Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:41

"Shahrisabzlik marhum terimchining uyiga fotihaga bordim"


6 oktyabr kuni kaltaklab o‘ldirilgan shahrisabzlik terimchi Navro‘z Islomovning uyiga fotihaga borgan Ozodlik tinglovchisi "Erkin mikrofon"ga bog‘landi.

Ozodlikning "Erkin mikrofon"iga bog‘langan va ismini sir tutishimizni so‘ragan shahrisabzlik tinglovchi 10 oktyabr kuni marhum tumandoshi Navro‘z Islomovning uyiga fotihaga borganini aytdi.

Bu tinglovchining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda 18 yoshga to‘lib, 19 yoshga kirgan marhum Navro‘z Islomovning oilasi qotillikni sodir etgan jinoyatchilarning jazolanishini talab qilish harakatida.

- 19 yoshida ekan Navro‘z Islomov. Otasi sartarosh bo‘lib ishlar ekan. Mening kichik o‘g‘lim tanir ekan bu bolani. "Otasiga yordamchi edi, sartaroshlik qilardi", dedi. Men so‘rab-surishtirib, marhumning Taraxlidagi uyiga fotihaga bordim. Otasi, bobosi bilan suhbatlashdim, onasi bilan suhbatlashmadim. Otasining aytishicha, voqea Muborak tumanida bo‘lgan ekan. Buning qanaqa qilib bo‘lganini endi surishtiramiz, dedi dadasi. Mening tushunishimcha, bunda Shahrisabz tumani ichki ishlarining hech aloqasi yo‘q, deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan shahrisabzlik tinglovchi.

Quyida tinglovchi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:22 0:00
Бевосита линк


"Erkin mikrofon"ga bog‘langan tinglovchi tilga olgan ma‘lumotlarni Ozodlik hozircha boshqa manbalardan tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ammo, shahrisabzlik terimchi Navro‘z Islomovning kaltaklab o‘ldirilgani haqidagi dastlabki xabar 8 oktyabr kuni Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan edi.

Norasmiy manba: "Navro‘z Islomov militsionerlar kaltagidan o‘lgan"


Shahrisabzlik terimchi Navro‘z Islomovning kaltaklab o‘ldirilgani haqida Ozodlikka 8 oktyabr kuni shaxsi sir qolishi sharti bilan xabar qilgan edi.

Manbaning iddaosiga ko‘ra, 1994 yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan Navro‘z ismli yigit tuman militsionerlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan.

Ozodlikning Shahrisabz tumani mutasaddilari hamda tegishli davlat tashkilotlari bilan muloqotlari natijasida bu xabar qisman tasdig‘ini topgan edi.

Ya‘ni, rasmiy tashkilotlar – Shahrisabz tuman hokimligi va tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 18 yoshli terimchi kaltaklangan va 6 oktyabr kuni vafot etgan.

Shahrisabz tumani markaziy shifoxonasida ishlaydigan manbaning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, hasharchi yigit o‘sha kuni tongga yaqin og‘ir ahvolda shifoxonaga keltirilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Shahrisabz tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi marhum yigitning dafn marosimi 7 oktyabr kuni bo‘lganini tasdiqladi va unda hokimiyat rasmiylari ham ishtirok etganini aytdi.

Hokimiyat: "18 yoshli terimchi kaltaklanish oqibatida o‘lgani aniq emas"


Shahrisabz tumani hokimligining shaxsi sir qolishini istagan rasmiysi Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda shuni ta‘kidlagan edi.

Uning aytishicha, 6 oktyabr kuni olamdan o‘tgan 18 yoshli terimchining kaltaklangani aniq.

Ammo unga ko‘ra, Navro‘z Islomovning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza xulosalari tuman hokimligi rasmiylariga ma‘lum emas va jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ham ma‘lumot yo‘q.

Ammo, hokimlik mulozimi terimchining kaltaklanishiga guvoh bo‘lgan shaxslardan ko‘rsatma yig‘ish jarayoni borayotgani va bu jarayonga 24 kishi tortilgani, ular orasida Ichki ishlar xodimlari ham borligi, ayrim guvohlar hibsda saqlanayotganini aytdi.

Rasmiyning aytishicha, hibsda saqlanayotgan guvohlar ichida ichki ishlar xodimlari ham bor.

Ammo, Shahrisabz tumani va Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Navro‘z Islomovnin o‘lganini bilvosita tasdiqlagan ikki xodimi yigitning militsionerlar tomonidan kaltaklab o‘ldirilganini qat‘iyan rad etgan edi.


Bu bu yilgi paxta terimining birinchi qurboni emas


Shahrisabz tumanidagi hodisa bu yilgi paxta terimi mavsumida terimchilarning vafot etganiga oid Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan ilk hodisa emas.

Bunga qadar 30 sentyabr kuni Jizzax shahridagi San‘at kollejining 2-kursida tahsil olayotgan 18 yashar Aziz Baxtiyorov paxta terayotgan paytda kutilmagan yurak xurujidan dalada vafot etgani xabar qilingan edi.

17 sentyabr kuni esa Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida toshkentlik hasharchi-terimchi 55 yoshli Igor Yachkevskiy olamdan o‘tgani, uning ham yurak xurujidan vafot etgani aytilgan edi.

Bu yilgi paxta terimiga maktab o‘quvchilarining chiqarilishini taqiqlagan O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari hamda oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ommaviy ravishda paxataga safarbar qilgan.

Paxta terimi mavsumini kuzatayotgan ba‘zi o‘zbekistonliklar hamda huquq faollari berayotgan xabarlarga ko‘ra, ba‘zi hududlarda rasmiylar xasta talabalar hamda ishchi-xizmatchilar ham paxta yig‘im-terimiga majburan safarbar qilgan.
XS
SM
MD
LG