Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2023, Тошкент вақти: 19:36

O‘zMTRK Yevro-2012 litsenziyasini 1000$ dan sotayapti


O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi 8 iyundan 1 iyulga qadar Ukraina va Polshada o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati o‘yinlarini jonli namoyish qilishga izn beruvchi litsenziyani poytaxtdagi sport kafelariga 1000 dollardan sotmoqda.

Futbol chempionati namoyishi 1000 dollarga baholandi


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi - O‘zMTRK futbol bo‘yicha Yevropa chempionati o‘yinlarini teletranslatsiya qilish huquqini oldi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida reklama qilinayotgan video roliklarda aytilishicha, O‘zMTRK bu borada Osiyo teleradiouzatish ittifoqi bilan shartnoma imzolagan.

Endilikda Yoshlar va Sport telekanallarida 8 iyundan 1 iyulga qadar futbol bo‘yicha Yevropa chempionati o‘yinlarini jonli tarzda namoyish qilinadi.

Bu ikkita telekanal chempionat o‘yinlarini namoyish qilish huquqini bepul qo‘lga kiritdi.

Lekin O‘zMTRK ruxsatisiz O‘zbekiston hududida boshqa biror telekanal yoki kafe, restoran, choyxona, kinoteatr, istirohat bog‘lari, Internet kafelar va boshqa jamoat to‘planadigan joylarda Yevro-2012 o‘yinlarini namoyish qilish taqiqlanadi.

O‘zMTRKdan ruxsat olish huquqini qo‘lga kiritish uchun tashkilot Toshkentda joylashgan bo‘lsa¸ 1000 AQSh dollari, viloyatlarda bo‘lsa 500 dollar to‘lashi shart bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniya rahbariyatidan bu borada ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda¸ O‘zMTRKga xorazmlik mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qilgan Ozodlik muxbiri bu jarayonga oid ayrim tafsilotlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi:

- Kafe uchun 500 dollarni o‘zbek so‘mining davlat kursi bo‘yicha faqat pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘laysiz. Siz Toshkentga to‘lashingiz shart emas. Xorazm teleradokompaniyasi bilan shartnoma tuzasiz. Pulni ular hisobiga 500 dollarni o‘tkazib bersangiz bo‘ladi. Keyin ular sizga akt, ruxsatnoma beradi. Bu kabelniy televideniyelarga tegishli emas. Ular bilan shartnoma tuzilmaydi. Bu faqat kafe, restoran, ovqatlanish shahobchalaridan talab qilinadi, dedi O‘zMTRK reklama bo‘limi xodimi.

O‘zMTRKda ishlovchi jurnalistlardan birining o‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan aytishicha, teleradiokompaniyaning Osiyo teleradiouzatish ittifoqi bilan imzolangan shartnomasi ancha qimmatga tushgan va bu pulini chiqarib olish va yana tijorat qilish maqsadida mahalliy tashkilotlarga lizentsiyalar qimmat narxda sotilayapti.

O‘zMTRKning Yevro-2012 translyatsiyasi huquqini qanchaga sotib olgani ochiqlanmayapti.

"1000 dollar ancha qimmat"


Toshkentning Hamza tumanida joylashgan Black.uz nomli sport kafesi Yevro-2012 chempionati o‘yinlarini namoyish qilishni rejalashtirmoqda.

Kafeda yettita kichik xona bo‘lib, jami 55 nafar muxlisni qabul qilish imkoniga ega. Har bir xonaga televizor ekranlari o‘rnatilgan bu kafeda avval ham futbol bo‘yicha Osiyo va Jahon chempionatlari namoyish qilingan.

Biroq bu safargi chempionat o‘yinlari uchun 1000 dollar to‘lash masalasi kafe menejerlarini biroz o‘ylantirib qo‘ygan.

Black.uz kafesining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, doimiy mijozlar talab va istaklaridan kelib chiqib, qimmat bo‘lsa ham Yevro-2012 o‘yinlarini namoyish qilish huquqini beruvchi hujjatni sotib olishga ahd qilishgan.

- 1000 dollar to‘lash oson emas. Lekin biz bu pulni to‘lab, hujjatni olamiz. Bu yerda gap daromad ko‘rish haqida emas. Buni doimiy mijozlarimizni saqlab qolish maqsadida qilayapmiz. Chunki chempionat payti mijozlar ko‘payadi. Kafega keladigan mijozlarimiz orasida haqiqiy futbol ishqibozlari ko‘p. Ular hatto sevimli komandasi yutqazib qo‘ysa, yig‘lagan holatlari ham bo‘lgan, deydi Black.uz kafesining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Yevro-2012 o‘yinlarini litsenziyasiz namoyish qilgan shaxs O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha, jumladan, “Mualliflik huquqi” to‘g‘risidagi qonunni buzganlik aybi bilan javobgarlikka tortiladi.
XS
SM
MD
LG