Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:59

AQSh harbiylari Markaziy Osiyoda hali uzoq qoladi


Vashington 2012 yilda Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqishni rejalayotgan bir paytda¸ germaniyalik harbiy tahlilchi¸ shunday bayonot berdi.

Joriy hafta yakunida O‘zbekistonga AQSh diplomatlari rahbari Hillari Klintonning kelishi kutilmoqda. Kun tartibi rasman ochiqlanmagan bu safar Klintonning O‘zbekistonga uchinchi safaridir.

Birinchi safarini AQSh prezidenti rafiqasi sifatida 1997 yilda amalga oshirgan Klinton xonim¸ Toshkentga AQSh Davlat kotibi sifatida bir yil ichida ikkinchi bor kelmoqda – Klinton 2010 yilning 3 dekabrida Toshkentga kelib¸ prezident Karimov bilan uchrashgan edi. Bu esa¸ xalqaro maydondagi dolzarb muammolar bilan mashg‘ul Amerika tashqi siyosat idorasi tomonidan¸ O‘zbekiston bilan aloqalarga katta e‘tibor qaratilayotgani ifodasidir.

Ana shu safar¸ qolaversa AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lishga urinayotgan Herman Keyn O‘zbekiston prezidenti kim, degan savolga “Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan” kabi “qandaydir kichik va ahamiyatsiz davlat rahbarining ismini bilish” shart emas, deya javob bergani munosabati bilan Amerika ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning AQSh manfaatlari uchun ahamiyati haqida biri olib¸ biri qo‘yib bahs etmoqda.

Aksar sharhlovchilar¸ O‘zbekistonning Afg‘onistondagi urush bois AQSh tashqi siyosatidagi muhim davlatga aylanganini ta‘kidlamoqda.
Pokiston bilan munosabatlar sovuqlashgani sayin¸ tarozi pallasining ikkinchi tomoni – O‘zbekiston bilan munosabatlar ilib bormoqda¸ degan fikr bildirmoqda amerikalik kuzatuvchilar.

Klintonning navbatdagi safari arafasida Ozodlik muxbiri Markaziy Osiyo xavfsizligi bo‘yicha germaniyalik tahlilchi¸ harbiy sharhlovchi Jorg-Dietrich Nackmayr (Yorg-Ditrih Nakmayr)ni ayni mavzu yuzasidan suhbatga tortdi.

Jorg-Dietrich Nackmayr mintaqaviy xavfsizlik anjumanida chiqish qilmoqda.
Ozodlik: AQSh Davlat kotibi safari O‘zbekistonning AQSh¸ qolaversa G‘arb davlatlari uchun ahamiyati oshib borayotgani ifodasi sifatida ko‘rilmoqda. Ko‘pchilik bu o‘zgarishni O‘zbekistonning Afg‘onistondagi AQSh va NATO kuchlari ta‘minotidagi belgilovchi roli¸ qolaversa¸ kelasi yildan boshlab Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish jarayonida tranzit mamlakatga aylanishi bilan bog‘lamoqda. Sizningcha¸ O‘zbekistonning Vashington nazarida oshib borayotgan ahamiyati faqat Afg‘onistondagi urush bilan bog‘liqmi¸ yoxud bu mamlakat o‘zicha ham AQSh tashqi siyosati uchun qimmatga egami?

Nakmayr: Nafaqat O‘zbekiston¸ balki butun Markaziy Osiyo joriy asrda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Menimcha¸ 80-yillar oxirida sovetlarning Afg‘onistondan chiqishi bilan bugun AQShning bu mamlakatdan chiqishga hozirlanayotgani o‘rtasida juda katta farq bor. Bugun Afg‘onistonga tutash aksar davlatlar¸ AQSh va NATO qo‘shinlarining bu yerdan chiqib ketishi yanada yomonroq falokatlarga yo‘l ochishi borasida yakdil.

Ikkinchidan¸ Afg‘onistondagi urush mafkura emas¸ balki sog‘lom aql ustiga qurilgan. Bu mamlakatda o‘rinlashgan narkotiklar savdosi va terror bazalari nafaqat mintaqa¸ balki butun dunyo xavfsizligiga tahdiddir.

Markaziy Osiyo¸ xususan O‘zbekiston ahamiyatini Afg‘onistonsiz ham oshiradigan bir necha jihat bor.

Ulardan biri¸ mintaqadagi ulkan yonilg‘i zahiralari. Ikkinchisi¸ mintaqaning qariyb 3000 yildan beri Osiyo va Yevropani bog‘lovchi o‘ta muhim savdo yo‘lida joylashganidir. Yevropa o‘rta asrlarida Xitoy¸ Eron va Hindiston dunyoning superdavlatlari edi va 21 asrga kelib ular yana shu maqomga qaytayotirlar. Bugun dunyoning shaxmat taxtasi yana shu mintaqaga qaytdi va barcha qudratli davlatlar bu taxtada o‘ynashga majbur. G‘arbning yetakchi davlati bo‘lgan AQShning bu mintaqada tobora faollashuvi¸ o‘ta tabiiy.

Ozodlik: Qanchalik murakkab bo‘lmasin¸ ertami-kechmi Afg‘oniston muammosi hal etilib¸ bu mamlakat normal rivojlanish yo‘liga tushdi ham deylik. AQSh harbiylari bu mamlakatdan chiqib ketar ekan¸ Markaziy Osiyoni butunlay tark etadimi yoxud siz aytgan kabi ahamiyati kun sayin oshib borayotgan bu mintaqaning boshqa davlatlarida¸ muqim o‘rinlashish yo‘liga o‘tadi. Rossiya harbiy ekspertlari taxminicha¸ Toshkentga kelayotgan AQSh rasmiylari Karimov bilan aynan post-afg‘on stsenariysini muhokama qilib¸ O‘zbekistonda doimiy harbiy baza ochish shart-sharoitlarini muhokama qilmoqdalar.

