Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:05

Toshkent Yuridik instituti rektori ishdan olindi


Toshkent markazidagi Skver - Amir Temur xiyobonida joylashgan Toshkent Yuridik institutibinosiga kirish.
Toshkent markazidagi Skver - Amir Temur xiyobonida joylashgan Toshkent Yuridik institutibinosiga kirish.

Toshkent Davlat Yuridik institutini 12 yil davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyev oliy o‘quv yurtlariga navbatdagi imtihonlar boshlanishi arafasida rektorlik lavozimidan bo‘shatildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, 57 yashar professor Mirzayusuf Rustamboyev ayni qabul jarayoni ketayotgan payti kutilmaganda Toshkent Davlat Yuridik instituti rektorligidan olindi.

Toshkent Yuridik institutining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, Rustamboyev 2 iyul kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ishdan olinib, uning o‘rniga mazkur institutda ma‘naviyat ishlari bo‘yicha rektor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan yuridik fanlari doktori Omonulla Muhammadjonov tayinlangan.

- Bizda dushanba kuni rektor o‘zgardi. Rustamboyev o‘rniga Omonulla Muhammadjonov rektor bo‘ldi. Sabablarini biz bilmaymiz. Yuridik instituti Adliya vazirligiga qaraydi. Ular o‘zgartirdi rektorni, dedi Yuridik instituti xodimi.

Suhbatdoshimiz¸ qabul ketayotgan paytda rektorning o‘zgartirilishi institut xodimlari uchun kutilmagan voqea bo‘lganini qo‘shimcha qilib qo‘ydi.

Yuridik institutining boshqa bir xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Rustamboyevning ishdan olinishiga biroz oydinlik kiritdi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz suhbatdoshga ko‘ra, Rustamboyev Yuridik institutda o‘tkazilgan tekshirish natijasida ishdan olingan.

- Adliya vazirligi institutimizda tekshirish o‘tkazdi. Shundan keyin Rustamboyev ishdan olindi. Hozircha tekshirish natijalari ma‘lum emas. Biroq Rustamboyevni Adliya vazirligi oldi ishdan, deydi Yuridik instituti Qabul bo‘limida ishlayotgan rasmiy manba.

Respublika huquq idoralariga yaqin 12.uz sayti Yuridik institutda rektor almashishi O‘zbekiston prezidenti qaroriga ko‘ra amalga oshirilgani haqida yozdi.

Uzmetronom.com sayti esa Mirzayusuf Rustamboyev “o‘z xohishiga ko‘ra ishdan olingani”nini xabar qildi. Ayni paytda mazkur sayt Rustamboyevning ishdan ketishiga “institutda avj olgan korruptsiyaga aloqadorligi” sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

Yuridik institutda korruptsiyaning nihoyatda avj olgani¸ institutga kirish uchun O‘zbekistonda o‘ziga xos rekord o‘rnatib kelayotgan miqdorda pora berish shartligi aytib kelinadi.

Xususan¸ Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhining O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun to‘lanadigan pora narxiga oid o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent Yuridik instituti pora narxining yuqoriligi bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallaydi.

Joriy yilda Yuridik institutga “kirish narxi”ning 35 mingdan 40 ming AQSh dollari atrofida ekani aytilayapti.

2010 yilda Yuridik institut rektorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori Davron Ahmedov imtihonlar payti pora olayotganida maxsus xizmat tomonidan ushlangan edi.

O‘sha paytda bu voqeaga Mirzayusuf Rustambekovning ham aloqadorligi, uning ham poraxo‘rlikda gumon qilinayotganiga oid xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Bu voqeadan keyin yurak xuruji tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan Rustamboyevning hatto ishdan ketish haqida ariza yozgani ham aytilgan edi.

Lekin Davron Ahmedov mahkamaga tortilib, qamoqqa tashlandi, Rustamboyev esa yana ikki yil rektorlik kursida qoldi.

Sobiq ittifoq davrida qisqa muddat O‘zbekiston Bosh prokuraturasida faoliyat ko‘rsatgan Mirzayusuf Rustamboyev mustaqillik davrida Yuridik institutda oddiy metodistlikdan rektorlik darajasigacha ko‘tarildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Rustamboyev 2000 yildan to joriy yilning 2 iyuligacha mamlakatdagi eng obro‘li oliygohlardan biri Toshkent Yuridik instituti rektori lavozimida ishlab keldi.

2005 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan Rustamboyev Oliy Majlisning qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari ham edi.

Hozirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining rasmiy saytida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining rais o‘rinbosari lavozimi vakant tarzida ko‘rsatilgan.
XS
SM
MD
LG