Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:25

Xatlonlik o‘zbeklar Karimovga maktub yo‘lladi


Tojikistonlik tadbirkorlar O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovdan Amuzang-Qo‘rg‘ontepa temir yo‘lining tezroq ishga tushirilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ramoqdalar.
Tojikistonlik tadbirkorlar O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovdan Amuzang-Qo‘rg‘ontepa temir yo‘lining tezroq ishga tushirilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ramoqdalar.
Tojikistondagi o‘zbek millatiga mansub bir guruh tadbirkorlar prezident Islom Karimovga xat yozdi.

O‘zbekiston prezidentidan Amuzang-Qo‘rg‘ontepa temir yo‘lining tezroq ishga tushirilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab, maktub yo‘llaganlarning aksariyati xatlonliklardir.

Tojikiston Temir yo‘llari shirkatining Xatlon viloyatidagi bo‘limi rahbari Saidjon Yodgoriyga ko‘ra, Xatlon va Badaxshon viloyatlariga yuborilgan 302 ta yuk vagoni O‘zbekiston temir yo‘llarida to‘xtab qolgan.

Yodgoriy aksariyati mahalliy tadbirkorlarga tegishli bu yuk vagonlarida asosan oziq-ovqat, yonilg‘i mahsulotlari hamda qurilish materiallari borligini ta‘kidladi.

Asnoda Tojikistonning aholisi zich bo‘lgan hududiga mo‘ljallangan zarur mahsulotlarning O‘zbekiston temir yo‘llarida qolib ketayotgani rasmiylar bilan bir qatorda oddiy tojikistonliklarda ham jiddiy tashvish uyg‘otgan.

Bundan ko‘proq iqtisodiy zarar ko‘rayotgan xatlonlik o‘zbek tadbirkorlar O‘zbekiston hukumati va prezidentidan Amuzang-Qo‘rg‘ontepa temir yo‘li tezroq tiklanishiga ta‘sir o‘tkazishni so‘ragan.

- Bu yerda ishlar to‘xtab qolgan, ob‘ektlar qurilish materiallariga qiynalib turibdi. Buning xalq xo‘jaligiga katta zarari bor-da axir. Shaxsan bir kishiga konkretno emas, umuman. Ba‘zi narsalarni “Dushanbe orqali olib boring” deb aytayapti ular, unga bir tashkilotning iloji bor, birining iloji yo‘q. Chunki qo‘shimcha xarajatlar qilish kerak bo‘layapti, bu o‘ta sarsongarchilik. Buni tezroq hal qilish kerak, - deydi Ozodlikka gapirgan xatlonlik tadbirkorlardan biri Ehson Mustafoqulov.

2011 yilning 17 noyabrida Termiz-Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishidagi temir yo‘l o‘tgan ko‘prikda portlash sodir bo‘lgani va O‘zbekiston huquq-tartibot organlari buni terrorchilik xuruji o‘laroq baholagani oldinroq xabar qilingan edi.

Biroq Tojikiston rasmiylari qo‘shni mamlakat vakillari keltirgan bu sababni “yolg‘on” deb baholar ekan, O‘zbekiston tomoni Xatlon va Badaxshon viloyatlarini qasddan iqtisodiy qamal qilayotganini iddao qilmoqda.

Bundan bir necha kun avval EurasiaNet nashri ham voqea joyini borib ko‘rgan muxbiri Metyu Staurbrijga tayangan holda, “O‘zbekiston temir yo‘lida terakt bo‘lmagani”ni xabar qilgandi.

Tojikiston uchun muhim ta‘minot tarmoqlaridan biri bo‘lgan Amuzang-Qo‘rg‘ontepa temir yo‘lidagi falajlik tojikistonliklar uchun qator ijtimoiy va iqtisodiy muammolar yaratayotir.

Ayni qish chillasida, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan vagonlarning O‘zbekistonda qolgani respublika janubiy-g‘arbida oziq-ovqat taqchilligini vujudga keltirgani kuzatiladi.

“Biroq O‘zbekiston va Tojikiston hukumatining yuqori lavozimli rasmiylari bu masala yuzasidan bir-birini ayblashdan nariga o‘tmayapti”, deydi mustaqil kuzatuvchilar.

Asnoda ko‘pchilik tojikistonliklar xatlonlik o‘zbeklar tashabbusini quvvatlar ekan, ular murojaatlariga ijobiy javob bo‘lishiga umid qilishlarini aytmoqda.

- Agar davlat rahbarlari hamjihat bo‘la olmasa, bu yerda oddiy halq murojaat qilishi kerak. Tojikistonlik tadbirkorlar guruhi tomonidan janob Islom Karimov nomiga yozilgan maktub qaniydi naqd qo‘liga borib tegsa-yu, u odam insonlarcha harakat qilib, bizga yordam berib yuborsa. Men, har holda, sog‘lom aql g‘alaba qilsa kerak, deb o‘ylayman, - deydi dushanbelik Nodirxon ota.

“Tojikiston temir yo‘llari” shirkati mas‘ullarining bildirishicha, G‘alaba-Amuzang temir yo‘lida yuz bergan hodisa yuzasidan tergov-qidiruv ishlari nihoyasiga yetmagani sababli o‘zbekistonlik temir yo‘lchilar yo‘lni tiklash masalasi halicha hal qilinmaganini ma‘lum qilgan.
XS
SM
MD
LG