Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:33

Tojikistonda "tablig‘chilar" sudlandi


Tojikistonda "Jamoati tablig'" a'zolari 2009 yilda ham sudlangan edi.
Tojikistonda "Jamoati tablig'" a'zolari 2009 yilda ham sudlangan edi.

“Jamoati tablig‘" tashkilotiga a‘zolikda ayblangan yetti kishi turli muddatlarga qamoqqa hukm qilindi. Jazolanganlarning hammasi So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘afurov tuman fuqarolari ekani aytilmoqda. Bu tashkilot Tojikistonda ekstremistik tashkilot, deb e‘lon qilingan.

Bobojon G‘afurov tumaniga qarashli Qistaqo‘z qishlog‘ida yashagan va ta‘qiqlangan “Jamoati tablig‘” ekstrimistik tashkilotga a‘zolikda ayblanib jazolanganlarning hamasi, tuman sudyasi Abdulhaq Mirzoyevning bildirishcha, mahkama jarayonida o‘z ayblariga to‘la iqror bo‘lgan.

- Sudlanganlar sud hukmi bilan yuz foiz rozi. Ular o‘z jinoyatlariga iqror,- dedi Bobojon G‘afurov tuman sudyasi Mirzoyev Ozodlik bilan suhbatda.

Mirzoyevning aytishicha, tuman hududida ekstremistik tashkilotning katta guruhi bir necha yildan buyon faoliyat yuritib kelgan. “Ammo shu kungacha ularning faqat yetti nafari qo‘lga olingan, qolganlariga qidiruv e‘lon qilingan”, dedi sudya Mirzoyev.

Sudya bilan suhbatdan ma‘lum bo‘lishicha, qistaqo‘zlik "tablig‘chilarga" Pokistonda ta‘lim olib qaytgan Abdujalol Valiyev va Tohir Zohidov boshchilik qilgan. Aynan ular da‘vati bilan boshqalar “Jamoati tablig‘” ekstrimistik tashkilotiga a‘zo bo‘lganlar.

Sudya Mirzoyev “noqonuniy guruh tuzgan va odamlarni unga a‘zo bo‘lishga da‘vat qilgan Abdujalol Valiyev va Tohir Zohidov besh yildanga qolganlar esa uch va to‘rt yildanga ozodlikdan mahrum qilingani"ni bildirdi.

Sudlanganlardan birining advokati himoyasidagi ikki kishining siyosiy iddaosi yo‘qligini, ular faqatgina musulmonlarni islomiy farzlarni bajarishga da‘vat etganini ta‘kidladi.

- Nomoz o‘qigani qatorida da‘vat ham qilgan. Biror varaqa tarqatmagan, misol biror kishi, biror millatga anavi qilmagan. Bu hammasi yengil boshqalarga nisbatan, dedi ismi oshkor etilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan advokat.

Advokatning gapiga qaraganda, “tablig‘”chilikda ayblanganlar o‘z ayblariga iqror ekani va sud hukmi yuzasidan biror idoraga shikoyat qilmasliklarini aytgan.

“Jamoati tablig‘” 2006 yil Tojikiston Oliy sud qarori bilan diniy-ekstremistik tashkilot deb e‘lon qilinib, bu mamlakat hududida faoliyati ta‘qiqlangan.

2010 yilning bahorida ana shu tashkilotga a‘zolikda ayblangan 56 kishi jazolandi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kungacha Tojikistonda yuzga yaqin fuqaro tablig‘chilikda ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum bo‘lgan yoxud jarimaga tortilgan.
XS
SM
MD
LG