Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:51

MTSning to‘xtashi ijtimoiy muammolar yaratdi


“MTS-O‘zbekiston” savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatgan “O‘zdunrobita” shirkati faoliyatining to‘xtatilishi operator xizmatidan o‘z kasb-kori doirasida foydalanib kelgan o‘zbekistonliklar uchun muammolar yaratdi.

Mobil texnologiyasi rivojlangan sari, O‘zbekistonda ham o‘z kasbiy faoliyatini faqat telefon orqali muvofiqlashtiradiganlar qatlami paydo bo‘ldi.

Transport, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, qurilish va shou biznes vakillari MTS to‘xtaganidan keyin mijozlar bilan bog‘lanishda katta muammolarga duch kelganini aytishmoqda.

Taksi internetsiz qoldi


Toshkentdagi "Aeroport-Taksi" shirkati foydalanadigan internet MTSga ulangani bois shirkat Internet xizmatidan mosuvo bo‘ldi.

Taksi shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda o‘z korxonasi uchun Internet juda muhim ekanini urg‘ulab, tadbirkorlikka yetgan ziyondan gapirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, MTS o‘chishi haqida ular oldindan habardor qilinmagan.

- Internet o‘chganidan keyin qiynaldik. Sim kartalarni almashtirishga to‘g‘ri keldi. Xozir boshqa mobil shirkati bilan ishlayapmiz. Mijozlar, haydovchilar va rahbarlar o‘rtasidagi telefon aloqasi ham muammoga uchradi, deydi taksi shirkati vakili.

Toshkentdagi boshqa shirkatlarning taksi haydovchilari va yuk mashinasida kirakashlik qiluvi shoferlar ham o‘z mijozlarini yo‘qotib qo‘yganidan nolishdi.

Haydovchilik kurslari mushkul ahvolda qoldi


Toshkentning Bektemir tumanidagi haydovchilik kurslarida o‘qiydigan o‘quvchilarning 80 foizi MTS telefon aloqasiga ega bo‘lgani bois hozir ularning faoliyatni muvofiqlashtirish qiyin bo‘lmoqda deydi, Bektemir shaharchasining Boyqora ko‘chasida joylashgan haydovchilik o‘quv markazining Shahnoza ismli ma‘muri Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra, mashina haydashni o‘rganishi kerak bo‘lgan 200 nafar o‘quvchi va haydovchi trenerlarni bir-biri bilan bog‘lash deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan.

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtixon topshirishni ham muvofiqlashtira olmayapmiz deydi suhbatdosh.

Bemorlar bilan ulana olmayapmiz


Toshkentda aholiga tibbiy hizmat ko‘rsatuvchi xususiy klinika vakili Gulandom Abdullayeva bemorlar bilan aloqa uzilib qolganidan tashvishlandi.

Mikrofonsiz suhbat chog‘ida Gulandom Abdullayeva o‘z shirkatining jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bemorlarning reabilitatsiya muolajalaridan o‘tish davrida ular bilan doimiy aloqada bo‘lish zarurati borligini aytadi. Suhbatdoshlarga ko‘ra, mijozlarning aksar ko‘pchiligi MTS mijozlari bo‘lgani bois ular bilan aloqa deyarli uzilib qolgan.

Avtomobil remonti ham telefonga bog‘liq


Ozodlik bog‘langan Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkentdagi avtomobillarni ta‘mir qiluvchi xususiy shirkatlar telefon o‘chgani bois mijozlarni yo‘qotib qo‘yganini aytishdi.

MTSdan boshqa aloqa vositalariga ega bo‘lgan shirkat vakili Ozodlik bilan suhbatda o‘z ustalarining Bilayn aloqa tizimida ekanini aytdi.

Ayni paytda mijozlarning ko‘pi MTSda. Ustalar o‘z mijozlarini yo‘qotib qo‘ydi.

Bu esa avtomobil ta‘mir qilinadigan ustaxonalar ish maromiga jidiy zarar yetkazgani aytildi.

To‘y mavsumida san‘atkorni topish qiyinlashdi


MTS aloqasi uzilgan soatda eng birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston shou-biznesi vakillari o‘zlarining yangilangan telefon raqamlarini shou-biznesni yorituvchi saytlarda e‘lon qilishdi.

Ozoda Nursaidova, Yulduz Usmonova hamda Nasiba Abullayeva dohil 20 dan ziyod ashulachi zudlik bilan telefoni o‘zgargani haqida ma‘lumotni 17 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 17 da ochiqlashdi.

Nasiba Abdullayevaning ma‘muriy ishlar bo‘yicha yordamchisining Ozdodlikka ma‘lum qilishicha, to‘y mavsumida telefon raqamining o‘zgarishi san‘atkor uchun muammoli holat.

San‘atkorlar va ular xizmatidan foydalanuvchilar ro‘zadan oldin, to‘y mavsumining eng qizigan paytida mijozlarni yo‘qotib qo‘ydi deydi klipmeyker Sanjar Hojiyev.

