Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:17

“Atambayevning o‘zbeklar bilan uchrashganidan bexabarmiz”


Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev o‘tgan yilgi talotumda jabr ko‘rgan janubliklarga yordam bosqichma-bosqich berilishini aytdi.
Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev o‘tgan yilgi talotumda jabr ko‘rgan janubliklarga yordam bosqichma-bosqich berilishini aytdi.
Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev janubga safari doirasida 2010 yilning iyun voqealarida jabr ko‘rgan jalolobodliklar bilan uchrashdi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev 6 iyun kuni Jalolobod va O‘sh shahriga qilgan ish safarining ilk kunlarida Jalolobodda 2010 yilning iyun voqealarida o‘z yaqinlarini yo‘qotgan va jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.

Bosh vazir bilan uchrashuvga kelgan jalolobodliklar Atambayevga iyun voqealari yuzasidan o‘tkazilayotgan sud mahkamalarining adolatli o‘tmayotganidan, o‘tgan yilgi voqealarda vafot etgan va jabrlanganlar oilalariga hukumat tomonidan yetarli darajada yordam ko‘rsatilmayotganidan nolidilar.

Jumladan, o‘tgan yilgi qirg‘inda militsioner o‘g‘li o‘ldirilgan bozorqo‘rg‘onlik Karamat Sulaymanova iyun voqealarini o‘rgangan parlament komissiyasi xulosasiga qo‘shilmasligini aytar ekan, o‘g‘lining o‘limi yuzasidan sud xulosasi bir necha oydan beri chiqarilmayotganidan norozilik bildirdi:

- 26 yanvardan shu kungacha sud hukmi chiqmadi. Mening to‘rt yetimim huquqini kim himoya qiladi? O‘sha qamalganlardan biri Azimjon Asqarov degan huquq himoyachisi ekan, uning huquqini juda qattiq himoya qilishayapti. Uni ozod qilishga harakat qilishayapti. Nega ozod qiladi? Nega sudlar haqiqatni ayta olmaydi? Bolamni 27 yeriga pichoq urib, ko‘zlarini o‘yib olib, keyin yoqib, suvga tashlab yuborishgan. Biz o‘zbek-qirg‘izni urishtirib qo‘ygan yetakchilardan besh nafari qochib yuribdi. Beshtasidan ikkovini qo‘yib yuborishibdi, - dedi Karomat Sulaymonova.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almaz Atambayev 6 iyun kuni o‘tgan yilgi voqealarda jabrlanganlar uchun qurilgan 60 kvartirali ko‘p qavatli uyning topshirilish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda Bosh vazir xalqning muammolarini bir kunda hal qilish imkoni yo‘qligini aytar ekan, hukumat tomonidan jabrlanganlarga tegishli yordam sekin-asta ko‘rsatilishini aytdi:

- Hukumat kuchli bo‘lishi uchun xalq ishonchiga erishishi kerak. Agarda xalq hukumatni saylov yo‘li bilan almashtirishga o‘rgansa, o‘shanda hukumat Yevropa davlatlaridagiday ishlaydi. 20 yildan buyon O‘sh va Jalolobodda bunday qurilishlar endi bo‘layapti. Albatta “barcha masalalarni bir kunda hal qilib beraman” deb men hech qachon aytmayman, aldamayman. Jabrlanganlar bo‘yicha qaror chiqarganmiz, “50 ming, 100 mingdan beramiz” deb. Iyun voqealarida jabrlanganlarga may oyida jabr ko‘rganlarni ham qo‘shish kerak. Bundan buyog‘iga mamlakat o‘z fuqarolari to‘g‘risida qayg‘urishi kerak, - dedi Almaz Atambayev.

Ayni paytda jalolobodlik ayrim o‘zbeklar Qirg‘iziston Bosh vaziri Jalolobodga qilgan safari doirasida mahalliy o‘zbeklar bilan uchrashmaganini aytishmoqda.

Biz bir necha jalolobodlik o‘zbeklar bilan bog‘langanimizda ular Bosh vazir o‘z safari doirasida xatto maxalliy aholi bilan uchrashgani borasida habardor emasliklarini aytishdi.

- Meni Almaz Atambayev bilan uchrashuvda o‘zbeklar qatnashgani yoki qatnashmaganidan habarim yo‘q. Bizda “Atambayev odamlar bilan uchrashar ekan” degan xabar bo‘lmagan. .

Ozodlik: Jalolobodlik biron-bir o‘zbek Bosh vazir bilan uchrashuvda qatnashibdimi?

- Men o‘z tanish-bilishlarimdan: “Hamma yoqda militsiya xodimlari - nima bo‘ldi, tinchlikmi?” deb so‘rasam, “Atambayev o‘zining ishlari bilan kelyapti ekan” deyishdi. Biz ham Atambayevning odamlar bilan uchrashganidan xabarimiz yo‘q, deyishdi.

Ozodlik: Kecha Jalolobodda odamlarga ko‘p qavatli uyning topshirilishi bo‘lgandi. O‘sha uylar o‘zbeklarga ham berildimi?

- Uy berilgani to‘g‘risida birinchi marotaba sizdan eshtib turibman, - dedi ismini oshkor qilishimizni istamagan jalolobodlik o‘zbek faollaridan biri.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, Almazbek Atambayev Jalolobodga qilgan safarining ikkinchi kunida Jalolobod viloyati Suzoq tumaniga qarashli Oktabr qishlog‘i hududiy kasalxonasining sharoiti bilan tanishdi. Shundan so‘ng u O‘shga ketdi.
XS
SM
MD
LG