Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:56

Messi bilan o‘yin O‘zbekiston terma jamoasi uchun 2,5 mln. dollarga tushadi


Futbol bo‘yicha Argentina terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushish uchun 2,5 million, 2006 yilgi Jahon chempionati ishtirokchisi, Afrika qit‘asi vakili – Togo terma jamoasi bilan o‘ynash uchun 40 ming dollar “gonorar” puli to‘lash kerak.

Bu va boshqa terma jamoalarning “narxlari”ni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev o‘z Twitter sahifasida e‘lon qildi.

Unga ko‘ra, Janubiy Amerika vakillarini o‘rtoqlik uchrashuviga taklif qilish ancha qimmatga tushadi. Jumladan, Kolumbiya hamda 2010 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichi ishtirokchisi Chiliga 300 ming dollar to‘lash kerak bo‘lsa, Paragvay 250 ming, Peru 200 ming, Kosta-Rika esa 150 ming dollarga o‘zini baholagan.

Afrika qit‘asi vakillari esa nisbatan arzonroq narxga ham ko‘nishadi. Xususan, qit‘aning eng yetakchi terma jamoalari – Kamerun, Gana va Nigeriya bilan 150-200 ming dollar atrofidagi “gonorar” evaziga o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish mumkin. Gabon terma jamoasining narxi 120 ming bo‘lsa, 2006 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi Angola terma jamoasi 100 ming dollar miqdorida mukofot puli so‘raydi.

Sanjar Rizayev faqat ikkita qit‘a vakillarining “narxlari”ni e‘lon qilgan, Yevropa vakillaridan birorta misol keltirilmagan. O‘FF matbuot kotibining yozishicha, O‘zbekiston hali o‘ziga narx qo‘ymagan, biroq Janubiy Koreya terma jamoasi o‘zbekistonliklar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun 30 ming dollar “gonorar” to‘laganini ma‘lumot o‘rnida keltirgan.

So‘nggi bir necha yildan beri O‘zbekiston terma jamoasi jahonning kuchli terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ladi, biroq shu vaqtgacha bu so‘zlar amalda isbotlanmagan.

O‘FF terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov iyun oyida “Interfutbol” gazetasiga bergan intervyusida Peru, Chili, Argentina va Gonduras terma jamoalari bilan, “avgust yoki sentabr oyida Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish” bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma‘lum qilgandi. Biroq keyinroq e‘lon qilingan terma jamoa taqvimida o‘rtoqlik uchrashuvidagi raqiblar sifatida Iordaniya, Kuvayt va Iroq ko‘rsatildi.
XS
SM
MD
LG