Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:49

Gulnora Karimova talabalarga bepul Wi-Fi ochib berdi


Shahar ko‘rgan ilg‘or yoshlar yo‘lboshchisi sifatida Gulnora Karimova talabalar orasiga yuqori texnologiyalarni olib kirmoqda.
Shahar ko‘rgan ilg‘or yoshlar yo‘lboshchisi sifatida Gulnora Karimova talabalar orasiga yuqori texnologiyalarni olib kirmoqda.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova o‘z sahovatini yana bir karra namoyish qilib, viloyatlardagi 69 ta oliy o‘quv yurtlarida bepul Wi-Fi zonalari tashkil qildi. Talabalar paxta terayotgani bois bepul Internet signali qanday ishlashi sinab ko‘rilganicha yo‘q.

Talabalar uchun bepul Wi-Fi


Shu kunlarda talabalar paxtaga ketib, bo‘m-bo‘sh qolgan oliygoh auditoriyalari bepul Wi-Fi hududlariga aylantirildi.

Gulnora Karimova rahbarligidagi “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi – Fond Forum bir emas, ikki emas, butun mamlakat bo‘ylab qariyb 70 ta oliygoh hududida bepul Wi-Fi zonalari tashkil qilgani aytilmoqda.

Loyiha Fond Forum qanoti ostidagi “Kelajak ovozi”, “Yoshlar tashabbuskorlari” markazlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Fond Forumning rasmiy saytida yozilishicha, loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi ham ko‘maklashmoqda.

Loyiha taqdimoti 5-7 sentyabr kunlari o‘tkazildi.

Buxoro Davlat universiteti esa 3 sentyabrdanoq bepul Wi-Fi dan bahramand bo‘ldi.

- “Kelajak ovozi” ochilish marosimi qilib, bizlarda Wi-Fi zona yaratdi. 3 sentyabrdan ishga tushdi. Universitet hududida barcha joyda foydalanish mumkin. Noutbukda ham, qo‘l telefonda ham foydalanish mumkin. Hammasida ishlayapti,- deydi universitetning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Oliygoh talabalarining barchasi paxta terimida bo‘lgani uchun universitetda hali bepul Wi-Fi dan foydalanish tartibi ishlab chiqilmagan.

- Talabalarimiz hammasi paxtada-ku. Hozircha qay tartibda bo‘lishi haqida biror narsa deya olmayman. Talabalar paxtadan qaytguncha barchasi taxt bo‘ladi,- dedi universitet xodimi.

Andijon Davlat universiteti xodimlari esa talabalar paxtada bo‘lishiga qaramay Wi-Fi dan foydalanish tartibini allaqachon tayyor qilgan.

- Bizda tartib shunday bo‘layaptiki, talabalar, asosan, tashqaridagi salqin joylarda o‘tiradi. Shu talabalar o‘tiradigan joylarga yetadigan qilib o‘rnatdik shu narsani hozir. Buni dars payti yoqmaymiz. Balki tanaffus payti va darsdan keyin yoqib qo‘yamiz. Darsga halaqit qilmasligi uchun,- dedi Andijon dorilfununing ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

Hukumatga yoqmaydigan saytlar blok qilinadi


Suhbatdoshimizning aytishicha, bepul Wi-Fi dan foydalanuvchi talabalar uchun ma‘lum cheklovlar ham joriy qilingan, hukumat xush ko‘rmaydigan ayrim saytlar universitet hududida to‘sib qo‘yiladi.

- Iloji boricha saytlarni, ya‘ni kirib bo‘lmaydigan saytlarni chegaralab qo‘yamiz. O‘zining kodlari bor. Shu kodlarni qo‘yamiz. Asosan, shu talabalar foydalanadigan, masalan, "ziyonet" singari bilim olishga, iloji boricha ko‘proq ma‘lumot olishga ega bo‘ladigan saytlar bor. Shu saytlarni ochib, qolganini blokirovka qilib qo‘ymoqchimiz,- dedi Andijon Davlat universiteti xodimi.

Fond Forum saytidagi xabarga ko‘ra, bepul Wi-Fi loyihasi Toshkent shahridan tashqari, viloyatlardagi barcha oliygohlar hududlarida tashkil qilingan.

27-29 avgut kunlari Gulnora Karimova Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlariga qilgan tashrifi chog‘idayoq bu loyiha ish boshlagan.

Fond Forum yozishicha, dastlab Gulnora Karimova o‘zi borgan uchta viloyatda ham bepul Wi-Fi hududlarini ochib kelgan.

Mazkur loyihaga joriy yilda o‘tkazilgan “Biz bir jamoamiz” aktsiyasidan so‘ng asos solingani aytilmoqda.

Fond Forum saytidagi maqoladan ma‘lum bo‘lishicha, mazkur loyiha Gulnora Karimova rahnomaligidagi tashkilotlar haqida yoshlarga ko‘proq ma‘lumot berish maqsadida yo‘lga qo‘yilayapti.

"Joriy yilning bahorida viloyatlarga bo‘lgan tashriflarimiz chog‘ida Fond Forum faoliyatiga oid ma‘lumotlar ko‘pligiga qaramasdan, yetarli ma‘lumotga ega bo‘lmagan, biroq tashkilotning loyihalarida ishtirok etishni xohlaydigan yoshlar borligi qayd qilindi. Bundan tashqari internetdan foydalanish, ayniqsa, poytaxt bilan qiyoslaganda, viloyat yoshlari uchun hanuz dolzarb masaladir”, deyiladi Fond Forum saytidagi maqolada.
XS
SM
MD
LG