Dilmurod Tillaxo‘jayevning Ozodlikka aytishicha, shu paytgacha bu masalani BMT darajasida muhokama etish taklifi amalga oshganda, O‘shda yana yuzlab kishilarning hayotini saqlab qolish, xususan, shu kunlarda yosh qiz-juvonlarning zo‘rlanishi, xo‘rlanishi oldini olish mumkin bo‘lar edi.
Alisher Navoiy inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti 25 noyabr kuni ushbu talabni, shuningdek, hozirda O‘shda ish olib borayotgan xalqaro tekshiruv komissiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish taklifini ilgari surib, YeXHTning dekabr oyida Ostonada bo‘ladigan sammiti oldidan Vyenada piket o‘tkazishni rejalamoqda.
Tashkilot rahbari Dilmurod Tillaxo‘jayev bu haqda Ozodlikka gapirib berdi:
- 25 noyabr kuni Avstriya poytaxti Vyenada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining bosh ofisi joylashgan joyda Ostonada bo‘ladigan sammitga ketishidan oldin piket o‘tkazmoqchimiz. 26 noyabrdan 2 dekbargacha bo‘ladigan bu sammit oldidan o‘tkazadiganimiz tadbirdan maqsad, bu konferensiyalarning birinchi va ikkinchi qismlari singari uchinchi qismida ham bu masalani baland ko‘tarib, talablarimizni qo‘yishga, bu masalani e‘toborsiz qoldirmaslik kerakligini, har qanaqa holatda bu masala birinchi navbatda turishi kerakligini va umid qilayapmizki Yevropdagi ko‘p vatandoshlarimiz, millatdoshlarimiz faol ishtirok etib, har xil joylardan kelishadi.
Ozodlik: Taxminan necha kishi qatnashishi kutilayapti hozir.
- Hozircha 15-20ta bormiz. Bu aniq bo‘ladiganlar Xudo xohlasa. Lekin ko‘payib ketishi mumkin. Buni biz bilmaymiz. Niyatimiz 300 kishilik miting qilish edi. Iqtisodiy imkoniyatlarimiz keng doirada bo‘lganda, albatta qilsa bo‘lardi. Bu o‘zimizning ichimizdan bo‘layotgan yaxshilik. Bu vatandoshlarimizga hech bo‘lmasa psixologik ko‘mak bo‘lsin deb qilinayotgan narsa.
Ozodlik: Mana kuni kecha YeXHT Bosh kotibi Moskvada bayonot berdi Qirg‘iziston janubiga kiritilishi mo‘ljallangan politsiya kuchlari haqida. Uning aytishicha, hozircha ularni joylashtirish masalasida muammo bor. Ya‘ni Qirg‘iziston janubiga qanday qilib olib kirish masalasida. Shu kuzatuvchilarning tezroq kirishiga turtki bo‘ladigan yana qanaqa ishlar amalga oshirayapsizlar?
- Bu narsalarga bu tadbirdan oldin harakat qilib ko‘rdik. Masalan konferensiyaning Varshavada bo‘lgan birinchi qismida faol ishtirok etdik. Bundan tashqari Vyenada ikkinchi qismida bo‘ldik. Biz bu masalani ko‘targanimizda, mikrofonlarimiz o‘chirilib kimgadir yoqmay, Qirg‘iziston vakolati salbiy qabul qilgandek ta‘sirlarini ham bildirdi. Maqsad, kechirasizlar besh oy o‘tdi. Qanday qilib bu kun tartibining birinchi o‘rnida turmaydi? Odamlarning hayotiga har kun xavf borligi, o‘lib ketayotganligi, turmalarga otilayotganligi bu birinchi mavzu emasmi?
Ozodlik: Ayniqsa qiz-juvonlarning o‘g‘irlanishi, zo‘rlab tashlab ketilishi.
- Xuddi shunday. U narsalar chiqib jamoatchilikka yetib borgan narsalar sizlar va boshqalar orqali. Lekin qancha yetib kelmayotganlar bor. Ichimizda qolib ketganlar qanchasi bor. Nimaga quloq solishni xohlashmayapti?
Ozodlik: Mana hozir “Xabarlar bor. Sizlar harakat qilayapsizlar, nufuzli uchrashuvlarda yuqori minbarlardan turib gapirdik. Tortishuvlarga sabab bo‘ldi bu chiqishlarimiz” deyapsiz. Real bir harakatni sezayapsizmi?
- Endi Xudo xohlasa, biz ko‘p umid qilayapmiz. Unaqa qaror chiqaradigan bir nimasini bermasa ham bu komissiya, lekin bu Xudo xohlasa, katta bir yordam bo‘lishi kerak. G‘arbdagi davlatlar, keng jamoatchilik uchun yaxshiroq tushungani holat. Ya‘ni “Nimaga bo‘ldi bu narsa? Qanchadan beri bo‘layapti bu narsa? Qancha yana davom etishi mumkin? Nima qilish kerak?”. Xudo xohlasa yaxshiroq tushunib qolishar xalqaro tinchlik o‘rnatuvchi kuchlarning qanchalar u yerda bo‘lishi kerakligini.
Ozodlik: Aslida qanday bo‘lishi kerak edi shu urinishlar?
- Men o‘zimning shaxsiy fikrimni bildira olaman. Boshqalar uchun ayta olmayman. Menimcha, birinchidan, Rossiya federatsiyasi hukumati birinchi navbatda mintaqadagi bosh rolni o‘ynashga da‘vogar bo‘lgandan keyin bu narsaga e‘tibor qilinmadi. Qancha odamning hayotini saqlab qolish mumkin edi. Bunaqangi vahshiyona holatlar bo‘lmaganku. Bo‘lganda ham qarab turildi.
Ikkinchidan, qanchalik rost yoki yolg‘on, xavfsizlik kengashida qo‘yilganda bu savol, eshitishimizcha, rus hukumati bilan Xitoy hukumati bildirishgan emish ya‘ni shartmas bu masala ko‘rib chiqilishi deb. Balki shunda qabul qilinganda tinchlik kuchlarini olib kirish to‘g‘risida, hozirgacha ham shu narsalar davom etmasmidi. Lekin hech kim eshitmadi, eshitgisi kelmadi.