Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:25

Haydovchini xo‘rlagan "gaishnik"lar ishdan bo‘shatildi


Bu surat shu kunlarda Youtube portalida eng ko‘p ko‘rilayotgan va bahs bo‘layotgan videodan olindi.
Bu surat shu kunlarda Youtube portalida eng ko‘p ko‘rilayotgan va bahs bo‘layotgan videodan olindi.
Youtube portaliga joylashtirilgan videotasmada yoshgina o‘zbek haydovchisining avtomobili kalitini olib qo‘ygan militsionerlarga yalinib-yolvorishi aks etgan.

Shaxsi noaniq haydovchi yigit kalitni qaytib olishga urinar ekan, astoydil yig‘laydi.

- Aka, iltimos, bersinlar kalitimni, paravamni olib qo‘ysinlar, man ketay aka?! Syomka qilmang jonim akam, nima qilayapsiz ey?! - deya astoydil yalinadi haydovchi yigit.

Bundan zavqlangan militsonerlar unga har xil mazaxomuz savollarni ham tashlaydi.

Militsioner: Tavba qilsam, tavba. Birinchi marta ko‘ryapman bunaqa shopirni. Sug‘urtang yo‘qku?

- Hay ketishim kerak, deyapmanku aka? Paravamni olib qolyapsizlarku? Bunchalik o‘yin qilmanglar endi, aka eyyy, - deya yana yig‘laydi haydovchi yigit.



Videotasvirdan ko‘rinishcha, uni militsiya xodimlarining o‘zi suratga olgan va bu tasmaning Youtubeda paydo bo‘lishida ham ularning ishtiroki borligini taxmin qilish mumkin.

Bundan ikki yil muqaddam internetga joylangan, ammo faol foydalanuvchilarning tanlovi asosida bugunga kelib yana diqqat markaziga ko‘tarilgan bu tasvir ortidan Ozodlik muxbiri voqea bo‘lib o‘tgani aytilgan Buxoro viloyatining Kogon tumani Davlat avtomobil nazorati xizmati rasmiylari bilan bog‘landi.

Qisqagina surishtiruvlar davomida Kogon tumani DAN xizmati bu voqea bo‘lganini tasdiqladi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, avtomobil haydovchisini uning roziligisiz suratga olgan va keyinchalik bu tasvirning internetga chiqib ketishiga sabab bo‘lgan har ikki militsiya xodimi ishdan bo‘shatilgan.

Ishdan bo‘shatish ularga nisbatan ko‘rilgan yagona chora edimi yoki yo‘qmi, bu hozircha noma‘lum. Ammo, O‘zbekistonda Davlat avtomobil nazorati sohasi xodimlarining haydovchilar huquqlarini buzishi hollari ko‘p uchraydi.

DAN xodimlari bilan haydovchilarning tortishuvlari, kelishuvlari, ayrim hollarda esa janjallashib ketish hollari aks etgan videotasvirlar shu kunlarda o‘zbekistonlik ko‘pchilik mobil aloqa foydalanuvchilarining telefonlarida aks etgani aytiladi.

Bunday manzara aks etgan video tasmalarning ko‘pchiligini Youtube portalida ham uchratish mumkin.

Qator xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida eng korruptsiyalashgan davlatlardan biri sifatida qayd etib kelinayotgan O‘zbekistonda aynan DAN sohasi o‘ta korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi.

Shu o‘rinda Ozodlik o‘z mushtariylariga DAN xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi munosabatlarga oid shunday videotasmalar, ma‘lumotlar bo‘lsa hamda buni boshqa mushtariylar bilan o‘rtoqlashish istagi bo‘lsa, bemalol yo‘llashi mumkinligini eslatib o‘tadi.
XS
SM
MD
LG