Линклар

Шошилинч хабар
11 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:50

Peterburg hokimiyati mojaroga aloqadorlikni rad etdi


Mehnat muhojiri qo‘llanmasidan surat.
Mehnat muhojiri qo‘llanmasidan surat.
Sankt-Peterburg hokimligi shahar aholisi tolerantligini oshirishga qaratilgan broshyuralarda migrantlarning shpatel, bo‘yoq cho‘tkasi, supurgi va valik qiyofasida tasvirlanishiga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Sankt-Peterburg hokimiyati Rossiya blogosferasida jiddiy norozilikka sabab bo‘layotgan mehnat muhojirlari uchun ma‘lumotnomaning e‘lon qilinishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini iddao qilib, rasmiy bayonot berdi.

Shahar ma‘muriyati bayonotida mehnat muhojirlari mehnat qurollari qiyofasida tasvirlangan broshyura "Markaziy Osiyoga Daniya cherkov yordami” loyihasi asosida tayyorlangani aytildi.

Shu yilning avgust oyida Peterburg hokimiyatining Tashqi aloqalar qo‘mitasi portalidagi “Tolerantlik” shahar loyihasi sahifasida mehnat muhojirlariga mo‘ljallangan “Mehnat muhojiri ma‘lumotnomasi” nomli broshyura chop etilgan edi.

Unda shaharga kelgan mehnat muhojirlari supurgi, valik, shpatel va bo‘yoq cho‘tkasi qiyofasida, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgan shaharliklar esa oddiy odamlar qiyofasida tasvirlangan.

Millatlaro munosabatni yaxshilash loyihasi teskari natija berdi


Broshyura mualliflariga ko‘ra, rus, o‘zbek, tojik va qirg‘iz tillarida chop etilgan “Mehnat muhojiri ma‘lumotnomasi” aslida Peterburgda yashayotgan migrantlarni “odob-ahloq qoidalariga o‘rgatish uchun ishlab chiqilgan”ini aytmoqda.

Millatlararo munosabatlarni yaxshilashga mo‘ljallangan bu loyiha teskari natija berganidan taajublangan ma‘lumotnoma muallifi Gleb Panfilov “Exo Moskvi” radiosi efirida kitobcha avvaliga migrantlarga ko‘rsatilgani va ular tomonidan to‘liq ma‘qullanganini aytdi.

Mehnat muhojiri qo‘llanmasidan surat.
Mehnat muhojiri qo‘llanmasidan surat.
- Biz bu mehnat qurollari yordamida matnimizni tiriltirishga harakat qildik, lekin ularni mehnat muhojirlariga tenglashtirganimiz yo‘q. Qiziqroq bo‘lsin, dedik. Variantlar ko‘p edi, turli millat migrantlariga bu variantlarni ko‘rsatgan edik. Ularda bu qurilish asboblari hech qanday salbiy hissiyotni tug‘dirmagani bois shuni tanladik, deydi “qiziqarli” broshyura yaratuvchisi Gleb Panfilov.

Bu broshyuraning birovni tahqirlovchi maqsadga ega emasligini gapirayotgan Panfilov ma‘lumotnoma shu yilning avgust oyidan buyon tarqatilayotgani va allaqachon uning 10 ming nusxasi migrantlar qo‘liga yetib borganini aytdi.

Broshyura himoyachilari Tojikistonning Peterburgdagi “Tadjikvneshtrud” vakolatxonasi bu loyihani qo‘llab-quvvatlagani va hatto, o‘z ishchilari orasida uni tarqatganini aytmoqda.

Huquq faollari mehnat muhojirlari tahqirlangan, deb hisoblamoqda


Rossiyadagi huquq himoyachilari kitobcha paydo bo‘lishidan hech qancha o‘tmay unga o‘z salbiy munosabatini bildira boshladilar.

Jumladan, huquq himoyachisi Lev Ponomaryov migrantlarni bu tarzda tasvirlashni tahqirlash, Moskva Helsinki guruhi rahbari Lyudmila Alekseyeva esa bu rasmlar insonni ranjituvchi, deb baholadilar.

“Mehnat muhojiri ma‘lumotnomasi”ning shimoliy poytaxtda tarqatilayotganiga mahalliy milliy diaspora vakillari ham norozilik bildirmoqda.

Sankt Peterburgdagi “Umid” O‘zbeklar jamiyati prezidenti Alijon Haydarov bu loyiha tashabbuskorlari ustidan prokuraturaga murojaat qilishlarini aytdi.

- Nega unda militsiya xodimlarini ola tayoqcha shaklida, tibbiyot xodimini shprits shaklida va hokazo tasvirlashmadi?! Buning hammasi karikatura. Odamlarni qurilish instrumenti sifatida, melisa, FMS xodimi, do‘xtirlar – odam shaklida.

Shuning uchun biz juda g‘azablandik. Tojiklar, qirg‘izlar bilan birgalikda uchrashamiz bugun erta va qayerga murojaat qilishni muhokama qilamiz – prokuraturagami yoki boshqa joygami. Ular broshyurani hech kimga ko‘rsatmasdan chop etgan. Hozir hamma bizga qo‘ng‘iroq qilib “Nima uchun bizlarni bunday tasvirlashdi?”, deb xafa bo‘lishyapti, deydi Ozodlik Radiosiga “Umid” O‘zbeklar jamiyati raisi Alijon Haydarov.

Mojarolarga sabab broshyura bilan prokuratura ham qiziqmoqda


Hozirda migrantlarga mo‘ljallangan bu ma‘lumotnomaning chop etilishiga aloqador shaxslar bilan Sankt-Peterburg shahar prokuraturasi ham qiziqayotgani xabar qilindi.

Jumladan, Ozodlik Radiosining Peterburgdagi muxbiri kitobchani chop etgan “Kelajakka nigoh” tashkiloti ofisida tekshiruv ketayotganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG