Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2023, Тошкент вақти: 21:55

Buxoroda pora bilan o‘qishga kiritganlar guruhi qamaldi


Buxoroda 35 kishidan iborat guruh abituriyentlarni o‘qishga kiritish evaziga pora olganlikda ayblanib¸ sud hukmi bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Yaqinda Buxoro viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 35 kishidan iborat jinoiy guruhning shov-shuvli ishi bo‘yicha appelyatsiya jarayonini yakunladi.

Jinoyat kursisiga o‘tqazilgan 35 kishi o‘tgan yilgi qabul mavsumida abituriyentlardan pora olganlikda aybdor deb topilgan va ularning barchasi uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Buxoro viloyat sudining o‘zini tanishtirmagan xodimi appelyatsiya mahkamasi Vobkent tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining dastlabki hukmini o‘z kuchida qoldirganini aytib, sudlanuvchilarning qamoq muddatlariga oydinlik kiritishni istamadi.

Vobkent tuman sudining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, 35 kishi o‘tgan yilgi qabul imtihonlaridan so‘ng qo‘lga olingan.

Mahkama payti ularga qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topganini aytgan sud xodimi¸ boshqa tafsilotlar uchun rasman murojaat qilishimiz shartligini ta‘kidladi.

“Inson va qonun” gazetasining joriy yil 17 iyuldagi sonida yozilishicha, mazkur guruh a‘zolari Buxoro Davlat Tibbiyot instituti va Buxoro Yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutiga o‘qishga kiritish va‘dasi bilan 79 nafar abituriyentdan 2000 dollardan 8000 dollargacha pora olgan.

Mazkur guruhga buxorolik Mirkomil Isaboyev va Elmurod Salomov boshchilik qilganini yozadi gazeta.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Buxoro Yuqori texnologiyalar muhandislik- texnika institutining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, guruh rahbarlaridan biri organ xodimi, ikkinchisi esa Buxoro oliygohlaridan birining o‘qituvchisi bo‘lgan.

Jinoiy guruh a‘zolari pora olgan abituriyentlarni o‘qishga kiritish maqsadini amalga oshirishni puxta rejalashtirgan.

“Inson va qonun” yozishicha, bu maqsadni amalga oshirish uchun jami 45,2 ming AQSh dollari sarflab, Wi-Fi radiosignalli antennalar, kompyuterlar va mobil telefonlar sotib olingan. Ular orqali test imtihonlari payti pora olingan abituriyentlar bilan aloqa o‘rnatilgan.

Buxoro viloyat sudining xodimiga ko‘ra, guruh a‘zolari ushbu texnika yordamidan bir necha yil mobaynida test imtihonlari payti foydalanib kelgan.

Jinoiy guruh qo‘lga olingach, ular pora bilan o‘qishga kiritgan talabalarning barchasi o‘qishdan haydalgan.

Buxoro Yuqori texnologiyalar muhandislik- texnika institutining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, mazkur institutdan 19 talaba ayni guruh yordamida o‘qishga kirgani aniqlanib, o‘qishdan haydalgan.

Joriy yilda ham mamlakatdagi ikkita oliygohning besh nafar domlasi poraxo‘rlikda gumonlanib, qo‘lga olindi.

10 iyul kuni Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutining Suv xo‘jaligi iqtisodiyotini boshqarish fakulteti dekani Nasriddin Shamsitdinov va o‘quv bo‘limi inspektori Farangiz Rizayeva oliygohga kiritib qo‘yish va‘dasi bilan 6000 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan payti ushlangani xabar qilindi.

Joriy oyning boshida Guliston Davlat universitetining ham ikki nafar o‘qituvchisi ham pora bilan ushlangan, yana bir o‘qituvchi pora olganlik aybi bilan ishdan bo‘shatilgan edi.

2 iyul kuni Toshkent Davlat Yuridik institutini 12 yil davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyev rektorlik lavozimidan bo‘shatildi.

Rustamboyevning ham ayni qabul jarayoni ketayotgan paytda ishdan ketishiga “institutda avj olgan korruptsiyaga aloqadorligi” sabab bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.
XS
SM
MD
LG