"Odamlar kemadan qolib ketgan yo‘lovchiday bo‘lib qoldi"


Toshkentlik Shavkat Badalovning aytishicha, birdaniga aloqadan uzilgan odamlar bir narsasini yo‘qotganday bo‘lib qoldilar.

- Umuman kemadan tushib qolgan odam singari bo‘lib qolganda bular hozir. Peshindan oldin glavpochtamtning oldidan kelayotgan edim. O‘sha yerdagi Ucell kompaniyasida eng kamida 50tacha odam turibdi. Undan tashqari bir-ikkita xodimlarni tashqariga chiqarishgan. O‘sha yerda stol-stul qo‘yib o‘tirishibdi. Odam gavjum. Nomer berishayotgan ekan. Kimniki MTSda bo‘lsa, telefon qilasiz, nomer javob bermaydi. Kimning cho‘ntagida MTS nomeri bo‘lsa, dunyodan uzilib qoldi hisobda. Hammaning ishi telefon bilan. Bu yoqdan u yoqqa boradigan bo‘lsa ham, bitta odamni kutib oladigan bo‘lsa ham telefon bilan. Telefoni yo‘q bo‘lib qolgan odam uchrashishi kerak bo‘lgan odamini topa olmaydi. Oila bilan, ishxona bilan uzilib qolgan. Masalan bitta xodim u yoq bu yoqqa ketib qolsa, o‘sha xodim qayerdaligini bilish uchun telefon bor paytda telefon qilib “tez yetib kel” deb aytardi. Telefoni ishlamasa, qayerdan xabar beradi? Tirik odamning o‘rniga soyasi qolganday bo‘lib yuradida, deydi Shavkat Badalov.

"Og‘aynilarimni topolmay jonim halak"


Samarqandlik Umarjon aka esa, kerakli odamlari oldiga telefon qilolmay o‘zi borib kelganini aytadi.

- Chatoq bo‘ldida. Svyaz bo‘lmayapti hozir. Ko‘plar 66 olgan do‘stlar, og‘aynilar. Chiqolmayapmiz. 66 lik MTS liniyasiga chiqa olmayapmiz. Qiyin bo‘layapti. Oxiri majbur bo‘layapmiz oldiga borib kelishga. O‘zi ham bezor bo‘lib boshqa kompaniyaga o‘tayapti, deydi Umarjon aka.

"Odamlarning hali ham MTSdan umidi bor"


Ba‘zilar umid bilan yana ishlab ketarmikan deb, vaqtincha boshqalar operatorlar sim-kartasidan foydalanyapti, ba‘zilar almashtirib olishyapti, deydi Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida istiqomat qiladigan Ne‘matjon Siddiqov.

- Ishlab turgan telefon ishlamay qolsa, to‘liq noqulaylikda bu. Darrov sim karta olib, hozir birovlarning telefonidan foydalanib yuribdi odamlar ham 10 kundan keyin ishlab ketar degan umidda. Odamlar sim kartasini almashtirayapti. Kundalik hayotda kerak endi. Ishlab ketsa, yana qo‘yib olaveradi. Ishlamaydigan bo‘lsa, almashtiradida, deydi Ne‘matjon Siddiqov.

"Boshqa kompaniyalarga mazza bo‘ldi"


Sirdaryolik Bobur domlaga ko‘ra, boshqa mobil kompaniyalar oldida tumonat odam yig‘ilgan, hamma MTSdan butunlay voz kechib boshqa kompaniyalarga o‘tib ketyapti.

- Odamlar boshqa kompaniyalarga o‘tib ketishayapti. Hammasida vahima. Hammasi nima qilishini bilmayapti. Axborot yo‘q. Bilganlar endi sal-sal yetkazib turibmiz. Kompaniyaning oldidan o‘tdim. Odamlar ko‘p. Boshqa kompaniyalarga o‘tishayapti. Ertalab paynetga kirsam, bitta odam to‘rt-beshta sim karta almashtirayaptida, deyid sirdaryolik Bobur domla.

Muhojirlar yaqinlaridanxabar kutyapti


Rossiyaning Novosibirsk shahrida ishlayotgan surxondaryolik G‘ulomjonga ko‘ra, MTS kompaniyasi faoliyati to‘xtatilgani ayniqsa mehnat muhojirlariga katta qiyinchilik keltirdi. Ular o‘z yaqinlari bilan aloqa qilolmay xunob bo‘lyapti.

- Telefon qilib ko‘rdim. Ishlamayapti. Diqqat bo‘lasizda. Bir-ikki kun bir-birimizni topishga qiynalamiz. Amakim bor yonimda. Uning ham otasi MTS edi. “Ishlamayapti, boshqa sim kartaga o‘tamiz deyapti” dedi, deydi Rossiyaning Novosibirsk shahrida ishlayotgan surxondaryolik G‘ulomjon.
XS
SM
MD
LG