Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:21

Mustabidning qizi bo‘lish oson emas


Stalinning qizi Svetlana va Karimovning qizi Gulnora.
Stalinning qizi Svetlana va Karimovning qizi Gulnora.
Stalin qizining o‘limi xabari chiqishi bilan The Telegraph gazetasi Gulnora Karimova va Svetlana Stalina taqdiridagi uyqashlikka e‘tibor qaratdi.

O‘z otasiga bo‘ysunadimi yoxud unga qarshi isyon qiladi¸ O‘zbekiston prezidentining qizi yoki Svetlana Stalina hech qachon o‘z o‘tmishidan qochib qutula olmaydi.

Atrofidagilar bilan urushib bo‘lgan Gulnoraning moda dunyosida nom qozonish iddaosi boshiga balo bo‘ldi. Uning fe‘li buzuq otasi g‘azabnok¸ pop qo‘shiqchi bo‘lish urinishlari besamar¸ sobiq eri bilan munosabatlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bir qarashda Gulnoraning hatti-harakatlari 70-yillar komediyasiga yaxshigina syujet bo‘lgulikdek ko‘rinsa-da¸ O‘zbekistonning Birinchi Oilasi hayotiga doir voqealardan chiqadigan xulosa shuki¸ Gulnora 20 yildan beri baxtiqaro O‘zbekistonni o‘z hukmida saqlab kelayotgan ananas-bashara Islom Karimovning to‘ng‘ich qizidir.

O‘z muxoliflarini tiriklayin suvda qaynatadigan qasoskor otasi soyasidan qochib qutulishga qanchalik harakat qilmasin¸ Gulnora o‘zi va kecha olamdan o‘tgan Svetlana Stalina taqdiri o‘rtasida uyqashlik borligini sezmagan bo‘lishi mumkin emas -zotan Stalina hayoti mustabidlar bolalari yuzma-yuz turgan dilemmaning tipik namunasidir.

Dunyodagi aksar bolalar oilada duch keladigan ota-onaga bo‘ysunishmi yoxud isyon qilishmi¸ degan tanlov¸ ayniqsa insoniyatning mustabid hukmdorlar oilasida tug‘ilgan o‘ta kichik toifasi oldidagi nihoyatda dolzarb savoldir. Ular uchun hukmdor otaga qarshi isyon qilish oqibatlari o‘ta xatarli¸ bo‘ysunish mukofoti esa¸ o‘ta jozibalidir. Bu toifa umrining qaysidir davrida o‘zining qarg‘ish tekkanlardan ekanini anglasa kerak.

Otasi hayotligida Svetlana Stalina Sovet Ittifoqining komformist fuqarosi edi. Ammo otasi o‘limidan 14 yil o‘tib¸ u isyonni tanladi va AQSh ga qochib ketdi. Bu yerda amerikalikka erga tegib¸ o‘zini Lana Pitersga aylantirdi. Umrining oxirgi yillarida u otasining gruzin ekani asosida hatto o‘zining rus ekanini ham inkor etishga¸ ona tili bo‘lgan rus tilidan voz kechishgacha borib yetdi.

Millionlab vatandoshlari kabi Svetlananing ham Stalin qurboni bo‘lganini da‘vo qilish mumkin. Zotan Iosif Stalin Svetlana hayotini dorning sirtmog‘iga o‘rash barobarida uning onasini o‘z joniga qasd qilishga majbur qildi. Agar bugun Svetlana achinishga loyiq bo‘lsa¸ undan ko‘proq achinishga uning birinchi sevgilisi Aleksey Kapler loyiqroqdir. Inson uchun Iosif Stalinga kuyov bo‘lishdanda tahlikaliroq qismat bo‘lishi mumkinmidi? Svetlana bilan ishqiy savdosi o‘zini Sibir surguniga yetaklaganidan eng kam hayratlangan odam Alekseyning o‘zi bo‘lsa¸ ajab emas.

Gulnora Karimova bularda o‘z hayotiga uyqashlikni e‘tirof etsa¸ ajab emas. Zotan u ham¸ otasiga qarshi isyon emas¸ qulluqchilikni tanladi. Svetlanadan farqli¸ bu qulluqchilik uni favqulodda boy ayolga aylanish bilan mukofotladi. Bu jarayonda u hammani o‘zidan bezdirdi va AQSh maxfiy diplomatik yozishmalarida aytilgani kabi “O‘zbekistondagi eng ko‘p nafrat qilinadigan shaxs”ga aylandi. WikiLeaks oshkor qilgan mazkur nomada AQSh diplomatlari “Bizda bu bayonotni quvvatlaydigan so‘rov xulosasi yo‘q¸ ammo biz unga qo‘shilamiz” degan o‘ta jo‘yali gapni ham qo‘shib qo‘yishgan.

