Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:52

Toshkentda 22 yoshli hijobli ayol pichoqlab ketildi


Chilonzorda yashaydigan homilador bu ayol bilan birga 1 yoshli farzandi va 8 yoshli jiyani ham vahshiyona tarzda pichoqlangan.

Toshkent shahrining Chilonzor tumani 19 kvartalida sodir bo‘lgan bu qotillik haqida Ozodlikka kelgan elektron maktubda aytilishicha, voqea 18 noyabr kuni sodir bo‘lgan.

Ko‘p qavatli uyda istiqomat qiladigan Jo‘rayevlar xonadonida uy bekasi — 22 yoshli homilador ayol Shohida Jo‘rayeva, uning 1 yoshli qizi va o‘sha kezda ularning uyida bo‘lgan jiyani — 8 yoshli Marziya Akbarova soat 14 dan 15 ga qadar bo‘lgan oraliqda o‘ldirib ketildi.

Oradan biroz o‘tib, uyga qaytgan turmush o‘rtog‘i vahshiyona qotillikdan xabar topgan.

Ozodlik muxbiri qotillik sodir bo‘lgan xonadondan olgan ma‘lumotga ko‘ra, homilador ayol Shohida Jo‘rayeva va uning yaqinlarining bu tariqa o‘ldirilish sabablari yaqinlariga mutlaqo noma‘lum.

- Biz o‘ylab o‘yimizga yeta olmayapmiz. Kim qilgan, nimaga qilgan — umuman, hayronmiz. Uning bir dushmani bormidi, birov bilan urushganmidi, xabarimiz yo‘q. Bu yerda qanaqadir bir sir bordayda,- dedi Ozodlik bilan suhbatda marhumaning opasi Dilfuza Abdullayeva.

Bu voqea haqida tahririyatga xabar yo‘llagan manba va bu haqda 21 noyabr kuni xabar tarqatgan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi voqea xususida bergan xabarida Shohida Jo‘rayeva va uning oilasi e‘tiqodiga e‘tiborni tortgan.

Shohida Jo‘rayeva ibodatli ayol bo‘lgan va ro‘molda yurgan. Uning oilasidan 3 kishi diniy motivlarda ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ushbu oiladan olingan ma‘lumotga ko‘ra, marhuma Shohida Jo‘rayevaning 1978 yilda tug‘ilgan akasi Abdushukur Jo‘rayev 2004 yilda O‘zbekiston JK ning 159, 244, 221-moddalariga binoan diniy va siyosiy motivlarda ayblanib, avvaliga 5 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan va keyinchalik bu muddat 2 yilga uzaytirilgan.

Marhumaning yana bir akasi — 1981 yilda tug‘ilgan Abduvali Jo‘rayev 2005 yilda O‘zbekiston JK ning 244-moddasiga binoan diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Marhumaning pochchasi — 1979 yilda tug‘ilgan Ahror Akbarov ham O‘zbekiston JK ning 159, 228, 244-moddalari bilan diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

18 noyabr kuni Shohida Jo‘rayeva hamda uning 1 yoshli o‘g‘li bilan birga o‘ldirib ketilgan 8 yoshli jiyani – Marziya Akbarov Ahror Akbarovning qizidir.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, hijobli muslima ayolning bu tariqa sirli tarzda o‘ldirilishi Toshkentda ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q.

Guruh to‘plagan ma‘lumotlarda o‘tgan yili Ramazon oyida ham Sergeli tumanida yashovchi bir hijobli ayol, bundan tashqari, taqvoli bo‘lgan yana yoshgina imom Abduqodir ham pichoqlab ketilgani aytilgan.

Ozodlikka yo‘llangan elektron maktubda bunday qotilliklar ortida qanaqadir bog‘liqlik borligi va bu aynan diniy e‘tiqod bilan bog‘liqligiga ishorat berilgan.

Voqealar rivojini xuddi shu tahlit sanab o‘tgan huquqni himoya qiluvchi guruhning xabarida ham shunday ishorat alomatlari ko‘rinadi.

Bu haqda marhumaning oila-a‘zolari savol berganimizda opasi Dilfuza Abdullayeva bunday taxminlarni mutlaqo inkor qildi.

- Yo‘q, bu bilan bog‘liq emas. Namozxon bo‘lgani bilan bog‘liq emas. Bu yerda qanaqadir bir sir bor. Biz ham o‘ylab-o‘ylab, o‘yimizga yeta olmayapmiz, - dedi marhumaning opasi.

Hozirda Shohida Jo‘rayevaning turmush o‘rtog‘i Toshkent shahar Chilonzor tumani Ichki ishlar boshqarmasida saqlanmoqda.

Huquq-tartibot idoralaridan bu qotillikka oid tergovda ilgari surilgan dastlabki versiyalarni surishtirib qilgan murojaatimizga javob ololmadik.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov bu borada, hatto, biror taxminni ilgari surish ham og‘ir ekani haqida so‘zladi.

- Bu shunaqa qotillik bo‘ldiki, hatto, biror bir taxminni ilgari surish imkonsiz. Bu qiz boy-badavlat emas, biror joyda amador bo‘lib ishlamaydi yoki biror taniqli shaxsning qarindoshi emas. Turmush o‘rtog‘i oddiygina sotuvchi, - deydi Sur‘at Ikromov bu jumboqli qotillikning yechimi faqat tergov natijasiga bog‘liq ekanini urg‘ulab.

Ozodlik Toshkentdagi ushbu qotillik sabablarini o‘rganishda davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG