Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:25

Farg‘onada imomlar ham paxtaga chiqarildi


Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida paxta terayotgan imomlardan biri "Yil imom - 2012" tanlovining g‘oliblaridan biri bo‘lib chiqdi.

Bag‘dodlik ahli-ilmlar shu kunlarda yig‘im-terimga safarbar qilingan yurtdoshlari safida beliga etak bog‘lab, paxta terishni "ko‘pchilikka kelgan to‘y", deb izolashdi.

Tumandagi “Zayd ibn Sobit” jome masjidiga bog‘langanimizda telefon go‘shagini ko‘targan qorovul masjid ahli paxtada ekanini aytdi.

- Bu yil paxta qattiq ketyaptiku opa, shunga masjiddagilar ham paxtaga chiqarilgan. Imom-xatibimiz ham paxtada, - dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda masjid imomlaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, imomlar navbati bilan masjidda va paxta dalasida xizmat qilmoqdalar.

“Zayd ibn Sobit” jome masjidi nafaqat tumanda, balki viloyatda ham tanilgan masjidlardan biri. Buning sababi uning hofizi Qur‘on bo‘lgan 31 yoshli imom-xatibi Sohibjon domla Axmedovning iste‘dodidir.

Bu imom "Yil imomi - 2012" tanlovida uchinchi o‘rinni qozongan.

Jome masjidi xodimlari va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ko‘magida imom-xatib Sohibjon Ahmedovning o‘zini ham paxta dalasidan topishga erishdik.

Ammo, avji terim vaqtida telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bergan Sohibjon Ahmedov o‘z rahbarilari bilan maslahatlashuvdan so‘ng Ozodlikka intervyu bera olmasligini aytib, uzr so‘radi.

Ammo, o‘zaro suhbatlardan oydinlashishicha, el-xalqni paxta terimiga safarbar qilishda imomlar ham jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Ya‘ni, masjidda qolib, oz sonli namozxonlarga imomlikka o‘tayotgan ahli ilmlar Qur‘oni hadis, shuningdek, yurtboshining so‘zlaridan iqtiboslar keltirib, dehqonchilikni isrof qilmasdan yig‘ib olish haqida ma‘ruzalar o‘qimoqdalar.

Aynan shu mazmundagi ma‘ruzalarni o‘qish nafaqat Bag‘dod tumani yoki Farg‘ona viloyati, balki respublikaning boshqa viloyatlaridagi masjidlar imomlariga ham topshirilgani aytilmoqda.

Bu ma‘ruzaga namuna o‘laroq qabul qilinishi mumkin bo‘lgan matn esa shu kunlarda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining rasmiy veb saytiga ham joylashtirilgan.

"14.09.2012 y. Dehqonchilik - rizqu ro‘zimiz", deya sarlovhalangan va 13 sentyabr kuni chop etilgan bu maqolada, jumladan, shunday deyiladi:

"Vatanimizdagi dehqon, bog‘bonlarimiz yil davomida qilgan barcha mehnatlarining samarasini ko‘radigan, hosilni ko‘taradigan kunlarga ham yetib keldik... Bu ham Alloh taolo bizlarga ko‘plab yaxshiliklarini ato etishni alomatidir. Buning naqadar haqiqat ekanligini quyidagi oyati karimadan ham bilib olishimiz mumking. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: ya‘ni: U) Yerni odamlar uchun (tekislab) qo‘ydi.Unda (turli) meva va g‘unchalarga ega xurmo daraxtlari bor. Yana (unda) somonli donlar va rayhon (va boshqa gullar) bor. Bas, (ey, insonlar va jinlar!) Rabbingizning qaysi ne‘matlarini inkor etasiz?! (Ar-Rahmon surasi, 10, 11, 12, 13 suralar)".

So‘ngra maqola muallifi yoki mualliflari bevosita jamoatga murojaat qiladi:

"Muhtaram jamoat! Ma‘lumki, Respublikamiz aholisining ko‘pchilik qismi qishloqlarda yashaydi... Ularning sharofatli mehnatlari bilan yetishtirilgan paxta, pilla, don mahsulotlarining sifati va miqdori darajalari tobora ortib bormoqda. Mustaqillik sharofati bilan qishloqlarimiz qiyofasi tobora o‘zgarib, go‘zallashib bormoqda, yer o‘zining haqiqiy egalarini topmoqda, fermer xo‘jaliklari tadbirkor va ishbilarmonlar safi tobora kengayib va mustahkamlanib bormoqda.

Albatta, bu borada ijobiy natijalarga erishish uchun, barchalarimiz o‘zaro hamjihatlik, inoqlik va do‘st-birodorlik rishtalarini mustahkamlagan holda, bir-birlarimizga namuna bo‘lib, qishloq taraqqiyoti va farovonligi borasidagi bu muhim amalni amalga oshirish borasida bir yoqadan bosh chiqargan holda dadil qadam tashlamog‘imiz lozim".

So‘nggi murojaatlaridan biri esa, aftidan, imomlarga qaratilgan:

"O‘zbekiston musulmonlari idorasi qishloqlarimizni obod qilishda imom-xatiblarimizni, xususan, qishloq hududidagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan barcha imom-xatiblarimiz o‘zining moddiy va ma‘naviy yordamini beradi deb ishonamiz!"

Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan farg‘onalik namozxonlardan biri imomlardan biri turli masjidlardagi imomlarga namuna o‘laroq tarqatiladigan ma‘ruzalar mazmuni qayrib shunday bo‘lishini aytadi.

- Qaysi masjidga borsangiz, ma‘ruzada albatta "mustaqilligimiz sharofati bilan", "yurtboshimiz xizmatlari bilan", degan gap kamida 3-4 marta aytiladi. Hozir imomlar paxtani isrof qilmay terish haqida gapirishyapti. Ertaga qishda sovuq tushib, chiroq o‘chsa, sabr qilish haqida gapiradi. Shunaqada ishqilib, - deydi farg‘onalik namozxon suhbatdosh.

O‘zbekiston musulmonlar idorasidan olingan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir respublikada davlat ro‘yxatidan o‘tib ishlayotgan 2050 taga yaqin masjid bor.

Eng ko‘p masjid Samarqand viloyatida – 290, keyin Toshkent viloyatida – 230 ga yaqin.

Farg‘ona esa masjidlar soni bo‘yicha respublikada uchinchi o‘rinda turadi – jami 200 ga yaqin.

Hozircha respublikaning boshqa viloyatlaridagi masjidlar ahli paxta terimiga chiqarilgani haqida Ozodlik tahririyatiga aniq ma‘lumotlar yo‘q.
XS
SM
MD
LG