Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2023, Тошкент вақти: 21:31

Putin yana prezidentlikka nomzod bo‘ladi


Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 2012 yilda Kremlga prezident sifatida qaytishni, prezident Dmitriy Medvyedev esa Putinning lavozimini egallashni rejalamoqda.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedev hukmron Yedinaya Rossiya partiyasi qurultoyida Bosh vazir Vladimir Putinni kelasi yil mart oyida o‘tkaziladigan prezident sayloviga nomzod deb ko‘rsatishni taklif qildi.

- Men qurultoy qatnashchilari partiya raisi Vladimir Putinni mamlakat prezidenti lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatish taklifini qo‘llab-quvvatlasa, to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman, - dedi Dmitriy Medvyedev.

Rossiya prezidentidan keyin so‘zlagan Bosh vazir Vladimir Putin taklifni darhol qabul qilib, delegatlarga minnatdorlik bildirdi va bu o‘zi uchun “ulkan sharaf” ekanini ta‘kidladi.

- Meni Rossiya prezidenti lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatish haqidagi taklifga ijobiy munosabat bildirganingiz uchun sizlarga minnatdorlik izhor qilaman. Bu mening uchun ulkan sharaf. Sizlar meni qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman, - deya bayonot berdi Bosh vazir.

Vladimir Putin 4 dekabr kuni Davlat Dumasiga o‘tkaziladigan saylovda Yedinaya Rossiya partiyasi nomzodlari ro‘yxatiga Dmitriy Medvyedev yetakchilik qilishini taklif qildi.

- Men saylovda Yedinaya Rossiya g‘alaba qozonishiga ishonchim komil. Xalq qo‘llab-quvvatlashiga tayangan holda Dmitriy Anatolevich yangi, samarali faoliyat yuritadigan, yosh, shijoatkor boshqaruv guruhini tashkil eta oladi va Rossiya Federatsiyasiga boshchilik qiladi, deb o‘ylayman, - dedi Vladimir Putin.

Dmitriy Medvyedev bu taklifni qabul qildi va hukumatda amaliy ish bilan shug‘ullanishga tayyorligini bildirdi.

Yedinaya Rossiya partiyasi qurultoyida e‘lon qilingan qarorlar 2012 yilda o‘tkaziladigan prezident saylovida Putin yoki Medvyedevdan qay biri o‘z nomzodini qo‘yishi haqida bir necha oydan beri davom etayotgan mish-mishlarga chek qo‘ydi.

Rossiya Konstitutsiyasi bir fuqaro prezident lavozimida ikki muddatdan ortiq ishlashiga ruxsat bermagani sababli Vladimir Putin 2008 yilda prezident lavozimini Dmitriy Medvyedevga bo‘shatib, o‘zi Bosh vazir lavozimini egallagan edi. Endi ular lavozim almashishga qaror qildilar.

Rossiya muxolifati rahbarlaridan biri Boris Nemsov Yedinaya Rossiya partiyasi qarori e‘lon qilinganiga quyidagicha munosabat bildirdi.

- Bu mamlakatim rivoji uchun voqealarning eng yomon ko‘rinishda rivojlanishidir. Bu ulkan kapital mamlakatni tark etishini, migratsiyaning yangi to‘lqini boshlanishini, davlat buzilishda davom etishini anglatadi. Oqibatda, bu mamlakatni juda katta ijtimoiy-iqtisodiy larzalar va davlat buzilishi bilan bog‘liq larzalar kutayotganini anglatadi.

Mohiyatan Putin sayqallangan Lukashenkoga aylanmoqda. Ehtimol, u Muborak yoki Qaddafiy kabi bo‘lishi mumkin, - dedi Rossiya muxolifati yetakchilaridan biri Boris Nemsov Ozodlik bilan suhbatda.

23 sentabr kuni boshlangan Yedinaya Rossiya partiyasining yillik qurultoyida 11 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
XS
SM
MD
LG