Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:16

"Sevishganlar kuni" "G‘azal oqshomi"ga aylantirildi


Sevishganlar Rayhonsiz qoldi

O‘zbekiston poytaxtidagi yevropalashgan yoshlar G‘arbda Avliyo Valentin¸ O‘zbekistonda esa "Sevishganlar kuni" deb nom berilgan 14 fevralni pop qo‘shiqchi Rayhon kontsertiga borib nishonlashni odat qilgan.

Keyingi bir necha yil davomida 14 fevralda san‘atkorning “Sevaverarman” nomli kontserti bahona “Istiqlol” saroyi oshiq-ma‘shuqlarga to‘lib-toshar edi.

Rayhon
Rayhon
Lekin bu yil 14 fevralda Rayhon “Sevishganlar kuni"ga bag‘ishlangan an‘anaviy kontsertini o‘tkazmaydigan bo‘ldi.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, o‘zbek san‘atkorlari bundan buyon “Sevishganlar kuni”ga bag‘ishlab kontsert o‘tkazmaslik haqda og‘zaki tarzda ogohlantirilgan va shu sana munosabati bilan rejalangan barcha ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilingan.


"O‘zbeknavo" inkor qiladi...

Davlatga qarashli “O‘zbeknavo” estrada-san‘at birlashmasining o‘z ismini aytishni xohlamagan rasmiysi¸ san‘atkorlarga bunday buyruq berilganini inkor eta turib, Rayhonning 14 fevralga belgilangan kontserti xonandaning o‘z muammolari sabab boshqa kunga ko‘chirilganini aytdi.

“Rayhon ulgurmagani uchun sal cho‘zdi orqaroqqa. 14 fevral - "Sevishganlar kuni" haqida gapirsak, bu sana O‘zbekistonda tan olinmagan. Bu bayram emas, har kungi kunday o‘tadi. Valentin-Palentin bu Rossiyada, G‘arbda bayram qilinar, lekin bizda bu bayram emas”, dedi “O‘zbeknavo” estrada-san‘at birlashmasi raysmiysi.

Ozodlik xonanda Rayhonning o‘zidan bunga munosabat ola olmadi. San‘atkorning rasmiy saytida 14 fevralga belgilangan kontsert tayyorgarlik ishlari sabab 19 fevralga ko‘chirilgani haqida bildiruv qo‘yilgan.

14 fevral kuni Rayhon kontserti o‘rniga Toshkentning eng yirik “Istiqlol” saroyida o‘zbek mumtoz shoiri Zahiriddin Muhammad Boburning hayot va ijodiga bag‘ishlangan she‘riyat kechasi o‘tkazish rejalanmoqda¸ deydi saroy ma‘murlaridan biri.

- Rayhon kontserti 19 fevralda bo‘ladi. 14 fevralda “She‘r va qo‘shiq kechasi” bo‘ladi, dedi "Istiqlol" saroyi ma‘muri.

Sevaveramiz....

O‘zbekistonda Valentin kuniga bag‘ishlangan kontsertlarning norasmiy buyruq bilan bekor qilinishi o‘zbekistonlik ko‘plab sevishgan yoshlarni bu bayramni nishonlash ahdidan qaytorolmaydi.

- Xalqqa sevishni taqiqlab bo‘lmaydi. Menimcha bu kunni bayram qilishni o‘zbekistonliklar xohlaydi. Bu bayram qanday nishonlangan bo‘lsa, bu yil ham shunday nishonlanadi, deydi 26 yashar toshkentlik Iroda.

Ayni paytda¸ yana bir toshkentlik 23 yashar Dildora bu bayramni hech qachon nishonlamasligini aytadi.

- Hech qaysi yilda Valentin kunini nishonlamaganman. Yoshlar o‘zlari shu kunni o‘zlaricha bayram qilib olgan. Bu musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmasa kerak, deydi Dildora

Sayyod.com Valentin emas¸ Boburni tanladi

O‘zbekiston rasmiylari¸ o‘zbek yoshlarini yot madaniyat ta‘siridan himoya qilish urinishlarini davom ettirayotgan bir kezda¸ o‘zbek shou biznes saytlarida bu mavzu qizg‘in bahs qilinmoqda

“Rosti ham ruslarning "svyatosha"lari bilan bog‘liq bayramlarni targ‘ib etgandan ko‘ra, o‘zimizning g‘azal sultonlarini yodga olsak arzir”, - deb yozdi jumladan Sayyod.com nashri.

Newstar.uz nashrida chop etilgan “14 fevral Rayhonsiz” deb sarlavhalangan maqolada esa:

“2012 yilda nahotki, superyulduzning “Sevishganlar kuni"ga bag‘ishlangan an‘anaviy tusdagi kontsertlari bo‘lmasa? Aslida yurtimizda 14 fevralni muhabbat kuniga aylantirgan, bayram sifatida yoshlar orasiga kirib borishiga undagan Rayhonku! Shunday ekan, bu bayramni Rayhonning kontsertlarisiz nishonlash tatirmikan? Nima bo‘lgan taqdirda ham, fevralning oq-qora rangda bo‘lishini istamaymiz”, degan jumlalarni o‘qish mumkin.

G‘arb mamlakatlarida “Avliyo Valentin kuni” - sevishganlar bayrami sifatida nishonlanadigan 14 fevralni, sobiq SSSR tarqaganidan beri postsovet o‘lkalarida ham nishonlash urf bo‘lib qolgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida bu sana faqat Turkmanistonda rasman taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG