Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:05

“Sehrgar” tojik jurnalisti ishdan haydaldi


Tojikiston radiosining muxbiri, bu mamlakat Yozuvchilar uyushmasining a‘zosi Gulnora Usmonovani hamkorlari “tuproq sochish” va “sehrgarlik”da ayblagan.

Bundan qattiq iztirobga tushgan jurnalist “bu qaror o‘ziga nisbatan shaxsiy xusumat tufayli qabul qilingani”ni aytdi va yuzaga kelgan mojaro borasida Ozodlik radiosiga batafsil gapirib berishni istamadi.

Ayni paytda Tojikiston radiosining madaniy va ma‘rifiy dasturlar bo‘limi muharriri Gulnora Usmonova “mehnat faoliyati me‘yorlarini buzgani uchun” ishdan haydalgani aytildi.

Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining prezidiumi esa 14 iyun kuni “Adabiyot va san‘at” ro‘znomasida e‘lon qilingan xabarnomasida “G. Usmonova o‘zining g‘ayrioddiy xatti-harakatlari bilan hamkorlarining tinchini buzgani va hatto ularni qo‘rqitib qo‘ygan”i uchun ishdan bo‘shatilgani bildirilgandi.

“Redaktsiya faxriylaridan bir necha kishi uni (Gulnora Usmonova nazarda tutilayapti, - tahr.) jurnalistga xos bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rgan, bu esa ularda tashvish uyg‘otgan... tumorbozlik, jodugarlik kabi nomaqbul ishlar shu paytgacha redaktsiyamizda kuzatilmagan”, deyiladi xabarnomada.

So‘nggi bir necha yil davomida Tojikiston matbuotida hamkorlar o‘rtasida mavjud ziddiyatlar haqida ko‘plab maqolalar nashr qilindi, ammo jurnalistga nisbatan bunday ayblov ilk bor, u ham bo‘lsa davlatning yetakchi nashrida yangramoqda.

Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mehmon Baxtining Ozodlik radiosiga ma‘lum qilishicha, Tojikiston Radiosi xodimlaridan bir guruhi undan Gulnora Usmonova bilan suhbatlashib, ishxonada bunday nomaqbul ishlarni qilmaslikdan ogohlantirib qo‘yishini so‘ragan.

- U ishxonada suv sepib, tuproq sochib, tumorbozlik qilib, hamkorlarini qo‘rqitib qo‘ygan. Biz uni chaqirib suhbatlashdik, bu ishni prezidiumda ko‘rib chiqdik. Biz unga qattiq muomala qilmadik, faqat nasihat qildik, - deydi Mehmon Baxti.

Uning aytishicha, mazkur masala muhokamasi chog‘ida hatto Gulnora Usmonovani Yozuvchilar uyushmasi a‘zoligidan chiqarib tashlash borasida ham takliflar bo‘lgan.

Jurnalist Usmonova Yozuvchilar uyushmasi xatiga javob yozganini va agar bordiyu unga rad javobi berilsa, u holda ayrim sobiq hamkorlarining shikoyatiga javob qaytarishini aytdi.

Redaktsiya bosh muharriri Zafaron Muhabbatovaning ma‘lum qilishicha, Gulnora Usmonova mehnat ahloqi me‘yorlarini buzganligi, ya‘ni sababsiz ishga kelmagani tufayli ishdan bo‘shatilgan.

Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zosi Gulnora Usmonova 2003 va 2012 yillarda nashrdan chiqqan bir nechta kitob muallifi hamdir.
XS
SM
MD
LG