Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:03

Moskvada "hizbchilar" ovlanmoqda


Moskvada “Hizb-ut-Tahriri Islomiya” tashkiloti g‘oyalari targ‘ibotida ayblanib Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. “Interfaks” agentligining huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib xabar qilishicha, tojikistonlik yigit 31 avgust kuni Moskva Jome‘ masjidida ekstremistik ruhdagi varaqa tarqatganlikda gumonlanmoqda.

Interfaks axborot agentligining rasmiy manbaga tayanib ëzishicha¸ Moskva politsiyasi ikki haftalik qidiruv ishlaridan so‘ng Rossiyada terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan “Hizb- ut-Tahriri Islomiya” tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib etuvchi diniy varaqalarni tarqatganlikda gumonlanayotgan 23 yoshli Tojikiston fuqarosini hibsga olgan.

Ozodlik surishtiruvi davomida¸dastlab hibsga olinganlarning ikki kishi bo‘lgani va dastlabki tergovdan so‘ng ushlanganlardan birining qo‘yib yuborilgani aniqlandi.

11 sentabr kuni soat kechki 8:30 larda Tinchlik prospektidagi masjid yaqinidagi Vipolzov ko‘chasida shom namozidan qaytayotgan ikki nafar Tojikiston fuqarosi noma‘lum kimsalar tomonidan mashinaga solib olib ketilgan.

Hibsga olinganlardan biri Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyatida istiqomat qiluvchi 30 yashar Abduqayum Maqsudov, ikkinchisi esa yana bir so‘g‘dlik 24 yashar Abdurahim Toshmatovdir.

“Bizni masjid oldida qo‘limizni qayrib mashinaga tiqishdi va Meshchanskiy politsiya bo‘limiga olib kelishdi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda hibsga olinib keyinchalik qo‘yib yuborilgan Abduqayum Maqsudov.

- Meni dastlab “Telefon o‘g‘irlading”, deb so‘roqqa tutishdi. Keyin bizni alohida xonalarga qamashdi. Ertalab soat 9 larda bizni Meshchanskiy prokuraturasiga olib borishdi. Do‘stimni kabinetlardan birida so‘roqqa tutishdi, men esa koridorda o‘tirgan edim. Keyin meni yonimga FSB xodimi kelib, “Senlarni nima uchun qo‘lga olganimizni bilasanmi? Biz senlarni “Hizb-ut-Tahrir”ga a‘zolikda ayblab qo‘lga oldik”, dedi. Men biror narsa demadim. Menga provokatsiya savollarini berishdi, do‘q-po‘pisa qilishdi. Keyin barmoq izlarimni olib, sumkamni va pasportimni berib qo‘yib yuborishdi. Hech narsa deyishmadi! Varaqalarni tarqatganlikda ayblov esa g‘irt yolg‘on! Men bilaman¸ Abdurahim bu ish bilan shug‘ullanmaydi. O‘zi bir yetim bola bo‘lsa, elektrik bo‘lib ishlagan edi, hozir ish izlab yuruvdi, deydi FSB tomonidan qo‘lga olinib qo‘yib yuborilgan Maqsudov.

FSB matbuot xizmatining Interfaks orqali sizdirgan xabariga ko‘ra, varaqalar 31 avgust kuni bevosita Moskva Jome‘ masjidida tarqatilgan.

Bu ma‘lumotga oydinlik kiritgan Rossiya Muftiylar kengashi raisining muovini Rafik Fattohiddinov Ozodlik bilan suhbatda masjid ichkarisida varaqalar tarqatilmaganini ta‘kidladi.

- Jome‘ masjidi binosida hech qanday varaqa tarqatilmagan. Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Jome‘ masjidi ënida ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etuvchi varaqa tarqatganlikda ayblanayotgan Tojikiston fuqarosini hibsga olishgan, deydi Moskva Jome‘ masjidi rasmiysi Rafik Fattohiddinov.

“Memorial” inson huquqlari tashkiloti qoshidagi Markaziy osiyolik siyosiy qochqinlar jamiyati raisi Bahrom Hamroyev 31 avgust kuni Jome‘ masjidida musulmonlar bilan uchrashgani va bu yerda hech qanday varaqalar haqida gap-so‘z bo‘lmaganiga guvoh ekanligini ta‘kidlaydi.

- Bu noto‘g‘ri, chunki men o‘sha kuni Tinchlik prospektidagi masjidda bir nechta O‘rta Osiyo qochqinlari bilan ko‘rishib, ularga huquqiy masalalarda maslahat berib turgan edim. Varaqalar tarqatilmagani aniq, chunki men masjid imomlari bilan ham bugun ham shu haqda telefon orqali suhbat qildim, deydi Bahrom Hamroyev.

Bu ishni kuzatuvga olgan Markaziy osiyolik siyosiy qochqinlar jamiyati raisi Bahrom Hamroyev fikricha¸ FSB “terrorchi va ekstremistlarga”qarshi amaliyot bahonasida nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekiston fuqarolarini ham ekstraditsiya qilish harakatlarini faollashtirgan.

- “Memorial” inson huquqlari tashkilotiga kecha oqshom (13 sentabr- tahr.) Maqsudov Abduqayum murojaat qildi va ularga bo‘lgan tazyiqlar va Toshmatovni Tojikistonga ekstraditsiya qilish ehtimoli borligini gapirib berdi. Toshmatov Tojikistonda qidiruvga berilgan ekan. Uni “Hizb-ut-Tahrir”da a‘zolikda ayblab¸ Tojikiston hukumati uni Rossiyadan ekstraditsiya qilishni talab qilyapti.

Albatta¸ u ekstraditsiya qilinishi kerak emas, chunki Tojikistonda oxirgi paytlarda “hizb ut-tahrirchilikda” ayblab musulmonlarni qatag‘on qilish avjiga chiqib ketdi. Bu tendensiyani to‘xtatish maqsadida biz hozir Yevropa sudlariga murojaat qilib, zudlik bilan Toshmatov Abdurahimni Tojikistonga jo‘natmaslik masalasini ko‘tarib chiqyapmiz. Abdurahimni Tojikistonga bermaslikka umidimiz bor va bunga barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz, deydi “Memorial” faoli Bahrom Hamroyev.

Olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Abdurahim Toshmatov hozircha Meshchanskiy tuman politsiya bo‘limida saqlanmoqda.
XS
SM
MD
LG