Bahodir Musayev¸ o‘z kuzatishlarini o‘zbeklar emas¸ balki fransuz yozuvchisi va faylasufi Volterning mashhur gapidan boshladi.

- Men aytganlaringizga mutlaq qo‘shilmayman¸ ammo ularni erkin ifoda eta olishingiz uchun jonimni berishga ham tayyorman¸ degan edi Volter. Bu gap demokratik prinsiplarning tamal toshidir! Tolerantlik esa¸ o‘z navbatida demokratik jamiyatlar hosilasidir. Lotin so‘zi bo‘lgan tolerantlik¸ o‘zgacha hayot tarzi¸ o‘zgacha fikrlash tarziga toqat va hurmatda bo‘lishni angalatadi axir! Tolerantlik bu aktiv va faol holat – o‘zgalarga hurmat va toqatda yashash uchun ular tarixi¸ madaniyati¸ yashash va fikrlash tarzini sal bo‘lsa-da tushunish lozim! Hozirgi O‘zbekiston kabi aksil-demokratik bir davlatda tolerant jamiyat haqida gapirishning ham imkoni yo‘q¸ deydi sotsiolog Bahodir Musayev.

O‘zbeklar tarixan tolerant xalq bo‘lib kelgan¸ deguvchilarning ko‘pi bir-biridan mutlaq farqli ikki tushunchani aralashtirib yuboradilar¸ deb davom etadi Bahodir Musayev.

- Ko‘pincha komformizm¸ xo‘p-xo‘pchilik va laganbardorlikni tolerantlik bilan adashtiradilar. Har qalay bugungi o‘zbeklar jamiyatini men tolerant emas¸ balki kuchga va kuchliga qulluq qiladigan¸ qo‘rqoq¸ zaif va laganbardorlar jamiyati deb atagan bo‘lardim. Bu jamiyatning tolerantlik bo‘lib ko‘rinayotgan jihati aslida mute‘likdan boshqa narsa emas. Bugun haddan tashqari kuchayib ketgan davlat tizimlari jamiyat hayotining eng nozik qatlamlariga qadar daxl qilmoqda¸ ammo bu jamiyat churq demay¸ hammasiga xo‘p-xo‘p qilib kelmoqda. O‘zgacha fikr eng og‘ir tarzda jazoga tortilayotgan O‘zbekiston kabi davlatda tolerant jamiyat bo‘lishi ham mumkin emas¸ deydi Bahodir Musayev.

Mustaqil sotsiolog fikricha¸ tolerantlik demokratik jamiyatlar mahsuli bo‘lar ekan¸ o‘zbeklar o‘z hayot tarzini pastdan eng tepaga qadar demokratik bir tarzda isloh qilmas ekan¸ tolerant O‘zbekiston haqida gapirish o‘rinsizligicha qolavyeradi.
XS
SM
MD
LG