Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:24

Blog: Londonda bor alamim manim!


O'zbekiston uchun yagona oltin medalni qo'lga kiritgan kurashchi Artur Taymazov.
O'zbekiston uchun yagona oltin medalni qo'lga kiritgan kurashchi Artur Taymazov.
O‘zi, ko‘pdan gazeta o‘qimay qo‘yganman. Jurnalistlarimizning badhazm madhiyalariga toqat qolmagan-da. Bugun nima bo‘ldi-yu, qo‘limga “Xalq so‘zi” gazetasi tushib qoldi. Yurtimizning London Olimpiadasidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqola e‘lon qilinibdi. Maqola ostiga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Zohir Toshxo‘jayev imzo chekkan.

Yashirib nima qildim, milliy termamizning Londondagi chiqishidan uncha ko‘nglim to‘lmadi. Yo, sizning ko‘nglingiz to‘ldimi? Komandamiz bundan a-ancha yaxshi natija ko‘rsatishi mumkin edi. Shuning uchunmi, Zohir Toshxo‘jayevning maqolasi negadir lo‘qillab turgan yaramga tuz sepgandek bo‘ldi.

Avvalo aytib qo‘yay, men ham shu yurtni sevadigan, yutuqlaridan suyunib, omadsizligidan kuyunadigan bir fuqaroman. Lekin yo‘q yerdan to‘polon ko‘tarib, hadeb “biz buyuk millatmiz” deya ko‘krakka urib kulgi bo‘lishimizni xohlamayman.

XXX Yozgi Olimpiada o'yinlarida O'zbekistondan jami 53 sportchi qatnashdi.
XXX Yozgi Olimpiada o'yinlarida O'zbekistondan jami 53 sportchi qatnashdi.
Jurnalist Toshxo‘jayev Olimpiadadagi yutuqlarimizni bo‘rttirish uchun boshqa mamlakatlar tahliliga zo‘r beribdi. O‘sha maqoladan bittagina ko‘chirma: “Aholisi 1 milliard 230 million bo‘lgan Hindistondan musobaqalarda 83 nafar sportchi ishtirok etdi va ulardan birortasi Olimpiya oltin medalini qo‘lga kirita olmadi...” Sportda qachondan Hindistonga qarab to‘n bichadigan bo‘lib qoldik? Qolaversa, birovning holiga kulgandan o‘z ahvolimizga boqqanimiz yaxshi emasmi?

Modomiki, gap aholi sonida ekan, devordarmiyon qo‘shnimiz – aholisi bizdan ikki baravar kam Qozog‘istonning 13 medal olgani, undan naq 7 tasi oltin ekanini nima deb izohlaymiz?

Dunyo ahli allaqachon sanoqdan chiqarib, “yakkamoxov” qilib qo‘ygan Shimoliy Koreya 4 ta oltinga ega chiqqanini qanday tushuntiramiz?

3 million aholi istiqomat qiladigan Yamayka 4 oltin, 4 kumush va 4 bronzani qo‘lga kiritib, Useyn Boltdek bizni changida qoldirib ketgani-chi?

Jami aholisi ro‘yxatga tirkalsa, Andijoncha chiqmaydigan do‘ppidekkina Trinidad va Tobago bilan bitta safda turganimiz-chi?

Bronza medali olgan o'zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiyev.
Bronza medali olgan o'zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiyev.
Olimpiada chempioni bo‘lgan ko‘p yurt vakillari intervyusini tomosha qildim. Bari “G‘alabamni oilamga, onamga, bolamga bag‘ishladim” deb camimiy javob berdi. Biznikilar bo‘lsa... Gazetalarimizga ishonsak, Artur ham, Rishod ham, Soslan ham, Abbos ham g‘alabasini “mustaqilligimizning 21 yilligiga bag‘ishladi” (bu sohadan uzoq bo‘lsam ham, o‘zbek jurnalistlari sportchilarning yetti uxlab tushiga kirmagan balandparvoz gaplarni ular nomidan to‘qib-bichishini eshitganman). Mustaqillik ne‘matini har joyga tiqishtiraverib, obro‘sizlantirib yuborganlaridan jurnalistlarning o‘zi xabardormikin?

Olimpiadachi yigit-qizlarimizga rahmat. Hartugul, qo‘ldan kelgancha harakat qilishdi. Ammo ko‘pkaridan o‘ljasiz qaytgan chavandoz kamchiliklarini taftish qilishi ham kerak. O‘zbek millati to‘rtta medalga qanoat qilib, do‘ppisini osmonga otadigan mayda millat emas! Shunday ekan, madhiyabozlik o‘rniga muvaffaqiyatsizlik sabablarini qidirish ma‘qulroq.

Hech kimga yon bermaydigan bokschilarimiz ilk janglardayoq mag‘lublik bayrog‘ini baland ko‘tarishdi...

Bayroqdorlik ishonib topshirilgan Elshod Rasulov eldan burun quyonning rasmini chizdi...

Sayyoramizning eng yaxshi eshkakchisi Vadim Menkov uch bora medaldan quruq qoldi...

Doping testidan o'tolmasdan London Olimpiadasidan haydalgan o'zbekistonlik yengil atletikachi Luiza Galiulina.
Doping testidan o'tolmasdan London Olimpiadasidan haydalgan o'zbekistonlik yengil atletikachi Luiza Galiulina.
Manguberdi va Temur nabiralarining qilichbozlik, merganlik va chavandozlik musobaqalarida nomi ham chiqmadi...

Kuragi yer iskamagan Alpomish avlodlarining yuzi shuvut bo‘lib birin-ketin gilamni tark etdi...

9 nafar atletimiz, 4 nafar g‘avvosimiz ham “Londonda bor alamim manim” deya haydalish kuyiga jo‘r bo‘lishdi...

Bari bosinqi tushga o‘xshaydi...

Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi?!

Pekin–2008da ham Artur Taymazov, Soslan Tigiyev, Rishod Sobirov nasibador bo‘lgandi. To‘rt yil o‘tib yana o‘sha manzara. Kam bo‘lmasin bu polvonlar! Lekin, nahot, shuncha vaqt davomida 30 million nufusli eldan ularga munosib sportchi yetishib chiqmadi?!

Abdulla Tangriyev va Luiza Galiulina doping mojarosi sababli o‘yindan chetlashtirilgani juda xunuk bo‘ldi. Menimcha, O‘zbekiston obro‘siga soya solgan bu voqeada Milliy olimpiya qo‘mitasining ham aybi bor. Qo‘mitaning vazifasi faqat sportchilarga aviachipta xarid qilishu, mehmonxonaga buyurtma berishdan iborat emasdir. Milliy olimpiya qo‘mitasining mas‘uliyati haqida yozishga tutindim-u, yana o‘ylanib qoldim: rasmiy saytida (http://www.olympic.uz) o‘zbek tiliga o‘rin bermagan tashkilotdan yana qanday milliy g‘urur talab qilish mumkin?

Muallif: Ko‘ngli to‘lmagan muxlis
XS
SM
MD
LG