Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

O‘shda hokimiyat uchun kurash boshlandi


O‘sh shahar kengashi deputatligiga saylovda ishtirok etishi kutilayotgan “Ata jurt” va “Butun Qirg‘iziston” partiyalari saylov komissiyasiga ariza bermagani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Mazkur partiyalarning “Uluttar Birimdigi” partiyasi bilan birlashgan holda saylovda ishtirok etishi ma‘lum qilindi.

“Uluttar Birimdigi” partiyasi yetakchisi Taalaybek Sobirov partiyalar g‘oyalari bir–biriga yaqin bo‘lgani uchun birlashganini aytadi:

- Hozir “Ata jurt” partiyasi ham, “Butun Qirg‘iziston” partiyasi ham o‘z konferentsiyasini o‘tkazmadi, o‘zlarining nomzodlar ro‘yxatini ham tuzmadi. Ular bizning dasturimizni qo‘llab, biz bilan birga saylovda ishtirok etadi. Ularning nomzodlari bizning ro‘yxatga kirdi, - dedi Taalaybek Sobirov.

“Uluttar Birimdigi” partiyasi 2010 yilda tashkil qilingan. Partiya O‘sh shahar hokimi Melis Mirzaqmatovga qarashli ekani aytiladi.

Ayrim kuzatuvchilar “Uluttar Birimdigi” partiyasiga millatchilik ruhida ekani aytiluvchi “Ata jurt” va “Butun Qirg‘iziston” partiyalarining qo‘shilishini 2010 yil O‘sh qirg‘inining aybdorlari bo‘lgan mahalliy hukumat rahbarlarining jazodan qutilishga harakati sifatida baholaydilar:

- Sekin asta siyosat o‘zgarayapti, Sotsial-demokratlar partiyasining nufuzi va ta‘siri hokimiyatda kuchayib bormoqda. Hukumatdan iyun voqealarining haqiqiy gunohkorlarini, rahbarlarni jazolash talab qilinayapti xalqaro tashkilotlar tomonidan. Hukumat O‘sh shahar rahbarlarini ham javobgarlikka tortishga majbur bo‘ladi. Melis Mirzaqmatov partiya orqali o‘z pozitsiyasini kuchaytirishga harakat qilmoqda,- dedi o‘shlik huquq faoli Ravshan Gapirov.

O‘sh shahar saylov komissiyasining ma‘lum qilishicha, 45 o‘ringa ega bo‘lgan O‘sh shahar kengashi deputatligiga 8 partiyadan jami 706 nomzod ko‘rsatilgan. Shahar kengashi deputatlari saylovdan so‘ng O‘sh shahar hokimini tayinlaydilar. Shuning uchun 4 martdagi saylovda qaysi partiya ko‘p ovoz olsa, O‘sh meri o‘sha partiya vakilidan tayinlanadi.

- Melis Mirzaqmatovga qarashli partiya shahar kengashida ko‘proq o‘ringa ega bo‘lish uchun harakat qilayapti. Shahar kengashida “Uluttar Birimdigi” partiyasidan deputatlar 50 foizidan ko‘p o‘ringa ega bo‘lsa, u holda Melis Mirzaqmatov nimani buyursa o‘sha bo‘ladi, - dedi Ravshan Gapirov.

Mahalliy tahlilchi To‘lo‘go‘n Keldibayev esa mazkur uch partiyaning birlashuvi tabiiy siyosiy jarayon ekanini aytdi:

- “Ata jurt” va “Butun Qirg‘iziston” partiyalari O‘shda kuchli elektoratga ega. Shunga qaramay, bu ikki partiya “Uluttar Birimdigi”ni qo‘llamoqda. Parlament va prezidentlik saylovida aynan “Uluttar Birimdigi” partiyasining vakillari “Ata jurt” va “Butun Qirg‘iziston”ga yordam bergan. O‘sha yaxshiliklari esga olinib, bu partiyalar hozir “Uluttar Birimdigi” partiyasiga yordam berayapti. Bu tabiiy siyosiy jarayon, - dedi To‘lo‘go‘n Keldibayev.

O‘sh shahar saylov komissiyasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, saylovda ishtirok etish uchun 8 partiya ariza topshirgan.

Ammo tahlilchilar saylovda asosiy kurash mamlakat prezidenti mansub bo‘lgan Sotsial-demokratlar, Bosh vazir O‘murbek Babanov a‘zosi bo‘lgan “Respublika” va “Uluttar Birimdigi” partiyalari o‘rtasida o‘tishini ta‘kidlamoqdalar.

- Qonuniy va noqonuniy kurashlar mana shu uch partiya o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Saylov paytida, saylovdan avval siyosatchilar o‘rtasida, oddiy xalq o‘rtasida yoki kriminal o‘rtasida ham to‘qnashuv yuzaga kelishi mumkin. Sababi bugungi kunda jinoiy guruh vakillari ham 2-3ga bo‘linib olib, saylovda partiyalarga ko‘mak ko‘rsatmoqda,- dedi tahlilchi To‘lo‘go‘n Keldibayev.

Ayni paytda, saylovda ishtirok etayotgan partiyalar rasmiylari qonunbuzarliklarga yo‘l berilmasligiga umid bildirmoqdalar.

- “Ata jurt” va boshqa partiyalarning birlashgani bizda tashvish paydo qilmaydi. Saylovchilar kimga ovoz berishni o‘zlari hal qiladilar. Saylov qonun doirasida o‘tadi degan umiddamiz. Saylovda siyosiy to‘qnashuvlar bo‘lishi yoki qandaydir siyosiy o‘yinlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Biroq bu faqat taxmin va odamlar orasida aytilayotgan quruq so‘zlardir, - dedi Sotsial-demokratlar partiyasining O‘sh shaharidagi shtabi rahbari Zuurqan Qadenova.
XS
SM
MD
LG