Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:21

Chortoqda chegarachilar 23 yoshli fuqaroni otib o‘ldirdi


Joriy yilning 8 noyabr kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida namanganlik Foziljon Mahmudov chegarachilar tomonidan otib o‘ldirildi.

Voqea joriy yilning 7 noyabridan 8 noyabriga o‘tar kechasi Namanganning Chortoq tumanidagi o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan.

Foziljon Mahmudov o‘limi haqida Ozodlikka marhumning voqeadan xabardor hamqishlog‘i ma‘lum qildi.

Xavfsizligi nuqtai nazaridan Hazratshoh qishlog‘ida yashovchi bu fuqroning ismi sharifini oshkor qilmayapmiz.

- Mahmudov Fozil bir hafta bo‘ldi olamdan o‘tdi. Shu bolani otib tashladi. Uchta o‘q otgan. Bolani parchalab tashlagan. Bechorani parcha-parcha qilib tashlagan. O‘zimizning o‘zbek askarlari otib tashlagan. O‘zimizning askarlar. Uni otib, yarador qilgach, mashinadan sudrab tushirib do‘pposlaganlar. O‘zi bolani bo‘lari bo‘lib yotibdi. Lekin haligilar uni yana urgan,- deydi hazratshohlik suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, Foziljon Mahmudov kontrabanda yo‘li bilan Qirg‘izistondan tovar olib kelish bilan shug‘ullanib kelgan.

Bu voqea ham Foziljon qo‘shni mamlakatdan navbatdagi yukni olib kelayotgan payti sodir bo‘lgan.

Biz Foziljon Mahmudovning oilasi bilan ham bog‘landik.

F. Mahmudovning akasi Qobiljonning aytishicha, ular baxtsiz xodisadan chegarachilar ukasini shifoxonaga olib kelgach xabardor bo‘lishgan.

- Harbiylar, chegarachilar olib borgan tez yordamga. Voqea qayerda bo‘lganidan aniq xabarimiz yo‘q. Biz uni shifoxonaga borib ko‘rdik. O‘q yegan ekan. Uch joyidan. Shifoxonaga borganimizda u tirik edi. Lekin gaplasha olmadik. Behush edi. Shu yotgani bo‘yicha o‘ziga kelmasdan olamdan o‘tdi,- dedi Qobiljon.

Uning aytishicha, Foziljonning o‘limi bo‘yicha surishtirish uchun shu paytgacha biror bir huquq tartibot idorasidan hech kim kelmagan.

Biz F. Mahmudovning o‘limi yuzasidan Chortoq tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qildik.

Militsiya bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Foziljon Mahmudovning o‘zbek-qirg‘iz chegarasida chegarachilar tomonidan otib, o‘ldirilganini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, Foziljon Mahmudov o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston harbiy prokuraturasi jinoiy ish ochib, voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini olib borayapti.
XS
SM
MD
LG