Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:50

MTS siyosiy o‘yin qurbonimi?


Millionlab aholisi mobil aloqasi nazoratini Rossiya shirkatiga berish qaroridan qaytgan nafaqat O‘zbekiston¸ balki Turkmanistonda ham MTSning "sindirilishi" ortida moliyaviy manfaatlar barobarida siësiy sabablar ham borligi aytilmoqda.

MTS-O‘zbekiston aloqa kompaniyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi talabi bilan to‘xtatganiga 23 iyul kuni 6 kun bo‘ldi.

O‘zbekiston - Rossiyaning “Mobilnie TeleSistemi” kompaniyasi muammoga duch kelayotgan postsovet hududdagi yagona davlat emas.

MTS “jug‘rofiyasi”


Mobilnie TeleSistemi” kompaniyasi Rossiya va O‘zbekistondan tashqari Armaniston, Belarus va Ukrainada aholiga telekommunikatsiya xizmati ko‘rsatib keladi.

Tilga olingan mamlakatlar orasida 2010 yilning 21 dekabrigacha Turkmaniston ham bor edi.

Ashxobod MTSni Toshkentdan oldin “o‘chirgan”


Aynan o‘sha kuni “MTS-Turkmaniston” bu mamlakat Aloqa vazirligi 2010 yil, 15 dekabrda jo‘natgan talabnomaga binoan 2,4 million abonentiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan.

“MTS-Turkmaniston” bilan Turkmaniston hukumati o‘rtasidagi mojaroni Turkmaniston fuqarosi, hozirda muhojiratda yashayotgan huquq faoli Farid Tuxbatullin yaqindan kuzatgan.

Rasmiy ayblov


Uning aytishicha, “MTS-Turkmaniston” faoliyatini to‘xtatar ekan, hukumat kompaniyani bir qator qonunbuzarliklarda, jumladan daromadni soliqdan yashirganlikda ayblagan.

- Rasman “MTS-Turkmaniston” litsenziyasini o‘z vaqtida uzaytirmaganlikda, soliqlarni to‘la to‘lamaganlikda va boshqa bir qator qonunbuzarliklarda ayblangan, deydi Farid Tuxbatullin.

Uzunquloq gaplar


Xalq orasida esa, kompaniya bilan bog‘liq mojaroning boshqa sabablari aytilgan.

- “MTS” abonentlari davlatga qarashli provayder to‘sib qo‘ygan saytlarga ham kira olar edi. Chunki “MTS” orqali Internetga kirish imkoniyatlari keng edi. Bu holatni sabablardan biri sifatida aytishgan.

Ikkinchi sabab qilib, davlat amaldorlarining “MTS” ga kelayotgan daromadni o‘zaro talashib qolgani aytilgan, deydi Tuxbatullin.

Siyosiy bosim?


Masalaning yana bir jihati bor: “MTS-Turkmaniston” bilan mojaro Ashxobod bilan Moskva o‘rtasida gazga doir kelishmovchilik avjiga chiqqanidan ko‘p o‘tmay yuz bergan ediki, Farid Tuxbatullinning fikricha, Turkmaniston aloqa kompaniyasi bilan bog‘liq mojarodan

- Rossiyaga bosim o‘tkazish maqsadida foydalangan bo‘lishi mumkin.

“MTS-Turkmaniston” hanuz o‘chiq


“MTS-Turkmaniston” bilan bog‘liq mojaroni hal qilish uchun tarkibiga “Mobilnie TeleSistemi” kompaniyasi kiruvchi “Sistema” moliyaviy korporatsiyasi rahbari Vladimir Yevtushenkov 2012 yil, 2 may kuni prezident Berdimuhammedov bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan so‘ng u “MTS-Turkmaniston” o‘z faoliyatini tiklayajagini e‘lon qildi.
Lekin Farid Tuxbatullinga ko‘ra, kompaniya hanuz Turkmanistondagi faoliyatini qayta tiklaganicha yo‘q.

“MTS-Ukraina”ning iddaoyu firog‘i


“MTS-Ukraina” ham bu yil o‘zi ishlayotgan mamlakat hukumati bilan “iddao-firoq” qilib oldi.

O‘tgan oyda Ukraina monopoliyaga qarshi qo‘mitasi “Kiyevstar” va “MTS-Ukraina” kompaniyalaridan o‘z tariflarini pasaytirishni talab qilgan edi.

Bu talabga javoban “MTS-Ukraina” avvaliga o‘z faoliyatini to‘xtataman, deb tahdid qilib ko‘rdi.

Lekin “Ura-inform” saytining xabar qilishicha, “MTS-Ukraina” hukumat talabini bajarishga rozi bo‘lgan.

“MTS-O‘zbekiston” mojarosi ortida siyosiy sabalar ham bo‘lishi mumkin, lekin...

Farid Tuxbatullin “MTS-Turkmaniston” bilan hukumat o‘rtasidagi mojaro ortida siyosiy sabablar bo‘lishi mumkin, degan edi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayevdan “MTS-O‘zbekiston” bilan O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi mojaro ortida siyosiy sabablar bo‘lishi mumkinmi, deb so‘radik.

- Albatta, izlansa, siyosiy sabablarni ham topsa bo‘ladi. Masalan, bu mojarogacha, Toshkent KXShTdan chiqajagini e‘lon qilganini eslash mumkin. Lekin bu yerda boshqa bir muhim jihatga e‘tibor berish kerak. Bu mamlakatda shu paytgacha nafaqat Rossiyaga qarashli, balki G‘arb davlatlariga qarashli yirik ishxonalarga ham jiddiy bosim o‘tkazilgan, deydi Do‘sim Satpayev.

Uning fikricha, bunday bosimlar O‘zbekiston huquqiy makonining barqaror emasligidandir.

- Mamlakat rahbariyati olib borayotgan siyosatni prognoz qilish imkonsizdir. Bironta ham tadbirkor, bironta ham sarmoyador o‘zi O‘zbekistonda xotirjam faoliyat yurita olmaydi, dedi Do‘sim Satpayev.

Mojaro ortidagi muhtamal norasmiy sabablar


Satpayevning fikricha, “MTS-O‘zbekiston” bilan bog‘liq mojaro ortida boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.

- Bu sabab o‘ta jo‘n bo‘lishi mumkin. “MTS-O‘zbekiston”ni o‘yindan chiqarib, uning o‘rnini boshqa “o‘yinchi”ga - nafaqat rasmiy investitsiyalar, balki amaldorlar cho‘ntagiga tushadigan norasmiy “investitsiya”lar va‘da qilayotgan o‘yinchilarga bo‘shatib berayotgan bo‘lishlari mumkin, dedi qozog‘istonlik tahlilchi Do‘sim Satpayev.
XS
SM
MD
LG