O‘z moda brendini boshlaganidan so‘ng Gulnora 2010 yilgi Nyu York Moda haftaligiga yo‘l topdi¸ ammo tadbir tashkilotchilari uning kimligini bilishgach¸ bu yilgi ko‘rgazmadan olib tashlashdi. Uning amerikalik sobiq eri esa O‘zbekistonga kirishga urinsa¸ qamoqqa olinish tahdidi bilan yashamoqda.

“Boshqalarga yaxshi munosabatda bo‘lmasangiz,” deydi Gulnora, “o‘zingiz taqir sahroda yakkalanib qolasiz.” “Karimova tomonidan yanchib tashlanganlar uni taqir sahroda qo‘lga tushirish imkonini orzu qilmoqdalar” deb yozadi AQSh elchixonasi o‘z maktubida.

Ertami-kechmi diktatorlar ham o‘ladi va ularning ko‘pi vorislik muammosini hal qilolmay ketadi. Albatta¸ sevimli o‘g‘ilni voris qoldirishdan yaxshisi yo‘q. Ammo Karimovga o‘xshab¸ faqat qizi bor mustabidlar nima qilsin? Aftidan Karimov bu oliy mansabga Gulnorani qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rgan¸ ammo qizining hali prezident bo‘lmay turib “eng ko‘p nafratga” yo‘liqish bobidagi muvaffaqiyatini ko‘rib¸ bu fikridan qaytgan ko‘rinadi.

“Meros qilib qoldiriladigan jumhuriyatlarning sobiq-bo‘lajak liderlari” kichik davrasida Gulnoraga qo‘shilgan yangilardan biri Sayfulislom Qaddafiy hozir Liviyada sud qilinishini kutmoqda. Londondagi zodagonlarcha hayoti kunlarida Sayful ba‘zan otasiga qarshi isyon uchqunlarini ko‘rsatib¸ o‘zini demokratiya tarafdori qilib ko‘rsatishgacha borgan edi. Ammo junbushga kelgan bu isyonchilik darhol uning tomiridagi murosasozlik qonini ham ko‘pirtirmay qolmadi va oradan bir yil o‘tar-o‘tmas¸ Sayful Yevropa pleyboyidan zolim mustabid quliga¸ undan ko‘p o‘tmay esa¸ sahroga qochib qutula olmay¸ qamoqqa tashlangan bandiga aylandi.

O‘z klubida Sayfulislom taqdiri bilan raqobatlashish borasida unga eng yaqin kelgani hozircha Jamol Muborakdir. Yaqinlargacha London¸ Nyu York va oilasining Qizil dengiz bo‘yidagi villasi o‘rtasida bejirim uchqichlarda uchib yurgan po‘rim bankir ¸ Misr prezidentligini otasidan meros qilib olajagi bashorat qilingan Jamol¸ ukasi Alaa bilan birga bugun Qohiradagi Tora qamoqxonasining oq forma kiygan tutqunidir. Bugun Muborak degan nom hatto Mussolini nomidanda uyatliroq bo‘lib qoldi – bobosidan qolgan yomon otga qaramay¸ Musollinining evarasi Alessandra Italiya parlamentidagi o‘ngchi qanotning o‘zgarmas deputati bo‘lib qolmoqda.

Zolim hukmdor o‘rniga uning o‘g‘li kelsa nima bo‘ladi? Suriyani 30 yil boshqargan Hafiz al-Assad taxtini egallagan uning o‘g‘li Bashar bunday qismatning qanchalik dahshatli ekanini ko‘rsatmoqda. Bugun quruq po‘choqqa aylangan Bashar bolalarni qiynoqqa solayotgan armiya va yoyilib borayotgan g‘alayon ustida o‘tiribdi.

Bashar ham murosasozlikni tanlagan edi¸ bugun shuning mevasini yemoqda. Gulnoraning hayoti komediyalarga mavzu bo‘lgulik bo‘lsa¸ Basharning taqdiri dahshat kinolarga tortadi. Uning o‘z himoyasi uchun aytishi mumkin yagona gapi esa¸ men na otamni va na tug‘ilishni tanlaganim yo‘qku¸ degan mazmunda bo‘lishi mumkin¸ xolos.

(Bu matn Britaniyada chiqadigan The Telegraph gazetasining 29 noyabr kungi sonida chop etilgan It’s not easy being the daughter of a despot sarlavhali maqolaning to‘liq tarjimasidir.)
XS
SM
MD
LG