Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:38

Toshkentda doimiy propiskaga qo‘yish boshlandi


14 may kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolarni doimiy qayddan o‘tkazishning yangi tartibi kuchga kirdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlubov tasdiqlagan bu tartib 2012 yil 16 fevral kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorga asoslanadi.

Vazirlar Mahkamasi o‘tgan yil 16 fevral kuni "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga qo‘yiladigan shaxslar toifasi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Ro‘yxati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qaror qabul qilgan edi.

Ammo bu qonun amalga oshishini maromlovchi hujjat to‘rt oy o‘tgach qabul qilindi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi Xorijga chiqish va kirish hamda fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining o‘zini Ravshan deb tanishtirgan xodimi 17 may kuni Toshkentda doimiy ro‘yxatga olish boshlanganini aytdi.

Yoppasiga “propiska” qilinadiganlar


O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri tasdiqlagan yangi tartibga ko‘ra¸ 2012 yilning 15 mayiga qadar Toshkentda uy sotib olib vaqtincha propiskada turganlarning hammasi yoppasiga doimiy propiska qilinadi.

Shuningdek bu tartibga ko‘ra¸ 2012 yil 15 mayga qadar Toshkentdagi imorat yoki kvartirani meros olganlarning hammasi doimiy qayddan o‘tkaziladi.

Ayni hujjatga ko‘ra¸ nikoh qayd etilganidan keyin eng kamida bir yil mobaynida Toshkent propiskasiga ega bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan birga yashaganini tasdiqlay olgan fuqarolar propiska qilinadi.

Nikoh chet elda qayd qilingan bo‘lsa¸ bu boradagi hujjat o‘sha mamlakatdagi
O‘zbekiston konsulxonasi tarafidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim¸ deyiladi bu qarorda.

Propiska muhri bir vaqtning o‘zida pasport va uy daftariga bosiladi.

Yangicha propiska qilinadiganlar


O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri imzolagan Toshkent shahri va viloyatida propiskaga turishga oid tartibga ko‘ra¸ bundan buyon 12 toifadagi fuqarolar Toshkentda doimiy qayddan o‘tish huquqini so‘rab ariza berishlari mumkin:

- shahardan uy sotib olgan shaxslar;
- propiskasi bor shaxslarning birinchi va ikkinchi darajadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarindoshlari;
- propiskasi bor fuqarolarning vasiylari;
- propiskasi bor shaxslarning ota-onasiz qolgan qondosh aka-uka va opa-singillari, shuningdek mehnatga layoqatsiz oilasi bo‘lmagan aka-uka va opa-singillari;
- propiskasi bor er(xotin), agar ulardan birining propiskasi bo‘lsa va kamida bir yil birga yashagan bo‘lsa;
- Toshkent shahrida doimiy propiskasi bor fuqarolar, agar ular doimiy propiska masalasi bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi boshqa manzilga murojaat qiladigan bo‘lsa;
- Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bor fuqarolar, agar ular doimiy propiska masalasi bo‘yicha Toshkent viloyatidagi boshqa manzilga murojaat qiladigan bo‘lsa;
- ilgari Toshkentda propiskada turgan, biroq o‘qish yoki uzoq muddatli xizmat safariga ketib qaytib kelgan yoki jazoni o‘tash muassasasidan ozod bo‘lgan shaxslar.

Vaqtincha propiska


Yangi tartibga ko‘ra¸ Toshkentga xizmat yoki o‘qish maqsadida kelganlar pasportiga vaqtincha propiska muhri uriladi.

Amaldor yoki deputatlar qancha muddatda amalda bo‘lsa¸ uning oila a‘zolari ham shuncha muddatga propiska qilinadi.

Vaqtincha propiska qilinadiganlar ro‘yxati hujjatga ko‘ra mana bunday:

- faqat amaldagi faoliyati davrida Toshkent shahriga tayinlangan amaldorlar va ularning oilalari;
- deputatlar va ularning oilalari;
- faqat ish davri davomida poytaxtga ishlashga taklif etilgan mutaxassislar va ularning oilalari;
- harbiylar va ularning oilalari.

Matlubov tasdiqlagan yangi tartibda¸ faoliyati tugagan amaldorning ikki kun ichida propiskadan chiqishi lozimligi aytiladi.

Mabodo hujjatlarni rasmiylashtirishda qalbakiliklar bo‘lsa, ish tergov organlariga yuboriladi¸ deyiladi hujjatda.

Propiska qilish qiyinligicha qolmoqda


Keltirilgan 12 toifaning juda ham tor doiradagi insonlar uchun qo‘llanishi va oddiy odamlarning Toshkent shahar va viloyatiga ro‘yxatdan o‘tish uchun biror yengillik yo‘qligi aytiladi.

Toshkentlik Malika ismli 30 yashar ayol turkiyalik yigitga turmushga chiqqan.

Malikaning otasi yolg‘iz va xastaligi bois ular Toshkentda yashashmoqda.

4 yildan beri erimni propiska qilishmayapti deydi Malika:

- Kecha yana bordim. Rosa odam ko‘p. Opa kutib turing deyishdi. 4 yildan beri kutaman. Erim bunaqa byurokratiyani ko‘rib hayron qoldi.

Malikaning eri bir yilda olti marta vaqtincha mehmon maqomini olib O‘zbekistonda yashash huquqini cho‘zib kelmoqda.

Malika bu murakkab jarayonga nuqta qo‘yilishini orzu qiladi.

Yopiq shahar


Toshkent shahri va viloyatiga kelgan O‘zbekiston fuqarolari ushbu hududlarda ro‘yxatdan o‘tmasdan besh kun yurishlari mumkin.

Besh kundan ortiq muddatga kelgan o‘zbekistonliklar majburiy tartibda qayddan o‘tishlari lozim.

Rasmiy manbalarda Toshkent shahri aholisi, 2011 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra, 2 million 300 mingdan ortiq ekani ko‘rsatiladi.

Ammo kuzatuvchilar ro‘yxatdan o‘tmagan holda poytaxtda yashab ishlab yurgan fuqarolar bilan Toshkent shahrining aholisi ushbu raqamlardan ancha yuqori ekanini ta‘kidlashadi.

Propiska haqidagi qonunlar marafoni


O‘zbekiston prezidenti 2011 yil 14 sentyabr kuni “Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga haqi bor fuqarolar” haqidagi qonunni imzolagan edi.
2012 yil 16 fevralda esa vazirlar mahkamasi bu boradagi yana bir qonunni qabul qildi.

Nihoyat 2012 yilda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolarning doimiy qayddan o‘tishning yangi tartibi kuchga kirdi.

Propiska kerakmi o‘zi?


O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘z fuqarolariga harakatlanish erkinligini kafolatlaydi.

Propiska haqidagi qonun ruhi Konstitutsiyaga zid kelayotgani mahalliy huquq himoyachilari xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Propiska tizimi hozirgi paytda Shimoliy Koreya ¸Rossiya¸ Belarusda mavjud.

O‘tgan yil avgustida Qozog‘iston fuqarolarning qayddan o‘tishini qattiq nazorat qiluvchi qonunni joriy qildi.

AQSh va G‘arbda qayddan o‘tish jarayoni o‘ta soddalashtirilgan.

Yevropada ijara shartnomasi yoki uy sohibligi haqidagi hujjatga asosan har bir fuqaro erkin tarzda qayddan o‘tkaziladi.
XS
SM
MD
LG