Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:33

Turk harbiylari kurd janggarilarini ta‘qib qilmoqda


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Iroq bilan chegarada 24 turk askarini o‘ldirgan kurd janggarilari “ta‘qib qilinayotganini” ta‘kidladi. Bu keyingi bir necha yil ichida kurd janggarilari tomonidan Turkiyaga qilingan eng talafotli hamla bo‘ldi. Kurdiston ishchilar partiyasi janggarilari bir paytning o‘zida Turkiyaning bir nechta chegara postiga hujum uyushtirdi. Kurd janggarilari hujumlari ortidan jangovar uchqichlar va vertolyotlar yordamida Turkiya qo‘shinlari shimoliy Iroqqa bostirib kirdi.

Turkiya 24 nafar turk askarini o‘ldirigan kurd janggarilaridan o‘ch olinishini aytmoqda.

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, Kurdistoni ishchilar partiyasining (PKK) 100 ga yaqin janggarisi bir paytning o‘zida Hakkari viloyatida joylashgan bir nechta chegara postiga hujum uyushtirgan.

Bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada qilgan chiqishida janggarilar ta‘qib qilinayotgani va qo‘shinlarni shimoliy Iroqqa yuborganini ma‘lum qildi. Bunday javob “xalqaro qonunlarga doirasidadir”, dedi u.

- Chuqurchadan (Hakkari viloyatidagi tuman-tahr.) olingan so‘nggi axborotga ko‘ra, biz 24 askarimizni yo‘qotganmiz va 18 askarimiz jarohatlangan. Hozirda bu mintaqada amalga oshirilayotgan keng qamrovli operatsiyalar, jumladan janggarilar izidan ta‘qib qilish xalqaro qonunlar doirasidadir,- dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya rahbari Qozog‘istonga rejalashtirgan safarini qoldirib, ichki ishlar va mudofaa vazirlari, razvedka boshliqlari va armiya generallarini favqulodda majlisga yig‘di.

Turkiya xavfsizlik idoralaridagi manbalarga ko‘ra, turk dessanti Iroq ichkarisiga 8 kilometr masofagacha bostirib kirgan va jangovar uchqichlar janggarilarning istehkomlari deb ko‘rilgan mintaqalarni o‘qqa tutgan.

Istambulda muxbirlar oldida qilgan chiqishida Turkiya Prezidenti Abdulloh Gul hujumlar uchun o‘ch olinishini va‘da qildi.

- Buni hamma yodda tutshi kerak: bizga bu kulfatlarni olib kelganlar bundan bir necha barobar og‘irroq kulfatlarni boshdan kechirajaklar. Davlatimizni bu hujumlar bilan zaiflashtirmoqchi yoki tiz cho‘ktirmoqchi bo‘lganlar bu hujumlar uchun qasos juda katta bo‘lishini va ularning boshiga bundan besh battar kulfatlar solinshini ko‘rajaklar,- dedi Gul.

Mustaqil Kurdiston g‘oyasi uchun kurashayotgan Kurdiston ishchilar partiyasi chorshanba kungi hujumlarni amalga oshirgani va o‘z saflaridan besh janggari halok bo‘lganini tasdiqladi.

Internetda tarqatilgan bayonotda “Bizning janggarilar kechasi soat birda Chuqurcha tumani markazi va Bilijan hamda atrofdagi bir nechta harbiy postlarga bir paytning o‘zida hujumlarni uyushtirdi... 100 ga yaqin askar, maxsus kuchlar, politsiyachilar o‘ldirildi va yoki jarohatlandi”, deyiladi.

Vashingtonda AQSh Prezidenti Barak Obama turk askarlariga qilingan hujumni “o‘taketgan terrorchi hujum”, deya qoraladi. Qo‘shma Shtatlar, dedi Obama, PKKdan kelayotgan terrorchi tahdidini yo‘q qilishga harakat qilayotgan Turkiya hukumati bilan bu ishda hamkorlikni davom ettiradi”.

Bryusselda ham Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton “jirkanch terrorchi hujumidan” g‘azabga kelganini bayon qildi. YeI Anqaraga zo‘ravonliklarga qarshi turishida yordam berishga tayyor va PKK ittifoqning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatida qoladi, deya qo‘shimcha qildi Eshton.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen ham kurd janggarilari hujumini keskin qoraladi. “Bunday zo‘ravonlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. NATO ittifoqchilari terrorchilikka qarshi kurashda birdamdir”, dedi Rasmussen.

Etnik kurdlar Eron, Iroq, Turkiya va Suriya o‘rtasidagi mintaqalarda yashadi.

Bu hujum va Turkiyaning unga javobi AQSh qo‘shinlari Iroqni tark etayotgan paytda, hamda Suriyada prezident Bashar al-Assad rejimi aksil-hukumat chiqishlarini kuch bilan bostirayotgan vaziyatda mintaqadagi beqarorlikka hissa qo‘shishi mumkin.

Bundan tashqari Turkiya NATOning aksil-raketa mudofaa tizimini o‘z hududida joylashtirishga rozilik bergani Turkiya bilan Eron o‘rtasidagi taranglikni keskinlashtirmoqda.
XS
SM
MD
LG