Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:14

G‘arbdan siyosiy boshpana izlovchilar ko‘paymoqda


Sanoatlashgan va badavlat mamlakatlardan siyosiy boshpana so‘rovchilar soni joriy yilda 17 foizga oshgan. BMT Qochinlar masalasi bo‘yicha oliy komissarligi e‘lon qilgan hisobotda ana shunday xulosa berildi.

“Sanoatlashgan mamlakatlarda boshpana so‘rash darajasi va tendentsiyalari, 2011 yilning birinchi yarmi” nomli hisobotda aytilishicha, 2011 yil dastlabki olti oyi davomida rivojlangan mamlakatlardan boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni 198 ming kishidan ortiqroqni tashkil qilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 169 ming kishidan iborat edi.

Boshpana izlab murojaat qilayotganlarning aksari Afg‘oniston va Iroq kabi jangovar harakatlar ro‘y berayotgan davlatlar yoki Serbiya va Kosovo, Xitoy va Eron kabi odamlar irqiy va diniy kelib chiqishi yoki siyosiy qarashlariga ko‘ra ta‘qib qilinadigan mamlakatlar fuqarolaridir.

Lekin urush bo‘lmayotgan va odamlar rasman diniy, irqiy kelib chiqishiga ko‘ra tazyiq qilinmaydigan mamlakatlardan ham odamlar qochayotgani aytiladi hisobotda. Bunday mamlakatlardan biri O‘zbekistondir.

BMT qochqinlar idorasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2011 yilning yanvar-iyun oylarida kamida 240 dan oshiq O‘zbekiston fuqarosi rivojlangan mamlakatlardan siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilglan. Bunda o‘zbek qochqinlarining asosiy qismi Shvetsiya va Norvegiya kabi mamlakatlardan qo‘nim topishga harakat qilmoqda. Hisobotga ko‘ra, joriy yil dastlabki olti oyi davomida Skandinaviya mamlakatlaridan boshpana so‘rab murojaat qilgan o‘zbekistonliklar soni 215 kishini tashkil qilgan. Turkiyadan 23 kishi, Estoniyadan esa 4 o‘zbekistonlik boshpana so‘ragan.

2011 yilning birinchi yarmida sanoatlashgan mamlakatlarda siyosiy boshpana izlayotganlar soni bo‘yicha O‘zbekiston 17 o‘rinni egallagan. Qiyos uchun bu ro‘yxatda Qirg‘iziston 21, Qozog‘iston 25 o‘ringa qo‘yilgan.

Qayd etish joiz, bu hisobot faqat siyosiy boshpana izlovchilarga doir bo‘lib, u boshqa holatlarda muhojiratga chiqib ketayotganlarni o‘z ichiga olmaydi.

Lekin, deyiladi hisobotda, boshpana izlovchilarning asosiy oqimi odatdagidek, Afg‘oniston (15300 ariza), Xitoy (11700 ariza), Serbiya va Kosovo (jami 10300 ariza), Iroq (10100 ariza) kabi mamlakatlardan kelmoqda.

Yanvar-iyun oylarida boshpana to‘g‘risidiagi arizalarning eng katta qismi Qo‘shma Shtatlarga topshirilgan. Amerikadan boshpana topish ilinjida bo‘lganlar 36400 kishini tashkil qilgan. Frantsiyadan 26100, Germaniyadan esa 20100 kishi siyosiy boshpana so‘ragan. Lekin qo‘shib sanalganda arizalarning 73 foizi Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Osiyoning Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlariga boshpana to‘g‘risida topshiralayotgan arizalar soni ham ikki barobarga ko‘paygan.

Biroq boshpana berish siyosatini keskinlashtirayotgan Avstraliya va Yangi Zelandiyada arizalar soni 20 foizga kamaygani qayd etilgan.

BMT Qochqinlar masalasi bo‘yicha Oliy komissari Antonio Guterres 2011 yil uning bu lavozimdagi faoliyati davomida o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan insonlar soni eng ko‘p bo‘lgan yil ekanini ta‘kidladi.

“Lekin bu sanoatlashgan mamlakatlarga katta ta‘sir qilmagan ko‘rinadi, chunki qochqinlarning ko‘pchiligi qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib o‘tmoqda. Shunga qaramasdan, sanoatlashgan mamlakatlar bu odamlarning haqlarini hurmat qilib, ularning boshpana to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqayotganlaridan minnatdormiz”, dedi Antonio Guterres.
XS
SM
MD
LG