Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:58

Qirg‘izistonda Ramazon hayiti yuzasidan mojaro chiqdi


Qirg‘iziston janubidagi bir guruh musulmonlar mamlakat muftiysi Chubak hoji Jalilovga ishonchsizlik bildirish masalasini ko‘tarmoqdalar.
Qirg‘iziston janubidagi bir guruh musulmonlar mamlakat muftiysi Chubak hoji Jalilovga ishonchsizlik bildirish masalasini ko‘tarmoqdalar.
Qirg‘izistonlik musulmonlar Hayit sanasi muftiyat tomonidan kech e‘lon qilinganidan norozi bo‘lmoqdalar.

Qirg‘iziston muftiyati 30 avgustni hayit kuni sifatida belgilanishini 29 avgustdan 30 avgustga o‘tar kechasi, yarim tunda e‘lon qilgan.

Buning oqibatida minglab dindorlar 30 avgust kuni ertalab hayit namozi o‘qilishdan bexabar qoldilar.

Muftiyatning ramazon hayitini kech e‘lon qilishi oqibatida minglab dindorlar va ishchi-xizmatchilar huquqlarining buzilgani masalasini Qirg‘iziston Ombudsmeni o‘rganadigan bo‘ldi.

Ombudsmen Tursunbek Aqunning aytishicha, Ramazon hayitining avvalgi yillardagidek bir necha kun oldin e‘lon qilinmagani siyosiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston Ombudsmeniga ko‘ra, agar Ramazon oyi 30 kun deb hisoblanadigan bo‘lsa, u holda hayit 31 avgust, ya‘ni Qirg‘iziston mustaqilligining 20 yilligi nishonlanadigan kunga to‘g‘ri kelishi lozim edi. Ammo muftiyat 29 avgust kuni yarim kechasi, deyarli barcha odamlar uxlab yotgan paytda hayit 30 avgustda nishonlanishini e‘lon qilgan.

- Shuning uchun men Ombudsmen qatori maxsus komissiya tuzmoqchiman. Ulamolardan iborat bu komissiya muftiyatning “Yarim kechasi hayitning ertalab nishonlanishi to‘g‘risidagi qarori to‘g‘ri bo‘lganmi yoki noto‘g‘ri bo‘lganmi?” degan savolga javob izlaydi, - dedi Tursunbek Aqun.

Biroq Qirg‘iziston muftiyati hayit kunining belgilanishi va uning qachon nishonlanishi kech e‘lon qilinishida siyosiy sabablar yo‘qligini, bu borada faqat shariat qonunlariga rioya qilinganini bildirdi.

- Ro‘zaning boshlanishi ham, yakunlanishi ham oy chiqishiga qarab belgilanadi. Biz O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston kabi Ramazon hayiti 31 avgustda nishonlanadi, deb avvaldan e‘lon qilishimiz mumkin edi. Biroq bu holatda biz shariat qonunlarini buzgan bo‘lar edik. Shuning uchun Qirg‘iziston muftiyati oyning chiqishiga qarab hayit kunini belgiladi, - dedi muftiyat matbuot kotibi Maqsat Mambetaliyev.

Muftiyatning bunday qadami oqibatida minglab dindorlar 30 avgust kuni ertalab hayit namozi o‘qilishdan bexabar qolganlar. Qirg‘iziston hukumati esa Ramazon hayitini dam olish kuni sifatida e‘lon qilish qarorini faqat 30 avgust kuni tushga yaqin e‘lon qildi. Natijada o‘n minglab ishchi va xizmatchilarning yarim kunlik ish haqlari masalasi ham savol ostida qolmoqda. Shu vajdan dindorlar ham, 30 avgust kuni ertalab ishga borgan odamlar ham o‘z huquqlari buzilganidan norozi bo‘lmoqdalar.

- Men ertalab turib ro‘za tutdim. Keyin ko‘chaga chiqsam, ba‘zi odamlar Hayit namozidan qaytib kelishayapti. Hayit ekanini bilib, ro‘zamni ochdim. Ammo muftiyatning hayit kunini oldindan e‘lon qilmagani oqibatida yilda bir marta o‘qiladigan Ramazon hayiti namoziga bora olmay qoldim, - deydi Zamir ismli dindor.

Bishkeklik Qiyal Turduyeva esa hayit kuni kunning teng yarmini ish joyida o‘tkazganidan norozi:

- Bizga juda noqulay bo‘ldi. Ertalab ishga keldik. Tushga yaqin hukumatning qarori chiqib, dam olish kuni ekani e‘lon qilindi. Hayitni bayram qilamiz, deb kutgan edik. Mana hozir uyga ketayapman, kayfiyatim buzilgan. Hayit bayramini ham nishonlay olmaydigan bo‘ldik, - dedi Qiyal Turduyeva.

1 sentabr kuni O‘shdagi “Jamiyatda toza din uchun” jamoatchilik birlashmasi hamraisi Jusup hoji Sultonov o‘shlik ulamolar Qirg‘iziston muftiysi Chubak hoji Jalilovni hayit kunini juda kech va noto‘g‘ri e‘lon qilganlikda ayblayotganlarini bildirdi. Jusup hoji Sultonovning aytishicha, shu munosabat bilan o‘shlik ulamolar Qirg‘iziston muftiysiga ishonchsizlik bildirish maqsadida imzo to‘plash jarayonini boshlamoqchilar.
XS
SM
MD
LG