Siz AQSh harbiylarining mintaqani yaqin yillarda tark etishiga ishonasizmi?

Nakmayr: Shaxsan men bunga ishonmayman. Agar siz bugun AQSh harbiy¸ razvedka va siyosiy arboblari aytayotgan gaplarga diqqat qilsangiz¸ undan ikki mujda uqasiz.

Hozir amerikaliklar oldida uchta asosiy maqsad turibdi. Birinchisi¸ atom bombasiga ega Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi harbiy mojaroga chap berish.

Ikkinchisi¸ Afg‘onistonning Al-Qoida kabi terror guruhlari vataniga aylanishiga mutlaq imkon qoldirmaslik.

Uchinchisi¸ bu hududlarda narkotiklar kontrabandasi va terror hujumlari ehtimolini yo‘qotish.

Bu maqsadlar obrazli qilib aytsak¸ katta qozondagi sho‘rva va bu sho‘rva faqat Afg‘onistonda qaynayotgani yo‘q. Shu bois¸ mintaqaning deyarli barcha davlati agar AQSh bu yerdan to‘liq chiqib ketsa¸ nima bo‘lishini yaxshi biladi.

Masalan¸ bu borada eng qiziq bayonot O‘zbekiston prezidentidan chiqdi. U amerikaliklarni SSSRning Afg‘onistondan chiqib ketishidan saboq olishga chaqirdi va ayni xatoni takrorlamaslikni so‘radi. Madomiki¸ Afg‘onistonga tutash davlat rahbari shunday bayonot berayotgan ekan¸ bu juda jiddiy qabul qilinishi kerak. Menimcha¸ AQShda bu borada o‘z rejasi bor va Vashingtondagi harbiy-xavfsizlik rasmiylari Afg‘onistonda ruslar kabi o‘zidan so‘ng xaos tashlab ketmaslik lozimligini yaxshi anglaydi. Shu bois¸ Afg‘oniston tinchigach¸ AQSh bu mintaqadan chiqib ketadi¸ deyishga shoshmaslik kerak.

Ozodlik: AQSh ning Markaziy Osiyoda qolishini siz qay shaklda tasavvur qilasiz? Bu Afg‘onistonda cheklangan miqdorda¸ ammo doimiy joylashgan qo‘shinlar¸ shuningdek¸ O‘zbekiston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlarda muqim harbiy baza shaklida bo‘ladimi?

Nakmayr: Rasman¸ bu xuddi Iroqdagidek bo‘lishi mumkin. Afg‘onistondan ham janggovar qo‘shin olib chiqilib¸ mahalliy xavfsizlik kuchlariga yordam beruvchi kuchlar qoldiriladi¸ xolos.

Mening taxminimcha¸ AQShning uch brigadasi¸ ya‘ni 14 ming askar mahalliy armiya bilan birgalikda Afg‘oniston shimoliy qismidagi barqarorlikni ushlab turishga yetarli.

Ozodlik: AQSh harbiylari Markaziy Osiyoda uzoq muddatga qolar ekan¸ mintaqani hammadan¸ ayniqsa Amerikadan rashk qiladigan Rossiya qarshiligini Vashington qanday yumshatishi mumkin?

Nakmayr: Albatta¸ Amerikaning mintaqada uzoq muddatga o‘rinlashuvidan Xitoy va Rossiya asabiylashmoqda va bu tabiiy.

Ammo ochiq aytganda¸ Rossiyaning o‘zi afg‘on mojarosini eplay olmadi va bundan keyin ham eplay olmaydi. Amerika harbiylarining Afg‘onistonda qolishi bevosita Rossiya manfaatlariga ham xizmat qilmoqda.

Agar AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan butunlay chiqib ketsa¸ bu mamlakat bir kechada fuqarolar urushi domiga tortiladi va unga tutash mintaqa¸ ular orqali Rossiya afg‘on geroiniga g‘arq bo‘ladi. Bu yog‘i¸ falokatdan boshqa narsa emas. Shu bois¸ AQSh harbiylarining Markaziy Osiyoda qolishi mintaqa va uning tashqarisidagi barqarorlikka xizmat qiladi va Amerika kuchlari bu mintaqada 2014 yildan keyin ham qolishiga ishonaman.

Ozodlik: Bunday qolish qay shaklda¸ aynan qaysi davlat hududida bo‘ladi¸ deb o‘ylaysiz?

Nakmayr: Kelajakdagi operatsiyalar uchun Afg‘oniston shimolidagi uch havo bazasi asosiy tayanch bo‘ladi¸ deb o‘ylayman¸ zotan hozir bu bazalarga juda katta mablag‘ sarflanib¸ harbiy infratuzilma bunyod etilmoqda.

Ayni paytda¸ AQSh Davlat kotibi darajasidagi Vashington yuqori lavozimli rasmiylarining Toshkentga serqatnov bo‘lgani¸ Amerika hozirlayotgan kelajak loyihalarida O‘zbekiston uchun ham muhim rol ajratilayotganidan darakchidir.

Bundan buyon mintaqaning O‘zbekiston kabi davlatlari oldida turgan o‘ta murakkab vazifa¸ shaxmat taxtasidagi barcha qudratli o‘yinchilar – AQSh¸ Yevropa Ittifoqi¸ Rossiya¸ Xitoy va alohida ta‘kidlab aytardimki¸ Eron manfaatlarini muvozanatga solib¸ bu o‘yinda yetakchilik qilishni ulardan hech biriga topshirib qo‘ymaslikdir.
XS
SM
MD
LG