Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:06

Tojikistonlik madhiyachi Putinga yangi qo‘shiq bag‘ishladi


Tolibjon Qurbonxonovning “Yubiley muborak, janob prezident” klipidan lavha.
Tolibjon Qurbonxonovning “Yubiley muborak, janob prezident” klipidan lavha.

Tojikistonlik qo‘shiqchi Tolibjon Qurbonxonov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bag‘ishlab navbatdagi “Yubiley muborak, janob prezident” deb nomlangan qo‘shig‘ini e‘lon qildi.

Asli Tojikistondan bo‘lishiga qaramasdan, aynan Runetda o‘zining madhiyalari bilan nom qozonib borayotgan Tolibjon Qurbonxonov sevimli shaxsi – Vladimir Putinning 60 yillik yubileyiga bag‘ishlab yana bir qo‘shiq hadya etdi.

Vladimir Putin hokimiyatiga qarshi 15 sentyabrda uyushtirilishi rejalashtirilayotgan Rossiya muxolifatining ommaviy norozilik chiqishi oldidan “Yubileyingiz muborak, janob prezident” qo‘shig‘i Putinga qarshi bo‘lganlarga “sovg‘a” o‘laroq taqdim etildi.

YOUTUBE portalida e‘lon qilingan qo‘shiqqa Tolibjon quyidagi “dil so‘zlarini” ilova qildi:

“7 oktyabrda oppozitsiya mitingga chaqirayapti, Tolibjon Qurbonxonov esa amaldagi Rossiya prezidenti Vladimir Putin yubileyini yangi qo‘shig‘i ostida butun mamlakat bo‘ylab nishonlashga chaqirmoqda! Bir ijrochining birdaniga uchta qo‘shig‘i bir kishiga bag‘ishlangani – bu yuksak rekord. Tug‘ilgan kuningiz muborak, janob prezident!” deb o‘zi ham qanday qilib bir kishiga uchta qo‘shiq bag‘ishlash mumkinligiga qoyil qoladi Tolibjon.



Qo‘shiq mazmuniga keladigan bo‘lsak, u sayozligi va badiyatdan holiligi bilan oldingilaridan unchalik farq qilmaydi.

"07.10.52 yil//Buyuk shahar Leningrad,//Oddiy ona Mariya Vladimirni tug‘di,//
Uning hatto tushiga kirmabdi... U bu olamdagi barcha cho‘qqilarni zabt etdi,//oilasi,//Rossiya uchun javobgardir,//Axir u tarixning bir qismidir!" kabi so‘zlar yig‘indisi yangi qo‘shiqning misra-qatorlarini tashkil qiladi

O‘z klipida endilikda Sankt-Peterburgning ko‘chalariyu inshootlari oldida qora ko‘zoynak taqib, "kumir"ining 60 ga to‘layotganidan sevinib, xirom aylayotgan Tolibjonov prezidentni hurmat qilish kerakligini bunday tushuntiradi:

"Davlat rahbariga hurmat – bu Ona Rossiyaga ko‘rsatilgan hurmatdir! Uni mendek hurmat qiling! Uni hurmat qil Rossiya!" deya barchani Putinni hurmat qilishga chorlaydi madh ustasi.

O‘z qo‘shiqlarida Putinni jon-jahdi bilan uchinchi marotaba ko‘klarga ko‘tarayotgan Tolibjon Qurbonxonov hozirga qadar Rossiya prezidenti apparati tomonidan biror gilam yoki boshqa oddiyroq sovg‘a bilan ham taqdirlanmagan, lekin u to‘rt-besh karra “Putin madhiyachisi” unvoniga sazovor bo‘lish fikridan voz kechishni xayoliga ham keltirayotgani yo‘q.

Tojikistonlik menestrel Tolibjonninng “VVP” deb nomlangan birinchi qo‘shig‘i Rossiyada munozaralarga sabab bo‘lganiga qaramasdan, YouTube portalida bir oyda 1,5 million odam tomonidan mazza qilib tomosha qilingan edi. Internetni “portlatib” yuborgan ikkinchi madhiya esa “Xudoyim, Vladimir uchun o‘zingga shukr!” deb nomlangan edi.

Kuzatuvchilar Qurbonxonovning navbatdagi qo‘shig‘i Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pastlab ketgan reytingiga reyting qo‘shib borayotganini ta‘kidlamoqdalar. Putinning ayrim tarafdorlari esa hatto ochiqchasiga tojikistonlik qo‘shiqchiga Rossiya prezidentiga muxolif bo‘lgan kuchlar homiylik qilayotganini iddao qilmoqda.

Aytish joizki, bu Vladimir Putinga bag‘ishlangan yagona qo‘shiq emas: YouTube portalida Qurbonxonovning qo‘shiqlariga qator javoblar ham paydo bo‘ldi.

Xususan, Moskvada harbiy desantchilar tomonidan tuzilgan musiqa guruhi Qurbonxonovdan boshqacharoq qarashga ega ekanini bildirishdi. Ular o‘z fikrini erkin bildirgan rossiyaliklarni “maymun-odamlarga” o‘xshatgan Vladimir Putinga boshqa qo‘shiq bag‘ishladilar: “Sen oddiy amaldor,//Na podshoh va na Xudosan,//Sen uchun odam - esi pas “banderlog”.//Sen menga o‘xshagan oddiy odamsan,//Men senga o‘xshagan oddiy odam – lox emasman”.
XS
SM
MD
LG