Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:50

O‘zbek yigiti Krimskda 6 odamni qutqardi


Krimskda olti kishini qutqargani aytilayotgan yigitning surati.
Krimskda olti kishini qutqargani aytilayotgan yigitning surati.

Hozircha ismi sharifi noma‘lum bo‘lgan yigirma yoshlardagi o‘zbek yigiti 7 iyul kuni Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida ro‘y bergan suv toshqinida olti kishini qutqarib qoldi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda qahramon sifatida talqin qilinayotgan bu yigit haqidagi xabar dastlab 21 iyul kuni Pikabu.ru saytiga joylandi.

Mazkur saytning doimiy mushtariylaridan biri bo‘lgan Apack bu xabarda taxminan 20 yoshlardagi yigitning suratini ham e‘lon qilgan.

“Krimskda oddiy o‘zbek yigiti 6 kishini qutqardi, biroq bu haqda televideniyeda hech qachon ko‘rsatilmaydi” deya sarlavhalangan xabarning birinchi qismida yigit o‘zbekistonlik ishchi deb tanishtiriladi. Xabarning ikkinchi qismida esa u tojikistonlik ishchi sifatida keltiriladi.

Xabarda yozilishicha, yigit Krimskdagi qurilishlardan birida ko‘chada uxlayotgan payti katta tezlikda yaqinlashayotgan suv toshqinini ko‘rib qolgan va butun ko‘cha ahlini toshqindan ogohlantirgan.

“Tungi soat 3 da uyquda yotgan odamlarni uyg‘otish uchun bu yigit uyma-uy yugurib, deraza va tomlarga tosh otgan” va butun ko‘chani oyoqqa turg‘azgan.


Keyin yigit havo to‘ldirib shishirilgan matrasda olti kishini qutqargani yoziladi xabarda.

“Yettinchi odam, qari ayolni qutqarishga ulgirmadi... Derazaga panjara o‘rnatilgandi, eshik esa allaqachon suv bilan to‘lgandi. Ayol cho‘kayotgan paytda u qo‘lidan ushlab turgandi. U qochib ketmadi. Ayol uning qo‘lidan ushlagan holda cho‘kib ketdi” deb yozadi xabar muallifi.

Apackning yozishicha, u shaxsan bu yigit bilan uchrashgan va ushbu ko‘chada yashovchi odamlar bu voqeani tasdiqlagan.

7 iyul kuni tunda Krasnodar o‘lkasida sodir bo‘lgan toshqin oqibatida 170 nafardan ziyod odam halok bo‘ldi.

Xabarning voqea Krimskning qayerida, qaysi ko‘chasida sodir bo‘lgani yozilmagan.

Agar Ozodlik mushtariylari orasida bu yigitni taniydigan, u haqda biror ma‘lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, xabar qilishlarini so‘raymiz.
XS
SM
MD
LG