Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:55

Yana bir afg‘on kelini zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi


Gulsiyqaning jarohatlari bitgan, lekin u hali ham yura olmaydi.
Gulsiyqaning jarohatlari bitgan, lekin u hali ham yura olmaydi.

Afg‘onistonlik Gulsiyqa ismli 20 yoshli kelinchak Kobuldagi tanishlaridan birining uyda yashirinib yuribdi. Gulsiyqaning eri uni bola tug‘a olmagani uchun o‘q otar quroldan yaralagan. Hozirda eri ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan Gulsiyqa boshdan kechirganlarini Ozodlik muxbiriga gapirib berdi.

Gulsiyqa erga berilganida 13 yashar qiz edi. Uning aytishicha kelinchaklik davrining dastlabki 10 kuni yaxshi o‘tgan, lekin undan keyin uning ko‘rgiliklari boshlangan.

Oradan yetti yil o‘tib, Gulsiyqa Kobuldagi tanishi uyida yashirinib yurishga majbur. Uning eri hozir qamoqda, o‘tgan oyda Gulsiyqani otib o‘ldirishga uringanlik aybi bilan sud boshlanishini kutib yotibdi. Bu voqea ularning Tahordagi uylarida ro‘y bergan.

Asli qandahorlik Gulsiyqaning yoshi 20 da. U o‘z boshidan kechirganlarini Ozodlik muxbiriga gapirib berdi. Eri “bola tug‘mayapsan” deya unga qarata o‘q otgan paytdagi manzarani Gulsiyqa tasvirlab berdi.

- Ichak-chovoqlarim qornimdan chiqib, yerda, yonimda yotar edi. Qaynonam ichak-chovoqlarni qornimga qaytarib soldida, latta bilan bog‘lab qo‘ydi. U menga “yig‘lama, yig‘lama” dedi. Nafas ololmas edim. Og‘zim bilan havoni tortish juda qiyin edi, deydi Gulsiyqa.

Afg‘onistondagi Mustaqil inson huquqlari komissiyasi bu voqea haqida Ozodlikka ma‘lum qilishidan bir necha oy oldin yana bir 15 yashar afg‘on kelinchagi eri va erining oilasi tomonidan qiynoqqa solinganiga oid voqea ko‘pchilikni dahshatga solgan edi.

BMTning Ayollar taraqqiyot jamg‘armasi e‘lon qilgan ma‘lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollarning 90 foiziga yaqini u yoki bu ko‘rinishda uydagi zo‘ravonlikdan aziyat chekadi va Afg‘oniston ayollar uchun eng xavfli mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Gulsiyqaning aytishicha, oilasi uni opasining qaynog‘asiga erga tegishga majburlagan va ushndan keyin ko‘rgiliklari boshlangan. Homilali bo‘la olmagach eri va qaynonasi unga zulm qila boshlaydi.

Muammoni hal etish uchun Gulsiyqaning akasi oz-moz pul berib shifokorga ko‘rinishni maslahat qiladi. Shifokor uni tekshirib ko‘rgach, homila bo‘lmasligiga Gulsiyqa emas, eri sababchi ekanini taxmin qiladi.

- Duxturlar har xil analizlarni olib, UZI qilib ko‘rdi. Ular menga hech qanday muammo yo‘q, deb atyishdi. Qaynonamga “menda hech qanday muammo chiqmadi, o‘g‘lingizga ayting, o‘zini tekshirib ko‘rsin”, dedim, deydi yosh juvon.

Gulsiyqaning aytishicha, o‘ziga nisbatan zulm, ayniqsa, eri qarindoshlardan biri bilan don olisha boshlagach kuchayadi.

Eri otib yaralagan Gulsiyqani qo‘ni-qo‘shnilar shifoxonaga olib keladi va shifokorlar uning hayotini qutqarib qoladi. Hozir Gulsiyqaning jarohatlari bitgan, lekin u hali ham yura olmaydi.

Hozirda uning eri qamoqda sud boshlanishini kutib yotibdi. Gulsiyqa unga uzoq muddatli qamoq berilishiga umid qilmoqda.

- Meni o‘ldirishsa ham, unga qaytmayman. Ulardan ko‘rganib zulm bo‘ldi xolos. Meni kaltaklab, qiynashardi xolos. Ko‘radiganimni ko‘rib bo‘ldim. Meni unga qaytishga majburlasha olmaydi, degan umiddaman. Yangidan turmush qurishni juda-juda istayman, deydi 20 yashar Gulsiyqa.
XS
SM
MD
LG