Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:01

Blog: "Kepqoling, opqoling!"


O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi oldida odatda hech kimni ko‘rmaysiz... Lekin elchixonadan sal nariroqda joylashgan O‘zbekiston konsulligi darvozasi oldida doim tumonat odam.

Bu yerda odam shu qadar kupki mayda-chuyda biznes qilishga ham imkon topiladi. Kimdir qaynoqqina somsa sotgan, boshqasi sevimli o‘zbek xonandalarining - sifatsizroq va qalbakiroq bo‘lsa ham - disklarini ko‘z-ko‘z qilgan, uchinchisi kun bo‘yi turib toliqqan FUQAROLARGA issiq choy uzatgan... Bozor! Naqd o‘zimizning Qo‘yliq bozori!

“Akalar-opalar! Bir so‘mdan yordam qivoringlar! Ko‘chada qolib ketdim...” Oq sport kiyimidagi xorazm shevasida gapirayotgan bu yigit konsullik oldidagi “bozor”da tilanchilikni kasb qilib olgan, ko‘rinadi.



Devorga yopishtirilgan “Qarisi bor uyda - parisi bor!”, degan yozuvi bor plakat tagidan bir necha kishi bahslashyapti.

Qo‘lida ikkita telefoni bor bir yigitcha “Moskva-Toshkent-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha barcha qulayliklarga ega Mersedes avtobuslarida uygacha sayohat qilishga taklif qilib turibdi. “Qachon jo‘naydi avtobusingiz?” degan savolga u kulib “Aka, har kuni to‘lib ketyaptiku. Borishga ulgurmasdan olib ketishadi!”, deb javob beradi.

Yana bir necha kishi hujjatlarning istagan turidan: qayd qilish, ishga ruxsatnoma, “medknijka”, patent, pasportga muhr kabi qog‘ozlarni tayyorlab berishadi. Zarurat tug‘ilsa mahalliy “ustalar” hatto pasportlarni ham tayyorlab berishi mumkin. Albatta, qalbaki...

Kerak bo‘lsa, navbatga ham turmasdan konsullik ichkarisida barcha masalalarni hal etib beradigan odamlar ham topiladi.

Goh-goh darvoza ortida dag‘al ovozda kimdir “Qayoqqa ketvonsanla, molga o‘xshab?! Bir safga tizilib tur, bo‘lmasam o‘tmaysan birortang!”, deya baqirib qoladi.

Darvoza ochilishi bilan odamlar ichkariga yopiriladi. Barzangi yigitlarning kuchi yetmasdan turtib-surib yana eshikni yopib oladi.

Ichkaridan baxtli lotereya egalari chiqib keladi! Yuzlarida tabassum: “Xudoga shukur! Oldim!”.

Yana birov jahli chiqib, darvoza tomon so‘kinib qoladi... Ishqilib, juda tomoshabop joy-da, o‘ziyam...

“Kserokopiya kerakmi? Qog‘oz kerakmi? Arzongina uy-joy qilib beraymi? Taksi xohlaysizmi?”... O‘zbekiston elchixonasi narirog‘idagi konsullik oldida biznes qaynab yotibdi.

Bir akaxon kelib, “Nima hojatingiz bor, birodar?”, deb so‘rab qoldi. Ya‘ni u har qanday hojatimni chiqarishi mumkin!

Yashavor, o‘zbek! Kam bo‘lma!
XS
SM
MD
LG