Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:36

Qozoqcha sotsialistik realizm


Ostonada yosh kinorejissyorlar suratga olgan filmlar tanlovi o‘z ishini yakunladi. Unda Ostonada amalga oshirilgan buyuk bunyodkorlikni tamsil qiluvchi ijobiy qahramon ishtirokidagi filmlar g‘olib deb topildi.

Mamlakat parchalanib ketish tahdidi ostida qolgan. Qo‘llarida qurol ushlagan yovuz odamlar Ostonaning yaltiroq ko‘chalarida izg‘iydi. Mamlakatni bu yovuzlardan qutqarish uchun Qozog‘istonga qahramon kerak.

“"Elboshi” degan rasmiy maqom olganiga qaramay¸ hatto prezident Nursulton Nazarboyev ham bunday qahramonga intiq.

Osiyoning yosh kinochilari bunday intiqlikka “labbay” deb javob berib¸ Qozog‘iston va qozoqlar ertasini yovuzlardan qutqarishga qodir qahramonlar galereyasini yaratdilar.

3 iyul kuni Ostonada o‘z ishini tugatgan yoshlar san‘at festivalida g‘olib deb topilgan kinorejissyorlar aynan shunday qahramon obrazini yaratganlari uchun g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildilar.

Bu tanlov keyingi yillarda Hollivudda mashhur kinoyulduzlar ishtirokida filmlar suratga olib kelayotgan qozoq kinorejissyori Timur Bekmambetov uyushtirgan Ostona xalqaro jangovar filmlar festivalining tarkibiy qismidir.

yoshlar san‘at festivalida ishtirok etgan Osiyodagi yuzdan oshiq kinorejissyordan Qozog‘istonning yosh¸ shijoatli va hayot qaynagan poytaxti Ostona ramziga aylanuvchi original qahramon yaratish uchun o‘z ijodiy mahorati va tasavvurini ishga solish so‘raldi.

Joriy yil dekabr oyida Ostonaning Qozog‘iston poytaxti sifatida rasman ish boshlaganiga 15 yil to‘ladi va bu sananing katta tantana bilan nishonlanishi kutilmoqda.

Aftidan¸ kinochilar orasida maxsus tanlov o‘tkazib¸ Ostona ramzi bo‘lishga loyiq qahramonni topish istagi ana shu tantanalar bilan bog‘liq.

Qisqa metrajli jangovar filmlar kategoriyasida g‘olib topilgan Vladimir Sim Ozodlik bilan suhbatda mahalliy qahramonga ehtiyoj borligini aytar ekan¸ Ostonaning Eyfel minorasi bo‘lgan Boyterakda Spiderman¸ ya‘ni O‘rgimchak odamning o‘rmalab yurishini tasavvur qilish qiyinligini ta‘kidlaydi:

- Agar O‘rgimchak odam Boyterak ustida sakrab yursa¸ buning qozoq xalqi orasida aks-sado berishiga ishonmayman. Shu bois men bir oz xayol-tasavvurga erk berib¸ qozoqlar o‘tmishidagi qahramonni kelajakda qaytarishga qaror qildim. Shu tariqa Abulxayr obrazi paydo bo‘ldi¸ deydi Ostonada o‘z ishini tugatgan yoshlar San‘at festivali g‘oliblaridan biri Vladimir Sim.

Tanlovda g‘olib deb topilgan Simning qisqametrajli filmida¸ darhaqiqat¸ o‘rta asrlardagi qozoq xoni Abulxayr haqidagi ertak zamonaviy dunyoga moslanadi¸ o‘tmish xoni yovuzlarni yengishga qodir sehrli qudrat sohibi sifatida kelajakka qaytadi.

Film boshlanar ekan¸ Abulxayr kechayu kunduzi ko‘zni qamashtiradigan osmono‘par binolar makoni bo‘lmish zamonaviy Ostonaga kirib keladi. Film davomida bir necha bor Abulxayr moziy va kelajak o‘rtasida safar qiladi¸ yovuzlarning qurollarini o‘z sehri bilan tortib oladi va Ostonaning kelajak avlodlarga bus-butun yetkazilishini ta‘minlaydi.

Ostona tanlovida yosh rejissyorlar turli janrda ishlangan filmlari bilan qatnashdi. Qirg‘iziston sobiq prezidenti Roza O‘tunboyevaning o‘g‘li Atay Sadibakasov qisqa metrajli animatsion kartina bilan qatnashdi.

Uning “Superqahramon” deb nomlangan bu filmi Xitoy va Janubiy Koreyadan qatnashgan rejissyorlar asaridan so‘ng animatsion kartinalar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.

Film boshlanishida so‘nggi ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan xavfsizlik markazi xodimlari o‘g‘irlik haqida xabar oladilar.

Shundan so‘ng Hollivud filmlaridagiga uyqash o‘g‘rilarni quvlash sahnasi boshlanadi. Politsiya o‘g‘rilar izini yo‘qotdim deganda¸ ular ustida ulkan ko‘lanka paydo bo‘ladi.

Ko‘k¸ qora va oltinrang kiyim kiygan¸ ko‘rinishi qozoq-qirg‘izga mengzash qudratli erkak o‘g‘rilar mashinasini o‘z oyoqlari ostida ezg‘ilaydi.

Bu qahramon libosi ustidan bog‘lagan kamarida Qozog‘iston bayrog‘idagi naqsh aks etgan. Uning yelkalari ortidagi qudratli oltin qanotlari yana shu qozoq bayrog‘ida suratlangan cho‘l burguti qanotlariga uyqash.

yovuz o‘g‘rilarni adolat o‘rnatuvchi politsiyachilar qo‘liga topshirgach¸ oltin qanot qahramon yana ko‘kda g‘oyib bo‘ladi.

Keyingi kadrlar Ostonadagi Oq o‘rda prezident saroyiga ko‘chadi. Bu yerda jiddiyat bilan nimalarnidir muhokama qilayotgan oq sochli keksa odamning orqasi ko‘rinadi. Mashvaratni buzishni istamagan yordamchi oqsoqol qulog‘iga nimalarnidir shivirlaydi. Oqsoqol sekin bosh irg‘itadi.

Bu kadrlardan Oq o‘rdada o‘tirgan Nursulton Nazarboyevning Ostona va Qozog‘istonning asl himoyachisi ekani anglashiladi. Lozim bo‘lganda sehrli qahramonni yovuzlarni mahv etishga yuborgan ham¸ aynan Nazarboyev bo‘lib chiqadi.

Qo‘shni mamlakat sobiq prezidenti o‘g‘lining Nazarboyevni “superqahramon” qilib ko‘rsatgan bu filmini tanlov hay‘atida o‘tirganlar barobarida¸ Nazarboyevning o‘zi ham g‘oliblikka saralagan bo‘lsa¸ ajab emas.
XS
SM
MD
LG