Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

Sulton Sulaymon o‘zbek malikasi huzurida mehmonda


Rasm Sayyod.com saytidan olindi.
Rasm Sayyod.com saytidan olindi.
Toshkentdagi Art Week Style.uz-2012 san‘at haftaligi doirasida o‘tkazilgan shohona kechada "Muhtasham yuz yil" turk serialida Sulton Sulaymon obrazini yaratgan aktyor Xolid Ergench bosh mehmon bo‘ldi.

8 oktyabr oqshomida Toshkentdagi muhtasham “Ichonqal‘a” mehmonxonasida turkiyalik kino yulduzi ishtirokida o‘tgan yopiq tadbirda Gulnora Karimovaning Guli brendi kollektsiyalari namoyish etildi.

San‘at haftaligi tashabbuskori "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovadir.

Guli atirining qiyofasi


Xolid Ergench Toshkentga Gulnora Karimovaning shunchaki mehmoni sifatida kelmagan. Internetdagi Sayyod.com nashrining yozishicha, taniqli turkiyalik aktyor endi Gulining “GULI VICTORIOUS” erkaklar atrini reklama qiladi.

Xolid Ergench Guli ning “GULI VICTORIOUS” erkaklar atirini reklama qiladi.
Xolid Ergench Guli ning “GULI VICTORIOUS” erkaklar atirini reklama qiladi.
"Muhtasham yuz yil" serialini suratga olayotgan Turkiyadagi TIMS production sutdiyasi vakili Go‘zde Yilmaz buni tasdiqladi.

- Hozir Xolidbey O‘zbekistonda, u yerda atir reklamasi bo‘yicha maxsus proyekt bo‘yicha suratga tushyapti,- dedi Go‘zde Yilmaz.

“Ichonqal‘a” mehmonxonasida o‘tgan tadbirda Xolid Ergench “GULI VICTORIOUS” erkaklar atrining qiyofasi sifatida tanlanganligi e‘lon qilingan va ekranda uning reklamasi namoyish etilgan.

Turkiyalik aktyorning O‘zbekistonda prezident qizi huzurida mehmon bo‘lishi va uning atir-upalarini reklama qilishi mamlakatdagi yirik uyali telefon shirkatining egasi bo‘lgan TeliaSonera prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytilgan shaxsga millionlab dollar to‘lagani bilan bog‘liq janjal kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yili O‘zbekistonda turkiyalik yirik tadbirkorlarning hibsga olinib, mol-mulki tortib qo‘yilgani turk jamoatchiligi noroziligiga sabab bo‘lgan.

- Bu hodisalardan bizning xabarimiz yo‘q,- dedi Turkiyadagi TIMS production sutdiyasi vakili Go‘zde Yilmaz.

42 yoshli Xolid Ergench "Nyu York", "Ko‘lanka" va "Meni sevadi" myuzikllarida ishtirok etgan.

U 2006 yilda "Ming bir kecha" filmidagi O‘nur roli uchun "Oltin kapalak" mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Turkiyadagi "O‘zbeklar birligi" nomli tashkilot rahbari Adem Chevik buyuk Sulton obrazini yaratgan san‘atchining diktator qizi ko‘nglini olayotgani ham tarixga, ham san‘atga haqorat ekanini aytadi.

- Bu ham tarixga ham, Qonuniyga (Sulton Sulaymonga-tahr.) haqorat, hamda san‘atga nisbatan haqoratdir. Bir diktatorning oyog‘iga yiqilib uning istaklarini bajarish bu sharmandalik. Biz buni Turkiyada qoralaymiz va aktyorimizdan o‘zbek xalqidan kechirim so‘rashni, prezident qizidan olgan pullarni o‘zbek xalqiga, o‘zbek qochqinlari va rejimdan aziyat ko‘rgan insonlarga qaytarib berishni talab qilamiz,- dedi Adem Chevik.

Bundan avvalgi Art Week Style.Uz haftaliklarida Sting, Eros Ramazotti, Xose Karreras, Monserrat Kabalye singari yulduzlar ishtirok etishgan va ular ham xalqaro tanqidlarga qolishgan edi.

Britaniyalik rok qo‘shiqchi Sting Gulnora Karimovaning tadbirida ishtirok etgani uchun "ikkiyuzlamachi" deya qoralangandi.
XS
SM
MD
LG